O‘YNASHMANG
Kecha imom Molik rohimahullohning shogirdi Qa'nabiyga qilgan nasihati haqida uzoq o‘yladim. Imom Molik rohimahulloh unga shunday deydi:
"Nima bilan o‘ynashsang o‘ynash, ammo dining bilan o‘ynashma!".
Din bu bizning suyagimiz, go‘shtimiz va qonimizdir. Bunda beparvolik qilib bo‘lmaydi. Agar beparvolik qilib qo‘ysak undan bizning qo‘limizda hech narsa qolmaydi.
Gunohlarni nazarda tutmayapman. Gunoh hammamizda bor. Imom Molik rohimahulloh ham yuqorida buni nazarda tutmagan.
Dinimiz bu aqidamizdir. Uni har qanaqangi nuqsonlardan asrashimiz lozim. Uni maxfiy shirkdan, insonlarning maqtovidan, uning huzuridan dunyo azizligini qidirib dunyoyimiz evaziga oxiratni sotib yuboradiganimiz zolimning qarsagidan asrashimiz lozim.
Gunohga sahobalar ham tushib qolishgan. Undan faqat ma'sum payg‘ambarlargina omonda bo‘lishgan. Sahobalar gunoh qilishsada aqidada mustahkam turishgan.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning davrlarida Abdulloh ismli bir kishi bor edi. U yengiltakroq, o‘yin-kulguni xush ko‘radigan kishi edi. U Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bilan uchrashib qolsa u zotni kuldirar edi. Abdulloh aroqqa berilgan edi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam uni aroq ichgani uchun darraladilar. U yana ichdi. Yana darraladilar. Yana ichdi yana darraladilar. Uchinchisida musulmonlardan biri uni la'natladi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: "Uni la'natlamanglar. Allohga qasamki, u Alloh va Rasulini yaxshi ko‘radi!", dedilar.
Moiz roziyollohu anhu zino qiladi. Abu Mihjan aroq ichgani uchun Qodisiyya jangi kunida bog‘lab qo‘yiladi. Ammo ularning aqidasi bulg‘anmadi.
Gunoh qilaver, demoqchi emasman. Gunohdan qutilish qiyin demoqchiman. Ish shunaqa bo‘lgani uchun Alloh taolo tavba eshigini keng ochib qo‘yibdi. Bu eshik toki quyosh mag‘ribdan chiqmagunicha ochiq turadi.
Musulmonning gunohi uni siniq qiladi, unga adab beradi. Gohida insonni sindirib Allohga yaqinlashtiradigan gunoh ujbga sabab bo‘ladigan toatdan afzal bo‘ladi.
Mo‘minning o‘zi bilan Alloh o‘rtasidagi gunohlarining masalasi oson. Zero Allohning rahmati azamati oldida gunoh kichik bo‘lib qoladi. Ammo aqida buzuq bo‘lsa uni ko‘p amal ham isloh qila olmaydi.
Diningiz bilan o‘ynashmang!
Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov
Kiritilgan vaqti: 25/11/2021 05:25; Ko‘rilganligi: 844
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:01