O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Odamlarga yaxshi gaplar ayting!

 
 

Odamlarga xitob qilayotganingizda eng chiroyli so‘zlardan foydalanib, chiroyli tarzda gapiring. Zero, Alloh taolo marhamat qiladi: “Odamlarga yaxshi gaplar aytingiz” (Baqara surasi, 83-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yarimta xurma bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang. Agar kimki buni topolmasa, shirin so‘z bilan!”.

Gapingiz orasida to‘xtab-to‘xtab, shoshmasdan gapiring, toki eshitayotgan odam maqsadingizni tushunsin, uning mag‘zini chaqsin!

Oisha roziyallohu anhodan bunday deganlari rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xuddi sizlardek gapirardilar, lekin gap orasida to‘xtalish (pauza) qilib gapirardilar va shu orqali o‘tirganlar u zotning gaplarini yodlab qolishardi”.

Oisha onamiz yana shunday degan ekanlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday ohista gapirar edilarki, gaplarini sanashga ham imkon bo‘lardi”.

Sizni tinglayotgan odamning fahmiga loyiq tarzda xitob qiling. U tushunadigan so‘zlarni ishlatib gapiring. Yo‘qsa yomon gumonga borib qoladi, ya'ni agar siz uning ilmiy saviyasidan yuqoriroq saviyada gapirib qo‘ysangiz, u buni istehzo qilish, pastga urish deb o‘ylab qoladi.

Kamgap bo‘lishga harakat qiling. Iloji bo‘lsa, savolga javob berish, nasihat qilish, amri ma'ruf, nahyi munkar qilish yoxud Allohga chaqirishdan tashqari holatlarda gapirmang. Zotan Alloh taolo marhamat qilib aytdiki: “Ularning ko‘pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo‘q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor. Kim o‘sha ishni Allohning roziligi uchun qilsa, albatta, unga ulug‘ ajr berurmiz” (Niso surasi, 114-oyat).

Ko‘p gapirib, Allohning zikridan g‘aflatda qolmangiz! Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Allohning zikri bo‘lmagan gaplarni ko‘paytirmangiz. Chunki Allohni yod etmagan holda ko‘p gapirish qalbni qoraytiradi. Allohdan eng uzoq banda qalbi qotgan (qoraygan) bandadir”.

Sergaplikdan, bekorchi va maqsadsiz gaplardan chetlaning! Zero Robbimiz taolo Mo‘minun surasining 1-3-oyatlarida aytadi: “Batahqiq, mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu' qiluvchilardir. Ular behuda narsalardan yuz o‘giruvchilardir”.

Gapirishdan oldin gapingizni, uning oqibatini o‘ylab olib, keyin gapiring. Maqsadingizni yaxshi qamrab olmasdan, aniqlik kiritib olmasdan turib gapirmang!

Bu haqida Alloh taolo aytadi: “Biror so‘z aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar” (Qof surasi, 18-oyat).

Gapirayotgan odamingizning yuziga qarab gapiringki, unga bo‘lgan e'tiboringizni his qilsin! Telefoningizni titib yoki o‘ngga-chapga qarab gapirsangiz, bu uning parvosini ham kamaytiradi.

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G‘iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.


Kiritilgan vaqti: 28/02/2024 15:08;   Ko‘rilganligi: 577
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/odamlarga-yaxshi-gaplar-ayting
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing