O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Oilada kim rahbar?

 
 

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: 

Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar. Bunga sabab Alloh birovlarini birovlaridan (ya'ni, erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o‘z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. 

 (Niso surasi, 34-oyat)

 Aksariyat erkaklar tomonidan bo‘ladigan jamiyki harakatlar, intilishlar, bunyodkorlik, kashfiyotlar, qahramonliklar, yutuqlar va jangu-jadallar va hokazolarning ortida oxir-oqibat, ayolning rizoligi, e'tibori, e'tirofi, mehri, sevgi-muhabbatini qozonish istagi yotadi.

Masalan, Chin shahzodasi Farhodga suv yetishmovdimiki, Armanistonga kelib, tog‘ni talqon qilib, suv chiqaradi?! Yo‘q, unga Shirinning sevgisini qozonishi muhim edi. Tarixdan  bunday misollarni son-sanoqsiz keltirish mumkin. Ne-ne ulug‘ saltanatlarning paydo bo‘lishi va inqirozi tarixi sinchiklab o‘rganilsa, aksariyat hollarda ayollarning hal qiluvchi ishtirokini albatta kzatasiz.

Masalaning ikkinchi jihati bor: qancha qat'iyat va sa'y-harakatlar bilan suyuklisiga erishgan erkak, so‘ngra ayoliga qay darajada “bo‘ysunishi” kerak? Darrov tan olamiz: savolni bu taxlit qo‘yish – mutlaqo noo‘rindir. Hayotda turli masalalar yuzasidan ayoli bilan bamaslahat ish tutish, ayoli “chizgan chiziq”dan chiqmaslik, inon-ixtiyorini butkul unga topshirish – har kimning o‘z shaxsiy ishidir. O‘shandaylarga qarata: “Erkakday bo‘l”, deya “maslahat” bermoqchi emasmiz.

Ammo, oilada kim yetakchi bo‘lsa, farzandlar ham ko‘proq o‘shanga ergashishadi. Zero, farzandlar otadan andisha qilibmi, yo hayiqibmi, ko‘p hollarda o‘z dardlarini onaga aytadilar. Biror ishga jazm etsalar, avvalo onaga maslahat solishadi. Ona qay qarorga kelsa, bolalar uchun shu ma'qul bo‘ladi. Natijada, oilada otaning obro‘si tushadi, qadri pasayadi.

Mutaxassislarning fikricha, odamlarning taxminan 70 foizi boshqalar fikriga qarab ish yuritishadi. Faqat 30 foiz odamlargina o‘z mustaqil fikriga ega.

Balki, shu 30 foizning ham aksariyatini ayollar tashkil qilar?

Sir emaski, uyda ayol erkakka g‘oya va maslahat beradi, qo‘llab-quvvatlaydi, ilhomlantiradi, maqsad sari yo‘naltiradi, rag‘batlantiradi va hokazo. Erkak esa bulardan kuch-quvvat olib, ta'bir joiz bo‘lsa, tog‘ni talqon qiladi, qahramonliklar ko‘rsatadi. Yoki, bir donishmand so‘zi bilan aytsak, “Erning jamiyatga ko‘rsatgan ta'siri – xotinning erga o‘tkazgan ta'sirining aksidir”.

“Ayol ovozining nafisligi bilan eridan ustun turmog‘i lozim”, - deydi Mahmud Qoshg‘ariy. Ayol ovozining mayin bo‘lmoqligi esa uning botiniga ko‘p jihatdan bog‘liq. Botinida bo‘ronlar guvillab turgan ayolning ovoziyam shiddatli, tashvishli bo‘ladi. Ayolning birinchi vazifasi oilani boshqarish emas, kelajak uchun sog‘lom nasllar berish, issiq mehri, tengsiz jozibasiga qorilgan go‘zal tarbiyasi bilan millatni oyoqqa turg‘azishdan iborat. Buning uchun ayolning o‘zi sog‘lom bo‘lishi shart.

Aslida, ayolning maslahatiga quloq tutish – Odam Atodan qolgan sunnat, deyish mumkin. Axir, nima bo‘lganidayam, Momo Havvo, bobomizni o‘sha ta'qiqlangan mevani totib ko‘rishga ko‘ndirganlar-ku. Odam otamiz, Momomizning taklifiga ro‘yxushlik berganlar-da. Lekin, bu ro‘yxushlik qanday oqibatga olib keldi?

O‘tmishda ko‘plab sarkardalarning halokatlariga, Husayn Boyqaroning xatolariga kimlar sababchi bo‘lganini bir esga oling. A'louddin Muhammad Xorazmshoh, yurt uchun hayot-mamot masalasida onasi Turkon xotunning yo‘rig‘iga bo‘ysungani qanday oqibat keltirdi?

Balki, shuning uchundir, buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari avlodlarga mana bunday o‘gitni yozib qoldirganlar: “Xotinlar bilan faqat ular aytganining teskarisini qilish uchungina maslahatlashish kerak”.

Qanchalik g‘alati tuyulmasin, uylangandan so‘ng, aksariyat erkaklarda g‘aroyib ruhiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Ancha-muncha asov yigitlar ham “bosilib” qolishadi. Ruhshunoslarning izohicha, bu muhabbat emas, “murosa”. Ayrim erkaklar esa, na muhabbat, na murosa, deyishadi. Mardona tan olib, mazkur holatni “xotindan qo‘rqish”, deb atashadi. Yuqorida, oilaviy hayotda murosayu-madora qilishlik – har kimning o‘z shaxsiy ishi, dedik. Lekin shunda ham ota-ona, do‘st-birodarlar, mahalla-kuy nazarini e'tiborga olish – oqil erlar ishidir.

Murosai-madoraning chegarasi qayerda? Bu “chegara”dan keyin xotindan qo‘rqish boshlanadimi, yoki “xotinquli”likmi? Balki, Alloh hukmini inkor etishdir? Xudo ko‘rsatmasin.

Imom Ahmaddan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Uch kishi borki, Alloh taolo ularga jannatni harom qilgan: aroqqa mukkasidan ketgan, oqq bo‘lgan, ahlida iflos ish (zino) sodir bo‘lishiga rozi bo‘lgan kimsa”.

Oilashunos psixologlarning ayollar guvohligisiz, yashirin o‘tkazilgan “Nega xotiningizdan qo‘rqasiz?” so‘rovnomasi natijasida quyidagilar ayon bo‘ldi:

  • Erkak o‘z va'dalari ustidan chiqmayotgani uchun xotinining oldida tili qisiq bo‘lib qoladi va har safar shu holatga duch kelganida qo‘rquvni his etadi. (Nima(yoki kim)dan qo‘rquv?!)
  • Xotin ro‘zg‘or qoidalari haqida bilib-bilmay har kuni besh soat ma'ruza o‘qiydi. Boyaqish erning miyasiga qoidalar singib ketadi. Misol uchun, uydagi narsani birovga berib yubormaslik. Qo‘shni biror narsa so‘rab kirsa, “ma'ruza” ta'sirida yurgan er, o‘la qolsa ham bermaydi. Shunda qo‘shni nima deb o‘ylaydi? “Xotinquli!”
  • Erkak uy-ro‘zg‘or ishlarining aksariyatiga yaxshi tushunmaydi, xotinining aytgani to‘g‘ri chiqaveradi. Bir necha yildan so‘ng er xato qilishdan shunday qo‘rqib qoladiki, xotinining aytgani-aytgan, degani-degan bo‘ladi...
  • Rahbarlikda ishlaydigan erlarning xotinidan qo‘rqish sababi – yuqoriga arz qilishi mumkinligi. Chunki xotini arz qilib, erini mansabidan bo‘shattirib tashlagan hollar ko‘p kuzatilgan.
  • Ota-onasi yoki qaynota-qaynonasi oldida mulzam bo‘lishni istamaydilar, agar xotini shulardan kimgadir chaqmoqchi bo‘lsa, xotinidan qo‘rqib qoladi.
  • Uyda yakkama-yakka janjal chiqishidan, arazlashlar haftalab davom etishidan bezorlar ham xotinidan qo‘rqishadi.
  • Bolalarni yetaklab ketib qolib, sog‘intiradigan xotinlardan-da erlar cho‘chishadi.
  • Qarg‘ish olishni istamagani uchun xotinidan qo‘rqadiganlar onda-sonda bo‘lsa-da, uchrab turadi.
  • Shuningdek, xotini boshqasi bilan topishib ketishidan qo‘rqib, izmidan chiqolmaydiganlar ham bor.
  • Ichkuyov, xotini pul topadigan, qaynota yoki xotini hisobidan yashaydiganlar ham xotinidan qattiq qo‘rqar ekan.

“Sharq hikoyat va rivoyatlari” kitobida shunday voqea keltirilgan: Sulaymon alayhissalomdan xotini tovus patidan ko‘shku ayvon qurib berishni so‘rabdi. Malikaning iltimosini ikki qilolmagan payg‘ambar qushlarning boshliqlarini bir yerga to‘plab, maslahat qilmoqchi bo‘libdi.

Majlisga boyo‘g‘li kechikib kelibdi. Sababini so‘raganida shunday javob qilibdi:

– Ikki masalaning yechimini topish bilan band edim.

– Qanday masalalar ekan u?

–  Birinchisi: shu zamonda o‘lik ko‘pmi, yo tirik?

– Seningcha, qay biri ko‘p?

– O‘lik ko‘p, chunki bomdod nomoziga turmay g‘aflat uyqusida yotganlar ham o‘lik qatorida sanaladi.

– Xo‘sh, ikkinchi masala nima ekan?

– Xotin ko‘pmi, yoki erkak?

– Qaysi biri ko‘p ekan?

– Xotin, chunki xotinning yo‘rig‘iga yurganlar ham shu hisobga kiradi.

Bu gapni eshitgan payg‘ambar hech narsa demay majlisni tarqatib yuboribdi.

Dinimiz bizga oilaviy munosabatlar hamda baxtli hayot kechirmoq uchun aniq va tartibli qoidalarni Qur'on oyatlari va Payg‘ambar alayhissalom sunnatlari orqali ko‘rsatib bergan.

Musulmon erkak rijol – mard, shijoatli, rashkli bo‘ladi. Mardlargina oilasini, iymonini, dinini, xalqini va vatanini himoya qila oladi. Qo‘rqoq, jur'atsiz, beparvo, dayuslar esa ahlini ham, iymonini ham vatanini ham qo‘riqlashga qodir bo‘lmaydi.

Hadisi sharifda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar kim uylansa, yaxshi niyat bilan oila qursa, uning dinining yarmi mukammal bo‘ldi, qolgan yarmida Allohga taqvo qilsin, Allohdan qo‘rqsin”, deya marhamat qilganlar. Demak, har bir muslim va muslima, er va xotinlik darajasiga yetgandan so‘ng o‘z burch va vazifalarini, bir-birlaridagi haqlarini yaxshi anglab yetib, unga amal qilmog‘i lozim. Shundagina baxtiyor oilaga aylanadi.

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 02/12/2020 17:53;   Ko‘rilganligi: 1524
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/oilada-kim-rahbar
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 20:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing