O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

OLTI NAFAR PESHQADAM ANSOR

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Inson bolasi bir etning ichida birda semirib-birda ozib yashaydi. Bu sifat kayfiyatga ham taalluqli. Hozirgina osmonda charaqlab turgan quyoshning yuzini birdan bulut to‘sishi tabiiy. Kishining ko‘nglini xira qiladigan omillar ham bisyor. Shundan, biz yiqilganni suyash haqida so‘zlamoqchimiz.

Mahzun qalbli  kishiga kimdandir yaxshilik yetsa,  naqadar minnatdor bo‘lishini tasavvur qiling. Bir muddat dardu hasratlarini unutib,  yelkasidan tog‘ qulagandek bo‘ladi. Yaxshilik sohibiga nisbatan dilida samimiy tuyg‘ular jo‘sh uradi. Uni avval tanimagan bo‘lsa, endi qondoshiga qaragandek qaraydi, tanigan bo‘lsa – qayta tan oladi. Sababi, samimiyat bilan qilingan yaxshilik ta'madan pok, g‘arazdan xoli bo‘ladi. Insoniing sezgir tuyg‘ulari buni darhol ilg‘aydi.

Xo‘sh, bu muruvvat, Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallamga nisbatan qilingan bo‘lsa-chi? Albatta, unday kishilardan Alloh ham rozi, butun musulmon olami ham minnatdor bo‘ladi.

 Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam,  turmush o‘rtoqlari Xadicha onamiz va yomonliklardan  to‘sib turgan amakilari Abu Tolibning vafotidan keyin da'vatlarini Makkaning tashqarisiga ko‘chirishga qaror qildilar. Boisi, Hoshimiylar qavmiga rahbarlik boshqa bir amakisi, (Abu Tolibning ukasi), Abu Lahabga o‘tdi. U o‘taketgan razil kishi bo‘lib, mushriklardan edi. Natijada, Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam  va u zotning sahobalariga ta'qiblar ko‘chayib ketdi.

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam, da'vat uchun Toif shahrini tanladilar.  Makka bilan uning orasidagi masofa taxminan yuz kilometrcha kelardi. Yilning ayni o‘sha paytida havoning harorati ham yuqori bo‘lgan. Shunga qaramay,  Payg‘ambar sollalohu alayhi vasallam Toifga yayov borib kelishga qaror qildilar.  Bu mashaqqatli safarda Zayd ibn Horisa u kishiga hamrohlik qilgan edi.

Toifliklar u zotni rad etishdi, shuning barobarida  yomon so‘zlar bilan haqoratlab, mazax-masxara qilishdi. Toifning badbaxt rahnamolari shu bilangina kifoyalanmadilar,  balki hali g‘o‘r, yosh bolalarni Rasulimiz sollalohu alayhi vasallamga  qarshi qayrab, u zotni so‘kishga va sazoyi qilib, toshbo‘ron qilishga undashdi. Bu shaharning eshiklarini Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga yuelariga taqa-taq yopishdi.

 Arab qabilalari o‘rtasida da'vatni to‘xtatmaslik, ularni islomga chaqirish va aziz jonlarini himoyaga chorlash, himoyatga undash – buning barini yana qaytadan boshlash, yangi kuch bilan o‘rinlaridan turish uchun ona shaharlariga qaytib keldilar. Ammo...

Ha, shaytonning yo‘rig‘idan yo‘rtgan olomonning ongi orasta emasdi. Bir qabila ketidan boshqasi u zotdan yuz o‘girardi. Bir, ikki yoki yettita emas, balki ana shu sanoqli kunlarda yigirmadan ortiq arab qabilalarini islomga chaqirdilar. Lekin bironta qabila u zotning gaplariga quloq osmadi...

Biroq, urinishlari zoye ketmadi. Bir kuni, nihoyat Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamning qalbiga xursandchilik  keldi, u zotning muborak yuzlarida tabassum va surur jilva qildi...

Xo‘sh, bu baxtyorlikni u zotga kim hadya qildi? Ular kimlar edi?

Nubuvvatning o‘ninchi yilidagi haj mavsumida Iroqning Shaybon qabilasi kattalari bilan muzokara qilib bo‘lgandan so‘ng, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam olti kishidan iborat, bir arab jamoasini ko‘rib qoldilar. Bashariyat tarixi ular bilan manguga  o‘zgarib ketadigan va nomlarini har vaqt yodimizga saqlashimiz lozim bo‘lgan bu olti kishi quyidagilar edi,:

  1. As'ad ibn Zurora.
  2. Avf ibn Horis.
  3. Nofi' ibn Molik.
  4. Qutba ibn Omir ibn Hadiyda.
  5. Uqba ibn Omir ibn Nobiy.
  6. Jobir ibn Abdulloh ibn Riob roziyallohu anhumlar.

Mana shu olti nafar insonning barchasi Xazraj nomli arab qabilasidan edi. Bu qabila Makkaning shimolidan qariyb besh yuz kilometr  uzoqlikda joylashgan, xurmozorlari bilan mashhur shaharda yashovchi qabila edi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning hijratlaridan keyin "Madina" nomini olgan bu shahar Yasrib deb atalar edi.

Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam bu olti insonni ko‘rib, ular tomon bordilar va so‘radilar:

– Sizlar kimsizlar?

–- Xazrajlikmiz, – deyishdi ular. U zot yana so‘radilar:

–  Yahudiylarning ittifoqchilarimisiz?

–  Ha.

–  Men bilan suhbatlashishga fursatlaring bormi?

– Mayli, – rozi bo‘ldi ular.

Shundan so‘ng Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ularni islomga da'vat etdilar. Qur'on oyatlaridan tilovat qildilar. Dunyoning yaralishi, tiriklik mohiyati, foniy va boqiy dunyo – insonning oxir-oqibat noil bo‘ladigan saodati va uning shartlari haqida islom dinida nimalar deyilganini bayon qildilar. Shu asnoda, o‘ta oqil bu olti kishi biror-bir istisnosiz, hech ikkilanmasdan barchalari birdan islomni qabul qilishdi.

Bu olti kishi keyinchalik “Ansorlar" deb taniladigan insonlarning peshqadamlari bo‘lishdi. Chunki aynan ular Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning qalblariga sururni yoygan, u zotga nusrat va himoyani taqdim etishgan edi. Ularning barchalaridan Alloh rozi bo‘lib, nomlarini islom tarixiga muhrlab qo‘ydi.

  Dilmurod Qo‘shoqov

Samarqand shahar "Xo‘ja Zudmurod" masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 25/09/2023 14:45;   Ko‘rilganligi: 658
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/olti-nafar-peshqadam-ansor
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 00:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing