O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

OHOD HADISLARNING AQIDA VA FIQH ILMLARIDA ROLI

 
 

Ohod hadislar va ularning hujjat bo‘lish-bo‘lmasligiga aloqador bahsli masalalar musulmonlar orasida turlicha shaklu shamoilda namoyon bo‘lib turgan. Fiqhiy masalalarda ohod hadisning hujjatligi masalasi deyarli o‘rtaga tashlanmaydi. Ohod hadislar fiqhiy masalalarda bo‘lganidek ba'zi shartlar va hukmdagi farqlarga ko‘ra aqidaviy masalalarda ham hujjat bo‘lishi haqiqatga yaqinroq bo‘lishiga qaramay, bu mavzu ko‘p bahsli munozaralarga sabab bo‘lgan.

Ohod hadislar masalasida ulamolar yakdil bo‘lgan tomonlari ham, ixtilof qilgan tomonlari ham bor. Doktor Diyab Sulaymular ittifoq qilgan tomonlarni quyidagicha zikr qilgan:

  1. Payg‘ambarlarning xabari ilmni ifodalaydi.
  2. Musulmonlar ohod xabarni qabul qilsa, u ham ilmni ifodalaydi.
  3. Musulmonlar ohod xabar taqozosiga amal qilishga hamfikr bo‘lsalar, hamfikr bo‘lishda unga tayansalar bu xabar ilmni ifodalaydi. Zero, bu ummat faqat sahih xabarlarga tayanib ish ko‘radi. Chunki musulmonlar zalolat ustida birlashmaydilar.
  4. Adolatli bo‘lmagan yolg‘iz roviyning xabari ilmni ifodalamaydi.[1]

Ohod hadislar bilan aqidaviy masalalarni sobit qilish borasida ulamolar orasida ixtilof bor. Ya'ni ular ohod xabar yaqin (aniq ilm)ni ifodalash yoki ifodalamasligida hamfikr bo‘lmagan. Imom Ibn Hazm Andalusiy bu ixtilofni naql qilib quyidagilarni yozadi:

“Bir nafar adolatli roviy biror xabar beradigan bo‘lsa, uning xabari ilmni ifoda qilish-qilmasligida ulamolar ixtilof qilgan”[2].

Shunga ko‘ra, ulamolar bu masalada uch guruhga bo‘linishgan:

Birinchi guruh: ular fikricha, ohod xabar mutlaqo ilmni ifodalamaydi. Bu – ko‘pchilik usulul-efiqh ulamolari va mutakallimlar mazhabi. Shuningdek, uch imom Abu Hanifa, Molik, Shofeiy hamda hanbaliy mazhabi muhaqqiqlarining ham qarashi shudir. Ular nazdida ohod xabar amalni vojib qiladi, ammo ilmni ifodalamaydi. Qo‘shimcha belgilar bo‘ladimi yoki yo‘qmi, barobardir. Imom Ibn Uqayl, Ibn Javziydan, shofeiylarning Navaviy, Abu Bakr Boqilloniy, Abu Homid Isfaroiniy, Ibn Burhon, Faxriddin Roziy, Omidiy, Imomul Haramayn, Ibn Hojib, Subkiy, Bayzoviy, Abul Husayn Basriy kabi ko‘pchilik ulamolaridan ham shu fikr naql qilingan. Shayxul islom Zakariyo Ansoriy ham shu fikrni qo‘llab-quvvatlagan[3].

Ikkinchi guruh: ular fikricha, ohod xabar mutlaqo ilmni ifodalamaydi. Bu – Ahmad, Dovud Zohiriy, Horis Muhosibiy, Karobisiy va ko‘pchilik muhaddislar mazhabi. Salaflarning aksariga ham shu fikr nisbat berilgan. Hozirgi davrda shayx Ahmad Shokir, Nosiruddin Alboniy kabilar ham shu fikrni ilgari surgan. Shavkoniy bunday degan: “Ahmad ibn Hanbal: “Albatta, ohod xabar yolg‘iz o‘zi ilmni ifodalaydi”, degan. Ibn Hazm buni “Al-ihkom”da Dovud Zohiriy, Husayn ibn Ali Karobisiy, Horis Muhosibiydan naql qilgan va biz ham shu fikrdamiz degan. Uni Ibn Xuvayz Mindod Molik ibn Anasdan hikoya qilgan va shu fikrni ixtiyor qilib, bu masalani uzoq bayon qilgan. Qaffol Shoshiy ham ohod xabar ochiq ilmni vojib qiladi, degani rivoyat qilingan”[4].

Ibn Saloh: “(Ohod xabarlardan) Buxoriy va Muslimda kelganlari yaqinni ifodalaydi. Nazariy ilm ham uni inkor qilgan kishilarga xilof ravishda u bilan voqe bo‘ladi. Ular shuni hujjat qilishadiki, ohod xabar aslida faqat zonni (aniq ilm darajasiga yetmagan ilmni) ifodalaydi. Musulmonlar uni qabul qilishgan. Chunki zonnga amal qilish ularga vojibdir. Zonn xatoga olib borishi ham mumkin”, degan. Ibn Saloh so‘zini davom ettirib shunday deydi: “Men avvallari shu fikrga moyil bo‘lib, uni kuchli deb hisoblab yurgan edim. Keyinroq menga ayon bo‘ldiki, o‘zimiz ilgari tanlagan yo‘l to‘g‘riroq ekan. Chunki xatodan ma'sum zotdan sodir bo‘lgan zon xatoga olib bormaydi. Musulmonlar yakdil fikrda bo‘lsalar, xatoga yo‘l qo‘yishdan himoyalangandirlar”[5].

