O‘z bolamizni o‘zimiz asramog‘imiz lozimligini bugun hayotning o‘zi yana bir bor ko‘rsatib bermoqda
Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi, ularning Vatan istiqbolini o‘z qo‘liga ola biladigan munosib vorislar bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilib kelinmoqda. Yurtimizning turli hududlarida barpo etilayotgan muxtasham ta'lim muassasalari, sport inshootlari va boshqa yaratilayotgan imkoniyatlarning barchasi yoshlarimizning jismonan sog‘lom, ma'naviy yuksak bo‘lib kamol topishiga qaratilgan. Bunga javoban yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar ham oz emas. Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, bugungi kunda globallashuv sharoitida ma'naviy tahdidlar kuchayib borayotganiga ham e'tibor qaratish lozim. Ular birinchi navbatda yoshlarni o‘z domiga tortishga qaratilgan.
Hozirgi globallashuv sharoitida dunyoda kuchayib borayotgan turli ma'naviy tahdidlarning oldini olish, “ommaviy madaniyat”ning zararli ta'siridan yoshlarni himoya qilish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlar ongini yot g‘oyalar ta'siridan asrash, axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, jinoyatchilik, huquqbuzarlik, giyohvandlik, diniy ekstremizm va terrorizm illatlarining oldini olishga ko‘maklashish hamda yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish lozim.
Axborot globallashuvi tufayli turli mafkuraviy ta'sirlar, ayniqsa, yoshlar tafakkurini egallashga qaratilgan g‘arazli xurujlar tobora kuchaygan bugungi davrda bunday xatarlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashash har birimizning burchimizdir. Yurtimizda yosh avlodning ma'naviy-axloqiy tarbiyasini to‘g‘ri shakllantirish, ularni turli tahdidlardan himoya qilish, ongu tafakkurini yuksaltirish ma'naviy-ma'rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Darhaqiqat, yoshlarni bunday yovuz kuch va g‘oyalardan himoya qilishda muqaddas islom dinining ma'rifati va odob-axloq tamoyillarining o‘rni beqiyosdir. Zero, islom dini ma'rifat, tinchlik va odob – axloq tushunchasi ostida yoshlarni har tomonlama tarbiya qilishga katta ahamiyat qaratadi.
Buyuk ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘tgan asrning boshidayoq “Dunyoda turmoq uchun diniy dunyoviy ilm lozimdur, zamon ilmidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”, degan haqqoniy fikr bildirgan.
Xulosa qilib shuni ta'kidlash joizki, yosh avlodga milliy istiqlol g‘oyasini singdirishda har bir ota-onaning roli ham juda muhim hisoblanadi. Ota-onalar o‘z farzandlarining maktabgacha tarbiyasi, ularning ruhiy ma'naviy taraqqiyotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi, bu davr uzluksiz ta'lim va tarbiyaning muhim bosqichi ekanini anglab yetishlari zarur. Bunda oilaning ta'lim muassasalari tizimiga izchil uyg‘unlashuviga erishish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Demak, ota-ona yosh avlodga bevosita ta'lim beruvchi, mafkuraviy tarbiyaning asosiy o‘chog‘i sanalmish barcha ta'lim muassasalari (maktab, litsey, kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlari) bilan hamkorlikda mazkur dolzarb vazifani amalga oshirishga mas'uldir.
Abrorov Jahongirxon - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati xodimi
Kiritilgan vaqti: 25/07/2023 13:25; Ko‘rilganligi: 598
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:55