O‘zingizdan iz qoldiring!
Ezgulik so‘qmoqlarida o‘zingizdan iz qoldiring. Chunki buning oxiratda ajr-mukofoti bo‘ladi. Allohning huzurida aslo zoye bo‘lmaydi. Axir Alloh taolo bu haqda aytgan-ku: “Albatta, Biz, O‘zimiz o‘liklarni tiriltirurmiz va ular taqdim qilgan narsalarni va qoldirgan asarlarni yozurmiz” (Yosin surasi, 12-oyat).
Siz soyasida soyalanayotgan daraxtni sizdan oldin kimdir ekkan. Sizdan keyingilar soyalanishi uchun ko‘chat o‘tkazishni siz ham yodingizdan chiqarmang.
O‘zingizdan mutlaqo iz qoldirmagan holda dunyodan ketmang. Negaki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qaysiki musulmon ekin eksa, undan yeyilgani u uchun sadaqa bo‘ladi, o‘g‘irlangani ham sadaqa bo‘ladi, yovvoyi hayvonlar yegani ham sadaqa bo‘ladi, qushlar yegani ham unga sadaqa bo‘lib yoziladi. Hatto kimdir uni shikastlaydigan bo‘lsa ham ekkan odam uchun sadaqa bo‘ladi”.
Bittagina o‘simlikdan minglab tirik jonzotlar manfaatlanishini bilar ekansiz, endi o‘ylab ko‘ring, bog‘bonlar, dehqonlar o‘zlari bilmagan holda qancha savoblarga erishar eknalar!
Yerga hamma uchun foydali narsa ekkan odamga naqadar yaxshi!
Farzandlarining, ahli-oilasining qalbiga din muhabbatini ekkan odamga esa undan ham yaxshi! Undan baxtli, undan katta savobli odam yo‘q dunyoda!
Endi mana shu yerlarni saqlab qolish uchun uni qonlari, terlari bilan sug‘organ, Alloh uchun tinimsiz sa'y-harakat qilganlarni-ku qo‘yaverasiz. Ularni Allohning O‘zi munosib mukofotlaydi!
Birovning kitobiga o‘zingizdan qo‘shimcha varaq qo‘shmang, chunki o‘rniga-o‘rin topilganda sizdan behojat bo‘lishadi.
Bugun bir daraxt eking, ertaga soyasida uxlaysiz. Zotan insonning qiymati tug‘ilganidan to vafotiga qadar hayotga qo‘shgan hissasiga qarab bilinadi.
Nomini zikr etish bilan qalblar yorishadigan o‘liklar qayerda-yu, nomini esga olsang afti-angoring buziladigan tiriklar qayerda?!
Imom Shofeiy rohimahulloh aytadi: “Ba'zi odamlar vafot etishsa-da, yaxshiliklari o‘lmadi! Yana ba'zi odamlar borki, xuddi o‘lik kabi yashaydilar!”
Agar odamlarga foyda beradigan biror fikringiz bo‘lsa, uni albatta taqdim eting yoki mahoratingiz bo‘lsa yozma uslubdami, she'riy uslubdami bayon eting. Ehtimol kitob yozib o‘zingizdan iz qoldirarsiz! Iqtidoringizni hijolatchilik yoki qo‘rquv singari ayrim omillar sabab yuzaga chiqara olmayotgan bo‘lsangiz, o‘z nomingizni kelajakda yozilajak tarixdan o‘chirayotgandek, bu ummatni bunyod etish uchun o‘z g‘ishingizni qo‘yishdan baxillik qilayotgandek bo‘lasiz. Shunday ekan mahoratingiz bor ishni albatta bajaring!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Kiritilgan vaqti: 11/05/2024 10:52; Ko‘rilganligi: 274
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:52