O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlarining - ahli ilmlarga qilgan murojaatlariga munosabat...
Qur'oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Bas, (ey Muhammad! Ummatingizga) eslating! Zotan, Siz faqat eslatuvchidirsiz” (G‘oshiya surasi, 21-oyat). Boshqa oyati karimada esa bunday deyiladi: “Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur” (Zoriyot surasi, 55-oyat). Alloh taolo ibrat olishlari uchun insonlarga ko‘plab ne'matlarini ato qilgan. O‘z Payg‘ambariga buyurib, siz mana shu ibrat-dalillarni odamlarga eslating, risolatni ularga yetkazing. Nasihat qiling, kerakli o‘rinlarda Allohning azobidan qo‘rqiting, jannatidan bashorat bering. Shu tariqa ularni haq yo‘lga, hidoyatga chorlang, demoqda.
Biz unutuvchi, ojiz bandalarmiz. Hatto ilm ahllari, ma'rifatli kishilar ham asl haqiqat, to‘g‘rilik va haqdan chalg‘ib qolishimiz mumkin. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hazratlari O‘zbekistondagi ahli ilmlarga murojaat qildilar. Murojaat bilan nafaqat ahli ilmlar balki yurtimizning barcha mo‘min-musulmonlari tanishdi. Ushbu murojaat asosan, diniy soha vakillariga yo‘naltirilgan edi. Yuqorida oyati karimalarni zikr qildik. Unda Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga mo‘minlarga eslatma berishini amr etgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston va xorijda yashab faoliyat yuritayotgan barcha olimlar, imom-xatib va talabalarga aynan shu kabi murojaat-eslatma zarurdek edi. Agar vaqtida murojaatda ko‘tarilgan masalalarga ijobiy e'tibor qaratilmas ekan, keyin kech bo‘lishi muqarrar edi. Muftiy hazratlari murojaatida ta'kidlaganlaridek, biz ushbu tanbeh ma'lum bir shaxslar yoki jamoaga qaratilmagan deb bilamiz. U barchamizga birdek eslatmadir. Har birimiz o‘zimizni taftish qilishimiz, isloh etishimiz zarur.
Murojaatdagi ushbu so‘zlarga e'tibor qaratamiz: “Ba'zi ahli ilmlarimiz voqelikka qaramay, turli gaplarni aytishlari ham tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda. Yana ba'zi insonlar ustoz ko‘rmay, yetarli bilim olmay diniy mavzuda turli fatvolarni berishi juda katta fitnalarni keltirib chiqaryapti.
Bu gaplardan keyin ahli ilmlarga nisbatan salbiy qarashlar yuzaga kelmoqda. Go‘yoki mana shunday gaplarni gapirib xato qilgan domlalarga qarab din faqat mana shular deb tushunilmoqda. Barcha ahli ilmlar mana shunday deb o‘ylanmoqda. Natijada Allohning dini yo‘lida xolis xizmat qilayotgan olim, parhezkor domlalarni ham ular qatorida ko‘rilmoqda. Bu katta musiybat.
Din bu – tortishuv, haqorat, bir-birini kamsitish uchun kelgan emas. Din bu – nasihat. Ana shu qoidaga muvofiq juda ham ehtiyot bo‘lishimiz kerak”.
Darhaqiqat, din nasihatdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Din nasihatdir”, deganlarida, “Yo Rasululloh, kim uchun?” deb, so‘radilar sahobalar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh, Uning kitobi, rasuli hamda musulmonlar ummati va omma uchun”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ana shu nasihatni go‘zal uslubda, odob va namuna bo‘lgan holda yetkazish dinmizning talabdir. Muftiy hazratlari murojaatlarida nasihat yumshoqlik va muloyimlik bilan olib borilishi, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘pol, dag‘al gapiruvchi, haqorat qiluvchi Zot bo‘lmaganliklarini eslatar ekan, Alloh nomidan gapirib, haqorat qilib yuborishlik, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nomidan gapirib, fahsh so‘zlarni ishlatib da'vat qilishliklar ham ba'zi ahli ilmlar tomonidan sodir etilayotganini afsus bilan aytib o‘tganlar.
Islom dini olimlari yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishda alohida mas'uliyatga ega. Chunki ular boshqalar bilmagan shariat ilmlarini o‘rganganlar. Ularga nisbatan ommaning qalbida ehtirom va haybat bo‘ladi. Olimlar amri ma'ruf va nahyi munkar qilishsa boshqalarning bo‘ysinishi qabul qilishi oson bo‘ladi. Alloh taolo olimlarga hikmat va chiroyli mav'iza qilish imkoniyatini bergan. Shu bois Qur'oni karimda olimlarni madh etilib bunday marhamat qilinadi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Alloh taolo ilm ato qilganlar ulug‘ martaba ega ekanliklari oyati karimada bayon qilinganini eslab o‘tdik. Bu ulug‘ ne'mat har kimga ham nasib qilavermasligi ilm egalariga ma'lum. Shu bilan birga bir insonga ilm o‘rgatib, bilmagan narsasini bildirib, xatosini to‘g‘rilab, uni to‘g‘ri yo‘lga irshod qilib qo‘yish qanchalar savobli ish ekanligini ham yaxshi bilamiz. Zero Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliy roziyallohu anhuni Haybarga yuborayotganlarida: “Allohga qasamki, Alloh sening irshoding ila bir kishini hidoyat qilmog‘i sen uchun qizil tuyalardan ko‘ra yaxshiroqdir” (Sahl ibn Sa'd roziyallohu anhudan uchovlari rivoyat qilganlar)degan edilar. Shu kabi, biz ahli ilmlar ham dinimiz va uning ahkomlarini mukammal o‘rganib, kishilarni Islom dini hukmlariga amal qilishga go‘zal axloq va namuna bilan chaqirmog‘imiz lozim. Ana o‘shanda o‘z burchimizni ado etgan bo‘lamiz.
Zayniddin ESHONQULOV – O‘zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 27/09/2022 13:33; Ko‘rilganligi: 3751
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:54