O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

O‘z joniga qasd qilish – og‘ir gunoh

 
 

Alloh taolo odam bolasiga juda ko‘p ne'matlar bergan, ularni sanab adog‘iga yeta olmaymiz. Shubhasiz, ular ichida eng qimmatli va muhimlaridan biri – hayot, tiriklik ne'matidir. Chunki bu ne'mat inson qolgan ne'matlarni qabul qilib olishiga sababchi bo‘ladi. Qur'oni karimning 200 dan ortiq oyati karimalarida arab tilidagi “xalq”, ya'ni “yaratish” ma'nosidagi o‘zakdan yasalgan so‘zlar keladi. Bu esa bizga inson bo‘lib yaralish Alloh taolo tomonidan berilgan katta ne'mat ekanini bildiradi. Alloh taolo bandalariga ato qilgan ne'matlari haqida shunday deydi:

“(Ey, insonlar!) Alloh osmonlar va Yerdagi barcha narsalarni sizlarga bo‘yin sundirib qo‘yganini va sizlarga barcha zohiriy va botiniy (moddiy va ma'naviy) ne'matlarini komil berganini ko‘rmadingizmi?! Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular o‘zlari bilmagan, hidoyat topmagan va aniq kitob (hujjat)ga ega bo‘lmagan hollarida Alloh xususida (Payg‘ambar bilan) munozara qilurlar” (Luqmon surasi, 20-oyat).

Shunisi ham aniqki, inson hayoti doim bir xil ne'matlar ichida kechmaydi – gohida yengil, gohida og‘ir, ba'zida xursandchilik, ba'zida musibat. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

“Haqiqatan, insonni (din va dunyo ishlarida mehnat va) mashaqqatda (bo‘lish uchun) yaratdik” (Balad surasi, 4-oyat).

Alisher Navoiy o‘z hikmatlarida: “Sakson yil yashash uchun sakson yillik sabr kerak”, – deganlar. Demak, inson balo va musibatlarga qarshi sabrni qalqon qilib olishi kerak. Chunki dinimizning ta'limoti bo‘yicha dunyoda yuz beradigan barcha ishlar Alloh taoloning xohish irodasi bilan bo‘ladi. Mo‘min-musulmon kishi hayot qiyinchiliklarini dunyoning sinovi ekani, har bir musibat, hatto tikanning kirishi ham ajrsiz qolmasligini biladi. U qiyinchiliklarga sabr-bardoshli bo‘ladi va savob umid qiladi. Musibat yetganda biz Allohning bandasi va unga qaytib borishimizni eslashimiz darkor. Alloh taolo marhamat qiladi:

“Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: «Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz», – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir” (Baqara surasi, 155-oyat).

Demak, imonli kishilar hayotda hech qachon tushkunlikka tushmasligi kerak, balki yaxshilikdan umidvor bo‘lib, doim harakatda bo‘lishi lozim. Afsuski, ahyon-ahyonda o‘z joniga qasd qilgan kishilar haqidagi so‘zlar qulog‘imizga chalinadi. Ayniqsa bu kabi fojealar ayollar ichida ko‘p uchrab turishi achinarli holatdir. Bu gunohni oqlab bo‘lmaydi, lekin ma'lum bir qism ayollar o‘zlariga bo‘lgan zulm-zo‘ravonlik sababli bu ishga qo‘l urayotgani sir emas. Joriy yilning 3 sentyabrdan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirdi. Bu qonun dinimizdagi ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik man qilinishi haqidagi ko‘rsatmalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuni bilish kerakki, biror qiyinchilikdan qutilish yoki kimdandir norozi bo‘lib o‘z joniga qasd qilish – masalaning yechimi emas. Masalan, qarz yoki moliyaviy qiyinchilik sababli o‘z joniga qasd qilgan odam qarzidan qutilib qolmaydi. Balki yanada qiyinroq bo‘lgan oxiratda qarzdor odamga aylanadi. Qaytanga bu hayotda qolib, maqsadi uchun kurashib, ikki dunyoda yuzi yorug‘ bo‘lishi – haqiqiy bandalik maqomidir. Kimdir o‘z joniga qasd qilib gunohkor bo‘ladi, orqasida ota-onasi va yaqinlarini qattiq qayg‘uda qoldiradi. Aslida farzand ularni xizmatlarini qilib, rozi va xursand qilishi kerak edi.

O‘z joniga qasd qilishning oxiratdagi oqibatlari yana ham yomonroqdir. Dinimiz ta'limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi katta gunoh hisoblanadi. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

“...O‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).

Alloh taolo bandasiga omonat o‘laroq ato qilgan jon-tiriklikni faqat O‘zi xohlagan paytda qaytarib oladi. Jonni bandaning o‘zi olishga harakat qilishi – shoshilish va Alloh taoloning taqdiriga norozilikdir. Toki ajal vaqti kelgunicha banda jonni to‘g‘ri yo‘lda asrab-avaylab ishlatishi kerak. Bu mavzuda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

“Kim o‘zini-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirsa, do‘zaxda ham shu xil azobga qoladi va kim o‘zini tig‘ bilan o‘ldirsa, do‘zax olovida ham xuddi shunday azobga qoladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu gunohning yomonligini bildirish uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘tgan qavmlar hayotidan ham misol keltirdilar:

“Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Aslini olganda dinimiz o‘z joniga qasd qilishga olib boradigan yo‘llarni ham berkitgan. Masalan, musulmon kishi o‘ziga o‘lim tilashi mumkin emas. Chunki amallar solih bo‘lib, umrning uzun bo‘lishi biz uchun katta mukofot hisoblanadi.

Bu mavzuda eng katta muammo – ruhiy iztirobning mavjudligi,  qalb xotirjamligi va imonga suyanadigan irodaning yo‘qligi, deb hisoblaymiz. Buning ustiga o‘smirlik davrida yigit-qizlarning qarovsiz qolishi, turli nobop yo‘llarga kirishi, yomonlar bilan do‘st tutinishi, mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalarga berilib qolishi ham o‘z joniga qasd qilishning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Albatta, yoshlar tarbiyasiga uyda ota-ona, o‘quv muassasalarida esa ustozlar mas'uldir. Vaqti-vaqti bilan internetda o‘z joniga qasd qilishni o‘rgatuvchi videolar, qiziqtiruvchi o‘yinlar tarqalib turadi. Afsuski, bekorchilik va ota-onalarning e'tiborsizligi sababli ba'zi yoshlarimiz bu “to‘r”larga tushib qolmoqdalar.

 Yuqoridagi muammolarning yechimi – Alloh taoloning rahmatidan umidvorlik, qalb xotirjamligi va sabr toqatdir. Alloh taolo Zumar surasida shunday marhamat qiladi:

“(Ey, Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir” (Zumar surasi, 53-oyat).

Yana bir oyati karimada shunday deyiladi:

“Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)” (Ra'd surasi, 28-oyat).

Banda Alloh taoloning ne'matlarini tafakkur qilsa, o‘zidanda yomon ahvolda bo‘lgan minglab odamlar borligi va ularning aksariyati shukr qilib yashayotganini tushinib yetsa, tiliga beixtiyor “shukr” keladi, kamchiliklari uchun istig‘for aytadi.

Farzandlarga dinimiz asoslari, ibodatning ma'nosi, gunoh-savob, halol-haromni oiladan o‘rgatib borishimiz kerak. Ularning oldiga yuksak marralar va maqsadlar qo‘yib, o‘sha tomonga yetaklashimiz, kerakli yordamni berishimiz kerak. Yana ularni turli zararli odatlardan saqlasak, bo‘sh vaqtlarini bilim o‘rganish, sport bilan shug‘ullanishga sarflasak, natija yaxshi bo‘ladi.

Xulosa shuki, mo‘min-musulmon kishi doimo Allohning rahmatidan umidvor bo‘lib, azobidan qo‘rqishi kerak. Ana shunda uning imoni salomat bo‘ladi, shayton vasvasalaridan omonda bo‘ladi. Yana bir muhim jihati – doimo olim kishilardan pand-nasihatlar eshitish va solih kishilar, sog‘lom tabiatli odamlar bilan do‘stlashish, ular bilan birga bo‘lishdir. Bu ishlar kishining ruhiyatini tetik va yashovchan qiladi.

 M.Latipov Urgut tumani "Bog‘ishamol" jome masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 16/10/2023 16:11;   Ko‘rilganligi: 208
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/oz-joniga-qasd-qilish-ogir-gunoh
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 20:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing