Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi
Dinlarning mukarrami va mukammali bo‘lgan islom komil inson tarbiyasi, ayniqsa bolalarga odob va axloqdan puxta ta'lim berishni eng muhim vazifalardan biri qilib belgilagan.
Bola tarbiyasida, avvalo, ota-ona, so‘ngra esa tarbiya o‘chog‘i bo‘lgan bog‘cha, maktab va mahallaning o‘rni beqiyosdir. Zero, Payg‘ambarimiz (s.a.v) dan imom Termiziy rivoyat qilgan bir hadisda: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi”, deyilgan. Fozila ayol oilada farzand tarbiyasiga mas'ulligi bilan birga, ota bilan farzand o‘rtasida vositachi hamdir. U farzandiga oilaning ustuni bo‘lgan otani qadrlashni, ko‘ziga tik boqmaslikni, ota bilan orasida doimo masofa saqlash lozimligi va shu kabi odoblarni o‘rgatadi. Otaga esa ularning talab va ehtiyojlarini o‘z vaqtida bildirib turadi. Uzoqni ko‘ra oladigan ayol farzandi oldida turmush o‘rtog‘ining hurmatini doimo joyiga qo‘yadi. Otaning hurmati yuqori bo‘lgan oilada tarbiya topgan bolada qat'iyatlilik, fidoyilik, mardlik va mustahkam irodalilik kabi ezgu xislatlar ko‘proq uchraydi. Otaning oiladagi qat'iyatliligi esa bolani intizomga o‘rgatadi. Intizomli bola mehnatdan qochmaydi, o‘ziga topshirilgan vazifani vaqtida ado etadi, har bir ishga mas'uliyat bilan yondoshadi.
Har bir ota-ona kelajakda farzandlarining rohatini, ularning orzu havaslari ushalganini ko‘rishni xohlasa, ularga milliy – diniy qadriyatlarimizga amal qilgan holda ta'lim tarbiya bersa, o‘zlari xohlagandek, orzu havas ko‘rsatadigan, xalqimiz va jamiyatga foydasi tegadigan yetuk farzandni voyaga yetkazgan bo‘ladi.
H.Temirov O‘MI - Samarqand viloyat vakilligi xodimi
Kiritilgan vaqti: 04/10/2023 15:21; Ko‘rilganligi: 1098
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:51