Olislarga sayohat: Polshada islom

Joylashuvi. Polsha Markaziy Yevropaning shimolida joylashgan. Bu yer keng tekislikdan iborat bo‘lib, qalin o‘rmonzorlar, dalalar va o‘tloqlar oralig‘ida juda ko‘p daryolar oqadi. Bulardan eng sersuvlari – Visla va Odra. Shimolda pastqam qirg‘oqlarni Boltiq dengizining suvlari yuvib turadi, janubda esa Karpat va Sudet o‘rmonli tog‘lari qad ko‘targan.
Tarixi. Miloddan avvalgi ming yillik va milodiy ming yillikning birinchi yarmida Polsha hududida slavyan qabilalarining shakllanish jarayoni sodir bo‘ldi. VIII–IX asrlarda qabila knyazliklari vujudga keldi. X asrda Odra, Visla va Bug daryolari oralig‘ida yashovchi polyan (Polsha, polyaklar nomi shundan kelib chiqqan), mazovshan, vislyan, pomoryan qabilalarining knyazliklari birlashtirildi va yagona Polsha davlati tashkil topdi.
1989 yilda Polsha Respublikasi deb atala boshladi. 1997 yil 25 mayda o‘tkazilgan referendumda mamlakatning yangi konstitusiyasi qabul qilindi. Polsha 1945 yildan BMT a'zosi. 1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va 1992 yil ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Konstitusiya va mustaqillik kunlari milliy bayram sifatida keng nishonlanadi.
Iqtisodi. Polsha industrial-agrar mamlakat. Toshko‘mir, oltingugurt, tabiiy gaz, kumush qazib olishda, po‘lat eritishda Yevropada oldingi o‘rinlardan birida turadi. To‘qimachilik (ip, zig‘ir, jun gazlama, trikotaj), oziq-ovqat (qand-shakar, go‘sht, yog‘, baliq) sanoat tarmoqlari rivojlangan. Mamlakatda javdar, bug‘doy, kartoshka, raps ko‘p yetishtiriladi.
Ta'lim va madaniyat. 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun majburiy davlat ta'limi joriy qilingan. Hunar-texnika maktabi boshlang‘ich (1–3-sinflar) va muntazam (4–10-sinflar) ta'limni o‘z ichiga oladi. Mamlakatda bir qator ixtisoslashgan litseylar ham faoliyat yuritadi. So‘nggi yillarda xususiy maktablar tarmog‘i kengaymoqda. Polshada 130 oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatadi. Yevropadagi eng qadimiy universitetlardan biri Krakov universiteti (1364), shuningdek, Varshava universiteti (1816), politexnika institutlari, oliy qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot, pedagogika maktablari, tibbiyot va rassomchilik akademiyalari shu jumlaga kiradi.
Dini. Aholisining 98,5 foizini polyaklar, qolgan qismini ukrain, belorus va slovaklar tashkil etadi. Dindorlarning ko‘pchiligi – katoliklar. Mamlakatda 38 mingga yaqin musulmon istiqomat qiladi. Polsha musulmonlarining aksariyati o‘rta asrlarda ko‘chib kelgan qrim-tatar avlodlari sanaladi. Shuningdek, arab davlatlari, Turkiya, Pokiston va Checheniston kabi davlatlardan kelganlar ham oz emas.
Polshada e'tiqod erkinligi Konstitusiya (1989 yil) bilan kafolatlanadi. Mamlakatda 4 ta masjid faoliyat yuritadi. Ularning ikkitasi XVII asrda qurilgan qadimiy masjidlardir. Kelgusida Belostok shahrida esa yana bir masjid va uning huzurida madrasa ochilishi rejalashtirilgan.
Varshavadagi yagona masjid 1992 yilda barpo etilgan. Masjid sharqiy va an'anaviy yevropa uslubida qurilgan. U yerda har shanba kunlari arab tilidan mashg‘ulotlar olib boriladi.
Musulmonlar soni oshib borishi tufayli mamlakat poytaxtining Oxota tumanida yangi masjid qurilmoqda. Masjid 10 mingdan ortiq musulmonlarni sig‘dira olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Masjid minorasi balandligi 18 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, masjidda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan kutubxona, ko‘rgazmalar zali, oshxona va do‘kon ham faoliyat yuritadi. Shuningdek, musulmon va musulmon bo‘lmaganlar uchun mo‘ljallangan diniy-madaniy markaz qurish rejalashtirilgan. Bu yerda barcha xohlovchilar uchun arab va polyak tili darslari tashkil etiladi.
Polshaning Krushinyan qishlog‘idagi masjid XVIII asrda barpo etilgan. Yog‘ochdan qurilgan, uy ko‘rinishidagi bu masjid yon-atrofdagi uylar bilan uyg‘unlashib ketgan. Gumbazidagi yarim oy shakligina uning masjidligini bildirib turgan, xolos.
Krushinyandan u qadar uzoq bo‘lmagan Boxoniki qishlog‘ida uzoq yillik tarixga ega bo‘lgan ikki minorali masjid bor. Masjid XIX asr boshlarida qurilgan. Ko‘rinishidan oddiygina bu binoga yarim oy shaklidagi ramz o‘rnatilgan minora ko‘rk bag‘ishlab turadi. Polshaning turli chekkalaridan ko‘plab musulmonlar bu maskanni ziyorat qiladi.
Davron NURMUHAMMAD
Kiritilgan vaqti: 03/09/2020 11:55; Ko‘rilganligi: 1674
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 08:39





















