O‘z joniga qasd qilish illati 2-qism
Azizlar, bugun jamiyatimizda uchrayotgan o‘z joniga qasd qilishidek jirkanch illat ko‘lami shu darajaga yetdiki, ko‘pchilikning qulog‘iga oddiy holatdek eshitiladigan bo‘lib qolmoqda. Ammo, buning ortida bir inson yaqinlarining fig‘oni, o‘zining esa ikki dunyosidan ayrilishidek dahshatli uqubat bor.
Bu narsaga alohida urg‘u berayotganimizning boisi shundaki, ko‘p yillik kuzatishlarimiz davomida bu illat sodir bo‘lgan hududlarda qanchalik aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmasin ters natija bera boshladi. Jo‘n qilib aytganda targ‘ibot anti targ‘ibotga aylanib ketdi.
Xo‘sh, buning sababi nimada edi? Asosiy sabab, bu illatning oldini olishga kirishganlarning aksari o‘lim so‘zini qanday tarzda ifodalashni o‘zlari ham bilmagan holda yoshlarga nutq etdilar.
Demak, avvalo biz o‘lim nima ekanini yaxshi anglab yetmog‘imiz lozim. O‘lim bu - har bir insonning hayotdagi oxirgi nafasi, shu bilan har bir insonning abadiyati hal etiladigan eng so‘ngi lahza, yaxshilik va yomonliklarimizning zarrachasini ham ko‘z o‘ngimizga olib keladigan, hisob qilinadigan vaqt, qabr jannat bog‘chalaridan bir bog‘cha yoki do‘zax chuqurlaridan bir chuqur bo‘lishligini isbotlaydigan holdir
O‘limning haqiqiy ma'nosini tushunib, uning ulkan mahobatini his etgan ajdodu-jaddotlarimiz bo‘lar bo‘lmasga bu so‘zni tillariga chiqaraverishdan ham istehola qilganlar. Shuning uchun ham xalqimiz talaffuzida vafot etgan kishiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘lim so‘zi ishlatilmaydi. Balki falon kishi dunyodan o‘tibdilar, yo‘q bo‘lib qolibdilar, omonatni topshiribdilar kabi so‘zlarni ishlatish urfga aylangan.
Bugun esa, bu so‘zga nisbatan yengil munosabatda bo‘lib qolganimiz bu illatning avj olishiga sabab emasmikan?. E'tibor berib qarasangiz ayrimlarda tushunchaning yetarli emasligi sababidan ko‘pchilik o‘zaro hazillashib ham o‘lim so‘zini ishlatmoqda, hatto ayrim onalarimiz farzandlarini qo‘rqmasdan “o‘lim” so‘zini ishlatib qarg‘amoqdalar...
Bu illatning bundan ham dahshatli sabablaridan biri ko‘pchilik yoshi kattalarimiz ham, o‘lim xabarini eshitgan paytda musulmon kishiga xos bo‘lgan odobni ham bilmasligidir. E'tibor bersangiz ko‘pchilik uzoq vaqt kasal bo‘lib, yoki qiynalib dunyodan o‘tgan kishini eshitsa, unga munosabat bildirib “tashvishdan, qiyinchilikdan qutulibdi” degan so‘zlarni ham ishlatmoqdalar. Bu kabi gap so‘zlar bilan nafaqat o‘zimiz g‘aflatda yuribmiz, balki yoshlarimizning ham ongini chalg‘itishga, o‘lim bilan osongina o‘ynashishga sababchi bo‘lib qolmoqdamiz. Bu haqda hadisi shariflarda shunday deyiladi:
فعَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها قَالَتْ : قِيلَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ، مَاتَتْ فُلَانَةُ ، وَاسْتَرَاحَتْ , فَغَضِبَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَقَالَ : إِنَّمَا يَسْتَرِيحُ مَنْ غُفِرَ لَهُ (رواه أحمد 24192)
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Aytilindi: Ey Allohning rosuli falon ayol vafot etib, xotirjam bo‘ldi (dunyoning mashaqqatlaridan qutildi). Rosululloh sollallohu alayhi vasallam g‘azablandilar va: “Alloh taolo tomonidan mag‘firat etilgan kishigina najot topadi” dedilar. (Imom Ahmad rivoyati/24192)
Yana bir jiddiy sabablardan biri mehr-shafqatning yetishmasligidir. Doimo bir birlari bilan chiqisha olmaydigan, arzimas sabab bilan baqir-chaqirlar bo‘laveradigan oilalarda o‘sayotgan farzandlarning jajjigina qalbi dunyoni ushbu yovuz oila timsolida tasavvur etib ulg‘ayadi. Dunyoni mehrsiz deb tushunib ulg‘aygan farzandning qulog‘iga ikkinchi tomondan o‘lim so‘zi oddiy narsa, hayot qiyinchiliklaridan qutulish yo‘li bo‘lib eshitilib turgandan keyin u nima qilsin?.
Bu so‘zimning isboti men yashab turgan manzildan chamasi 20 chaqirim uzoqlikda joylashgan qishloqda sakkiz oylar muqaddam huddi shu tarzda birinchi sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan edi. Azizlar, bir haqiqatni hech qachon unutmaylik farzandlarimizga bergan mehrimiz sababidan ham biz ikki dunyoda Robbimiz tomonidan rahm qilinamiz. Alloh taoloning O‘zi aziz xalqimizni bu kabi illatlarning domiga tushib qolishdan O‘z panohida asrasin. Davomi bor...
O‘tkir Umirqulov Samarqand shahar “Lohutiy” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 08/06/2020 14:03; Ko‘rilganligi: 1005
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 10:30