Ibn Qozi Jabal: “Hanbaliylar mazhabi shuki, musulmonlar tomonidan qabul qilingan ohod xabarlar din asoslarini sobit qilishga yaraydi. Qozi Abu Ya'lo buni “Muqaddamatul muharrar”da, shayx Taqiyuddin o‘zining “Aqida”sida zikr qilgan”, deb yozadi[6].

Uchinchi guruh: ular fikricha, ohod xabarning barcha qo‘shimcha belgilari mavjud bo‘lsa, u ilmni ifodalaydi. Ikki “Sahih”da kelgan hadislar bunga misoldir. Chunki musulmonlar ularni qabul qilishgan. Ibn Saloh, shuningdek shofeiy mazhabining Abu Is'hoq Isfaroiniy, Abu Homid Isfaroiniy, Qozi Abu Toyyib, Abu Is'hoq Sheroziy kabi ulamolari, hanafiylardan Saraxsiy, molikiylardan Qozi Abdul Vahhob, hanbaliylardan Abu Ya'lo, Abul Xattob va Ibn Zog‘uniy, ash'ariylardan Ibn Favrak kabi ko‘pchilik ahli imlar shu fikrda bo‘lishgan. Salaflar tutgan yo‘l shuki, musulmonlar qabul qilgan hadis qat'iydir[7].

Shavkoniy: “Ohod hadislar o‘zi mustaqil ravishda ilmni ifoda qilmaydigan xabardir. Umuman ifodalamaydimi yoki qo‘shimcha tashqi belgilar vositasida ifodalaydimi, barobardir. Binobarin, mutavotir xabar bilan ohod xabar o‘rtasida hech qanday vosita yo‘q va bu ko‘pchilikning fikridir”, degan[8].

Ulamolarning bu masaladagi qarashlaridan ayon bo‘ladiki, quyidagi shartlar topilgan qo‘shimcha belgilari bor ohod hadislar ilmni ifodalaydi:

  1. Din asoslarini emas, juz'iy aqidaviy masalalarni sobit qilishi. Demak, u kishini kofir yoki mo‘minga chiqarishda asos bo‘lmaydi.
  2. Qur'oni karimda umumiy kelgan va ohod xabarlar uni batafsil yoritib kelgan aqidaviy masalalarni sobit qilishi.
  3. Aqlga ham, fitratga ham qarshi bo‘lmasligi.
  4. Dinning tasdiqlab qo‘yilgan qoidalaridan hech biriga zid kelmasligi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, e'tiqod masalalari qat'iy va mutavotir xabarlar bilan sobit bo‘lganidek, ohod xabarlar bilan ham sobit bo‘ladi. Ammo hukm jihatidan ikkisining orasida farq bo‘ladi. Qur'oni karimda qat'iy sobit bo‘lgan va hadisi shariflarda mutavotir ravishda kelgan e'tiqod masalalarini inkor qilgan shaxs kofir bo‘ladi.
Ohod hadislar ila sobit bo‘lgan e'tiqodiy masalalarni rad qilgan odam esa kofir bo‘lib, Islomdan chiqib ketmaydi, balki fosiq bo‘ladi. Yuqorida zikr qilinganidek, avvalgi o‘tgan ulamolarning ko‘pchiligi: “Ohod xabarlar aqiydaviy va fiqhiy masalarda birdek hujjat sifatida qabul qilinadi, ularning ko‘pi ilmi yaqiynni ifoda etadi”, deganlar.

A.Ne'matov

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1]Doktor Diyab Sulaym. Ohod xabar va uning qanchalik hujjatligi, Dorul hudaa nashriyoti, 43-44-betlar.

[2]Al-ihkom fi adillatil ahkom, 2-jild, 48-bet.

[3] Doktor Yusuf Qarazoviy. Hadisi sharif ma'rifat va madaniyat manbasi sifatida, 91-93-betlar. Shuningdek, qarang: Tadribur roviy sharhu taqribin Nabaviy, 1-jild, 132-bet; Sharhun Navaviy ala sahihi Muslim, 1-jild, 20-bet; Omidiy. Al-ihkom, 41-bet; Al-Mustasfo, 1-jild, 142-bet; Favotihur rohamut sharhi musallamus subut, 2-jild, 123-bet; Doktor Sha'bon Muhammad Ismoil. Dirosotun havlal Qur'ani vas sunnati, 293-294-bet.

[4] Irshodul fuhul, 48-bet. Halabiy nashriyoti. Qarang: Doktor Yusuf Qarazoviy. Hadisi sharif ma'rifat va madaniyat manbasi sifatida, 91-93-betlar.

[5] Muqaddimatu Ibn Saloh. Doktor Oysha Abdurahim tahqiqi bilan, Dorul kutub nashriyoti, 14-bet.

[6]Al-musvadda li oli taymiya, 247-248.

[7]Qarang: Doktor Yusuf Qarazoviy. Hadisi sharif ma'rifat va madaniyat manbasi sifatida, 91-93-betlar.

[8]Irshodul fuhul, 48-bet. Halabiy nashriyoti.


Kiritilgan vaqti: 01/07/2021 17:51;   Ko‘rilganligi: 718
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ohod-hadislarning-aqida-va-fiqh-ilmlarida-roli
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing