O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Oila qurmoqchi bo‘lganlarga imtihon savollari

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bu maqola erkak kishi uylanmoqchi bo‘lgan ayolga berishi kerak bo‘lgan 12 ta savol va ayol kishi turmushga chiqmoqchi bo‘lgan yigitga berishi lozim bo‘lgan 10 ta savoldan iborat. Bu 22 ta savolda bo‘lajak turmush o‘rtoqlarning (erkak-ayol) oldindan bilishi zarur bo‘lgan haqlari va majburiyatlari yoritilgan hamda er-xotin tomonidan ularning bajarilishi yoshlarning baxtli kelajagini ta'minlaydi, inshaalloh.

Erkak kishi ayolga berishi kerak bo‘lgan savollar:

1. Oila boylik yoki go‘zallik uchun qurilmaydi, balki nikoh o‘z nafsini jilovlash va nasl-nasabni davom ettirish uchundir. Bu xaqda nima deb o‘ylaysiz?

2. Alloh taolo Niso surasining 34-oyatida oiladagi mas'uliyatni erkak kishining zimmasiga yuklagan. Siz bunga rozimisiz?

3. Islom talablariga ko‘ra, ayol kishiga jufti halolidan o‘zgasi qarashi nojoiz. Shuning uchun u (ayol) begonalarning, ya'ni nomahramlarning oldida avratini yopib yurishi kerak. Bu masala bo‘yicha sizning fikringiz qanday?

4. Ayol kishi jufti halolini u (eri) xohlaganday nomlashi va chaqirishi kerak. Shu bilan birga ayol erini tabassum bilan kutib olishi va o‘z xulqi bilan unga hurmat ko‘rsatmog‘i kerak. Shu fikrga qo‘shilasizmi?

5. Bu hayotda Alloh bizni sinaydi. Siz qandaydir muddat ishsizlikka va kambag‘allikka sabr-qanoat qila olasizmi? Shuningdek, o‘zingizni boshqa badavlat ayollarga nisbatan hasaddan saqlay olasizmi?

6. Asosan ayol kishi uy ishlarini bajarib, vaqtini uyda o‘tkazishi kerak. Agarda uydan chiqishi kerak bo‘lib qolsa, u eridan izn so‘rashi zarur. Bunga fikringiz qanday?

7. Ayol kishi erining muammolarini tushunishi va uni yolg‘iz qoldirmasligi lozim. Erkak kishi ham ayolining muammolariga nisbatan shuni taqdim qilishi kerak. Bu haqda nima deysiz?

8. Er-xotin bir-birining sirlarini saqlay bilishi hamda ularni ota-onasi va boshqalarga ochib yurishi to‘g‘ri emas. Oilaviy sirlarni qattiq tutmoq kerak. Siz bunga qo‘shilasizmi?

9. Ayol kishi erining ota-onasi va qarindoshlariga xuddi o‘z ota-onasi va yaqinlariga ko‘rsatgan hurmatni, mehrni ko‘rsata olishi kerak. Bunga sizning fikringiz qanday?

10. Er-xotin bir-biriga madad bo‘lib, oilaviy rishtalarini muhofaza qilishi kerak, hattoki ayrim qarindoshlar hasad yoki nonko‘rlik sababli ularning turmushini buzmoqchi bo‘lsalar ham, agarda bunday kimsalar ota-ona va jigarlar bo‘lishsa ham. Siz bunga qo‘shilasizmi?

11. Men har bir erkak kabi ayolning go‘zalligi va jozibadorligiga ishonaman. Lekin, shunday bo‘lsa-da, tashqi go‘zallik eng muhimi emas, deb o‘ylayman. Mening bu fikrimga qo‘shilasizmi?

12. Ayol kishi ham shariat, ham urf-odatlarga binoan eriga quloq solib, unga itoatda bo‘lishi kerak. Agar xotin jufti haloliga bo‘ysunmasa, o‘z burchini bajarmagan hisoblanadi va shuning uchun erkak kishi uni moddiy tomondan ta'minlamasligi mumkin. Bu masalada fikringiz qanday?

Ayolning erkak kishiga berishi kerak bo‘lgan savollari:

- Erkak kishi ayolini unga zarur bo‘lgan boshpana va kundalik yeguliklari bilan ta'minlashi kerak. Agar ayol kishi kasal bo‘lib qolsa, eri uning davolanishi bilan shug‘ullanishi lozim. Shundaymi?

- Ayol kishiga boqimanda, ortiqcha tashvish sifatida qarash mumkin emas. Chunki u oilaning asosiy tayanchidir.  Islomda  ayol erkakka Alloh tomonidan berilgan omonat hisoblanadi. Shuning uchun erkak kishi ayoliga nisbatan hurmatli va muruvvatli bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, Islom dini er-xotinni “bir-biriga yopinchiq (libos)” deya ta'riflaydi. Bu borada sizning fikringiz qanday?

- Erkak kishi ayolini nohaq urishga haqqi yo‘q. Agar bu holat sodir bo‘lgan bo‘lsa, erkak kishi ayoliga shariat qonunlari tomonidan belgilangan tovonni to‘lashi kerak. Agar ayol kishi itoatsizlik qilsa, avvalo, u ogohlantirilishi zarur. Siz bunga qo‘shilasizmi?

- Erkak kishi xotini kabi shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishi va o‘zini pokiza tutishi kerak. Bunga nima deysiz?

- Erkak kishi ayoliga shariat qonunlaridan chiqmagan to‘y yoki janoza marosimlariga borishlikka to‘sqinlik qilmasligi kerak. Agar doimo bunga to‘sqinliklar qilsa, ayol kishi uy yumushlarini qilishdan bosh tortishi mumkin. Bu haqda nima deb o‘ylaysiz?

- Erkakning ayoliga nisbatan mehri so‘nmasligi uchun u ko‘chadan kelganda ayoli bilan ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rishib, uydan ketishidan oldin xayrlashishi lozim. Nima deysiz?

- Erkak kishi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga muvofiq, ayoliga uy yumushlarida yordamlashib turishi kerak. Siz bunga qo‘shilasizmi?

- Agar ayol kishi bir xato qilib qo‘ysa, erkak unga baqirmasligi va qattiq urishmasligi lozim. Bu haqda nima deb o‘ylaysiz?

- Oilali ayol ishlab pul topishiga nima deysiz?

- Erkak kishi o‘z ayoliga shubha va gumon bilan qaramasligi kerak. Bu borada u tuhmatchi-yu fitna tarqatmoqchi bo‘lgan insonlarning (hatto bu ota-onasi bo‘lsa ham) har bir so‘zlariga ishonmasligi lozim. Siz bunga qanday fikr bildirasiz?

Manba: hidoyat.uz

Muslimaxon Anvarxonova tarjimasi 


Kiritilgan vaqti: 21/10/2021 08:10;   Ko‘rilganligi: 1035
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/oila-qurmoqchi-bolganlarga-imtihon-savollari
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 10:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing