O‘laksani iste'mol qilishdan ham og‘ir va jirkanch gunoh...
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Aslamiy degan bir sahoba Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xuzuriga kelib haromga yurib zino qilib qo‘yganini tan oldi. Rasululloh unga e'tibor qilmadilar. U yana janobimizning oldiga kelib qilmishiga iqror bo‘ldi. Bu holat bir necha marta takrorlandi. Oxir oqibat Rasulullh unga: “xo‘p nima istaysan o‘zi?”—dedilar. U: meni poklab qo‘yishingizni istayman, dedi. Rasululloh uni toshbo‘ron qilishlarini amr qildi va hukm ijro etildi.
Xuddi o‘sha jarayonda ikki kishi o‘zaro quyidagicha suhbat qurar edi: “Bu odamning esi bormi o‘zi. Alloh taolo uni aybini yashirib qo‘ygan bo‘lsa-yu u shukr qilmasdan o‘zini oshkor qilib o‘tiribdi. Mana oqibati it kabi o‘lib ketdi…”.
Bu suhbat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning qulog‘iga chalinib qolgan edi. Ammo ularga o‘sha holda indamagan edilar. Biroz o‘tib Rasululloh oyoqlari osmondan bo‘lib yotgan eshak o‘laksasi oldidan o‘tib qoldilar va: “falonchi bilan pistonchi qani?”— deb so‘radilar. Haligi ikkovlari labbay yo Rasulalloh, shu yerdamiz, deb ko‘rinish berishdi. Shunda ularga: “Mana shu eshakni go‘shtidan yenglar” dedilar. Ular: Ey Allohning Rasuli, Alloh sizni kechirsin, eshak o‘laksasini yeganimiz nimasi?!—deyishdi. Shunda Rasululloh: “Boya haligi kishini obro‘sini to‘kib gapirganda orttirib olgan gunohlaring, mana shu o‘laksani yeb topadigan gunohdan ko‘ra shiddatliroqdir! Jonimning egasi bo‘lgan Zotga qasam, u xozir jannat anhorlari bo‘yidadir.”—dedilar.
(Al-I'lam bihurmati ahlil-ilm val-islam).
Birovning moliga, joniga daxl qilishdan o‘zimizni ehtiyot qilamiz, negaki kishilik jamiyatida bu jinoyat bo‘lib, qonunda tegishli jazoga tortilishimizni aniq bilamiz. Ammo ba'zi bir ma'naviy jinoyatlardan o‘zimizni tiyish haqida o‘ylab ham o‘tirmaymiz. Masalan, yuqoridagi rivoyatda keltirilgandek, boshqalarning obro‘sini yer bilan bitta qilish. Bu jinoyatdan hech jirkanmaymiz. Aslida boshqalarning ortidan gapirib obro‘sini to‘kish o‘laksani iste'mol qilishdan ham og‘ir va jirkanch gunoh ekanini his qila olmaymiz.
Kiritilgan vaqti: 03/07/2023 09:35; Ko‘rilganligi: 800
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:31