O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

OTA-ONA FARZAND TARBIYASIDA MAS'UL SHAXS

 
 

Farzand Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne'mat bo‘lib, har bir ota-ona bu ne'matni qadriga yetib, haqqini ado qilishi zarurdir. Dinimizda farzand tarbiyasiga katta ahamiyat berilgan bo‘lib, uni farzand hatto dunyoga kelmasdan oldin boshlash kerakligi bir qancha kitoblarimizda bayon qilingan. 
Rivoyat: Ibn Sino qishloqda yashab, tabiblik qilar ekan. Kunlardan bir kun shu qishloqlik bir yigit bilan bir qiz turmush  qurishibdi. Ular yaxshi hayot kechirishibdi. Oradan to‘qqiz oyu to‘qqiz kun, to‘qqiz soatu  to‘qqiz daqiqa o‘tgach, farzand ko‘rishibdi. Biroz vaqtdan so‘ng, ular bir-biriga maslahat qilishibdi. Bolamizni qanday tarbiya qilamiz? Uni shunday tarbiya qilaylikki, katta bo‘lganda el-yurtga foydasi tegadigan chin inson bo‘lsin, debdi eri.

- To‘g‘ri aytasiz - debdi xotini. Men ham shuni o‘ylab turgan edim. Yaxshisi Ibn Sinodan so‘rab qo‘ya qolaylik. Bu gap eriga ma'qul tushibdi. Er-xotin bolani ko‘tarib, Abu Ali ibn Sinoning yoniga kelishibdi. U bir kichik tor kulbada yashar,  shunday bo‘lsa-da, dong‘i olamga ketgan olim ekan. Abu Ali ibn Sino er-xotinni yaxshi kutib olibdi. Nima ish bilan kelganliklarini so‘rabdi. Shunda er-xotinlar «Bolamizning tarbiyasi haqida bizga maslahat bersangiz. Toki katta bo‘lgach, el-yurtga foydasi tegadigan kishi bo‘lsin», - deyishibdi.
- Qachon tug‘ildi? - deb so‘rabdi Ibn Sino.
- Erta bilan tug‘ildi, - erining o‘rniga xotini javob beribdi.
- E... azizlar, - debdi Ibn Sino. - Bola erta tongda tug‘ilgan ekan, hozir choshgoh bo‘ldi, kechikibsizlar. Bola tug‘ilishi bilan uning tarbiyasi haqida qayg‘urish kerak. "Niholni boshdan, bolani yoshdan" deb bekorga aytishmagan axir, degan ekan.
Muqaddas dinimiz otaning zimmasiga farzandni dunyoga keltirishdan oldin bir qancha vazifalarni yuklagan. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz: Bo‘lajak farzand uchun odob-axloqli, dinu-diyonatli ona tanlash. Chunki farzand tarbiyasiga otadan ko‘ra onaning ta'siri ko‘proq ekani barchamizga ma'lum. Sababi, otalar ko‘proq vaqtlarini oilasining ta'minoti uchun ko‘cha-kuyda o‘tkazadilar. Farzand esa ko‘proq onasi bilan uyda qoladi. Farzand kim bilan ko‘proq muloqotda bo‘lsa, tabiiyki, o‘shaning ta'siri katta bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu borada shunday deganlar: Ya'ni "Sizlar o‘z nutfangizga munosib jufti halolni ixtiyor qilinglar. O‘zingizga munosiblarga nikohlaninglar" (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Demak, farzand odob-axloqli bo‘lishi uchun uning birinchi suhbatdoshi bo‘lmish onasini husni xulqli va solihasini tanlash otasining burchi ekan.
Dinimiz otaning zimmasiga farzandi dunyoga kelgandan keyin bir qancha vazifalarni yuklagan. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz: 1. O‘ng qulog‘iga azon va chap qulog‘iga takbir aytish. Gar ota buni o‘zi bajara olmasa, boshqa bir kishini o‘zidan vakil qilsa ham bo‘ladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: "Kimning bolasi tug‘ilsa-yu iqoma aytsa, unga ummusibyon zarar yetkaza olmaydi".  (Imom Abu Dovud rivoyatlari)
