O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ota-onaga yaxshilik qilish Allohga ma'siyat bo‘lmagan barcha narsada ularga itoat qilishdir.

 
 

Darqaqiqat, Alloh taolo insonga ota-onasi bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni va doim ularga yaxshilik qilishni buyurdi.

Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:

«Rabbingiz Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsa, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt! Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: “Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tar­biyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro, 23–24)

“Ularga yoqimli so‘z ayt” deyilganida ota-onani nomi bilan chaqirmaslik, balki “otajon, onajon” kabi so‘zlar bilan hurmatlab muomala qilish, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmaslik, ular oldida o‘zini qul yoki cho‘rilardek tutish kabilarni tushunish kerak

Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “…ularga “uf!..” dema va ularni jerkima!” oyatini sharhlab, aytadi: “U nafrat so‘zidir”.

Tarbiya berib, voyaga yetkazgan ota-onasining mehribonligini va chekkan mashaqqatlarini qadrlashi uchun Alloh taolo bandalariga buyuradi:

“…va (duoda) ayt: “Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”»

Alloh taolo insondagi ota-ona haqi xususida bunday dedi:

“Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: “Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota–ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling, namozni barkamol o‘qing, zakot bering”,deb ahd olgan edik» (Baqara, 83).

Ota-onaga yaxshilik qilish jannatga olib boruvchi yo‘llardandir.

Hasan Basriy (rahmatullohi alayh): “Ota-onaga yaxshilik qilish Allohga ma'siyat bo‘lmagan barcha narsada ularga itoat qilishdir. Ota-onaga oq bo‘lish ularni qarilik chog‘ida qarovsiz tashlab qo‘yish va yaxshilikdan mahrum qilishdir”, dedi.

Har bir insonga ota-onasiga yaxshilik qilish ham farz, ham qarzdir. Ota-onaga yaxshilik qilish hech qachon ularga qarshi chiqmaslik, xizmatlaridan bo‘yin tovlamaslikdir. Ba'zilar ota-onaga yaxshilik faqat o‘ziga yoqadigan ishlarda va xohishiga muvofiq kelgan o‘rinlarda deb hisoblaydi. Haqiqatda esa, bunday emas. Yaxshilik faqat yaxshi amallarda, bandaning havoyi xohishlariga xilof narsalarda bo‘ladi. Agar ularning havoyi mayllariga to‘g‘ri keladigan narsada bo‘lganida edi, u yaxshilik deb nomlanmasdi. Alloh taolo bandani ota-onaga yaxshilik qilish va ular hurmatini joyiga qo‘yishga buyuradi:

Shu o‘rinda qaysi ishlarni bajarish ota-onaga yaxshilik qilish hisoblanishi haqida ham savol paydo bo‘lishi tabiydir. Ulamolarimiz ota-onaga yaxshilik qilish asosan quyidagi ishlarni ado etish bilan bo‘lishini bayon qilganlar:

1.Ota-onaga xolis niyat bilan yaxshilik qilish; Ya'ni ular dunyoga kelishlariga sabab bo‘lganlari uchungina emas, balki Alloh taolo buyurgani uchun yaxshilik qilish.

2.Ota-onani yaxshi ko‘rib ulug‘lash;

3.Allohga ma'siyat bo‘lmaydigan o‘rinlarda ularga itoat etish;

4.Ota-onaga tavoze'li bo‘lish;

  1. Ota-ona xursand bo‘ladigan ishlarni qilish;
  2. Ota-onadan oldin ovqatlanmaslik;

7.Ota-onaning huzuriga kirishda ham, chiqishda ham salom berish;

8.Ota-onaning oldida ovozini balandlatmaslik;

9.Ota-ona uchun molini sarflash;

10.Ota-ona yaxshi ko‘radigan kishilarga ham yaxshilik qilish;

11.Safarga ota-onaning duolarini olib chiqish;

12.Ota-ona shariatga muvofiq qasam ichgan bo‘lsalar uni ado etish uchun harakat qilish;

13.Ota-onaning jahllari chiqadigan ishlarni qilmaslik;

14.Ota-onani ismlari bilan chaqirmaslik;

15.Ota-onani kamsitadigan ishlardan saqlanish;

16.Ota-ona vafot etganlaridan so‘ng ham ularning haqlarini saqlash.

Vafot etib ketgan ota-onalarning haqlarini saqlash quyidagi ishlar bilan amalga oshiriladi:

  • Ular haqqiga xayrli duolar qilib yurish;
  • Vasiyatlarini ado etish;
  • Ularning do‘stlariga yaxshilik qilib yurish;
  • Ular orqali bo‘lgan qarindoshlik aloqalarini saqlash;
  • Ular nomidan sadaqa qilib turish;
  • Ularning qabrlarini ziyorat qilib turish.

Alloh taolo bizlarni ham, farzandlarimizni ham ota-onaga yaxshilik qilish baxtiga muvaffaq qilsin.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga salavot va salomlar bo‘lsin.

 

Jahongir Xatamov

Samarqand shahar “Xo‘ja Abdu Mo‘min” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/08/2022 15:29;   Ko‘rilganligi: 686
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ota-onaga-yaxshilik-qilish-allohga-masiyat-bolmagan-barcha-narsada-ularga-itoat-qilishdir
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 17:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing