O‘ZGANI HAQQIDAN QO‘RQAYLIK
Aziz do‘stim, bilingki, Allohning huzuridagi narsaga faqat Uning toati bilan erishiladi, siz Alloh huzuridagi narsaga Uning ma'siyati bilan ham yetishsa bo‘ladi degan xato fikrga borib qolmang va haloldan topib, halol yeyishga qattiq urining. Zero, umr qisqa, siz kutayotgan eng yaqin g‘oyib mehmon o‘limdir. Jasaddagi haromdan ungan har bir et do‘zaxga loyiqroqdir.
Poraxo‘rlikdan, haromdan, botildan saqlaning, bola-chaqangiz huzuriga faqat halol rizq keltiring. Toki, Alloh taolo farzandingizni sizning hayotlik paytingizda ham, vafotingizdan keyin ham faqat solih va pokiza tarbiyaga muvaffaq qilsin.
«(Birovning o‘limiga hozir bo‘lgan) kishilarning o‘zlari ojiz-notavon farzandlarini qoldirib vafot qilib ketsalar, ulardan xavotir olganlari kabi (o‘zgalarning yetimlari haqqidan ham) qo‘rqsinlar. Allohdan qo‘rqib (o‘lim oldidagi kishiga) haq so‘zni aytsinlar!» (Niso: 9).
Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotganida uning huzuriga kirishib: «Ey amiral mu'miniyn, farzandlaringiz uchun biron vasiyat qilsangiz», deyishdi. «Meni o‘tirgizinglar», dedi u. Qo‘ltig‘idan suyab o‘tqizdilar. U dedi: «Allohga qasamki, men ularga o‘zlariga tegishli bo‘lgan biron haq-huquqda zulm qilmadim, boshqalarning haqlarini esa ularga aslo bermayman. Ular haqida vasiyat qiluvchim «shu Kitobni nozil qilgan Allohdir. U solih bandalarga yor bo‘lur» (A'rof: 196). Umarning bolasi ikki kishining biridir, u yo solih kishidir, Alloh esa solihlarga yor bo‘ladi, yo esa undan boshqachadir, u holda men unga Allohning ma'siyatida yordamlanadigan narsani hargiz qoldirmasman. Endi bolalarimni huzurimga chorlanglar».
Farzandlar kirib kelishgach, uning ko‘zlari yoshlandi, so‘ng ularga dedi: «Bolalarim, men sizlarga ko‘p yaxshilik qoldirdim. Musulmonlar yoki ahli zimmalardan qay bir kishining oldidan o‘tmang, ular sizlar uchun haq bor deb ko‘rishadi. Bolalarim, men ikki ish o‘rtasida ixtiyorli qilindim: yo sizlar boy-badavlat bo‘lib qolasizlar va men do‘zaxga tushaman, yo esa oxirgi kuningizgacha kambag‘al bo‘lib qolasizlar va men jannatga kiraman. Sizlarning kambag‘al bo‘lib qolishlaringiz men uchun yaxshiroq ko‘rindi. Turinglar, sizlarni Allohning o‘zi asrasin. Turinglar, sizlarga Allohning o‘zi rizq ato etsin». «(Birovning o‘limiga hozir bo‘lgan) kishilarning o‘zlari ojiz-notavon farzandlarini qoldirib vafot qilib ketsalar, ulardan xavotir olganlari kabi (o‘zgalarning yetimlari haqqidan ham) qo‘rqsinlar. Allohdan qo‘rqib (o‘lim oldidagi kishiga) haq so‘zni aytsinlar!» (Niso: 9).
Amirov To‘lqin tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 10/01/2022 11:30; Ko‘rilganligi: 863
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 08:17