Ummusibyon bolalarga ziyon yetkazadigan jin toifasidir. Uning qiladigan ishi go‘daklarga ziyon yetkazishdan iborat. Ammo bolaning qulog‘iga azon va takbir aytib qo‘yilsa, mazkur jin bolaga zarar yetkaza olmay qoladi.
2. Farzandga ma'noli va chiroyli ism qo‘yish ota-onaning burchlaridan biridir. Farzand kelajakda o‘z ismidan uyalmaydigan bo‘lishi kerak. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: ya'ni "Qiyomat kunda o‘z ismingiz va otalaringiz ismlari bilan chaqirilasizlar. Shuning uchun farzandlarga chiroyli ism qo‘yinglar". (Imom Ahmad rivoyatlari)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Ismlarning yaxshisi bandalik va hamdni bildiruvchisidir»- deganlar. Shuning uchun, Alloh taologa bandalik ma'nosini anglatuvchi Abdulloh, Abdurahmon va Alloh taologa hamd ma'nosini anglatuvchi Hamdulloh kabi ismlar yaxshi ismlar hisoblanadi. Shuningdek, Payg‘ambarlar, sahobalar va tobeinlar kabi ulug‘ zotlarning ism-lari ham qo‘yilishga tavsiya qilingan yaxshi ismlar hisoblanadi.
Qizlarga ham o‘tgan ulug‘ momolarimiz sahobiya ayollar va ezgulik ma'nosini anglatuvchi ismlarni qo‘yish tavsiya etiladi.
3. Ona imkoniyatga qarab farzandiga aqiqa qilib berishi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: ya'ni "Yangi tug‘ilgan bolaga aqiqa qilish bordir. Uning uchun qon chiqaring va undan nopoklikni ketkazing!" (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Sha'riatimizga ko‘ra, aqiqani ko‘rinishi shuki, bola tug‘ilganidan keyin 7 (ettinchi) kuni sochi olinadi va o‘sha sochining og‘irligiga tilla yoki kumushning qiymati miqdorida faqirlarga sadaqa qilinadi.
Aqiqa kunini tayin qilinishi borasida Oysha roziyallohu anhu shunday deganlar: Aqiqa yettinchi kuni bo‘lsin. Agar yettinchi kuni bo‘lmasa, o‘n to‘rtinchi kuni bo‘lsin. Agar o‘n to‘rtinchi kuni bo‘lmasa yigirma birinchi kuni bo‘lsin"(7-14-21).
Ulomalarimiz aytadilarki, mana shu kunlarda aqiqa qilishga otaning moliyaviy imkoniyati bo‘lmasa, qachon bo‘lsa, o‘sha paytda qilishi mumkin.
Shu bilan birga otasi bolasini solih va taqvodor kishi huzuriga olib borib tanglayini ko‘tarishi ham marg‘ub ishlardandir. Tanglay ko‘tarish degani solih va taqvodor kishi bir xurmo yoki shirin mevani oldin o‘zi chaynab turib, bolasining og‘ziga qo‘li bilan solib qo‘yishidir. Bu narsa meva bo‘lgani afzaldir. 
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam, deyarli, doimo bolalarning tanglayini xurmo bilan ko‘targanlar.
4. Chiroyli ta'lim-tarbiya va odob-axloqli qilib farzandni tarbiyalash ham ota-onalarning burchlaridandir. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Hadisi shariflarining birida shunday marhamat qiladilar: ya'ni "Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi" (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, ota-ona va farzand tarbiyalashga mas'ul shaxslar yosh avlodni rostgo‘ylik, va'daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lishi kabi fazilatlar bilan voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratishlari dinimiz talabidir.

Rustamxon ERGASHYEV,
"Qum" jome masjidi imom xatibi.

Kiritilgan vaqti: 27/09/2021 11:17;   Ko‘rilganligi: 1150
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ota-ona-farzand-tarbiyasida-masul-shaxs
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 11:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing