NIMA UCHUN AYNAN “SAHIHI BUXORIY”?
Umuman islom dini va sunnatni ayblab chiqish holatlari ko‘p kuzatilganiga qaramay, nimagadir hadis kitoblari orasidan aynan “Sahihi Buxoriy” haqida har xil asossiz ayblovlar o‘rtaga tashlanmoqda. Rostdan ham, nima uchun aynan “Sahihi Buxoriy”?
Chunki hadisga doir barcha asarlar orasidan aynan “Sahihi Buxoriy” Qur'oni karimdan keyingi eng ishonchli manba degan oliy bahoga sazovor bo‘lgan. Bu bahoni unga Imom Buxoriyning o‘zi bergan emas, balki chuqur o‘rganib chiqqan ulug‘ va zabardast allomalar uni mana shunday sifatlagan.
Butun dunyo musulmonlari undagi hadislarning sahihligiga qat'iy ishonadi. Shuning uchun ham bu muqaddas kitob – “Sahihi Buxoriy” g‘arazli kimsalarning nishoniga aylangan. Chunki musulmonlardan unga bo‘lgan ishonch yo‘qotilishiga erishilsa, undan boshqa hadis manbalarini e'tibordan soqit qilish oson kechadi. Hadis yo‘qqa chiqarilgach esa bid'atchi kimsalar Qur'oni karimni o‘zi xohlaganidek tafsir qilishi uchun zamin yaratiladi.
“Sahihi Buxoriy” haqida o‘rtaga tashlanayotgan asossiz ayblovlardan biri shuki, uni Imom Buxoriyning o‘zi yozmagan. Uning asl nusxasi yo‘qolib ketgan. Bu ayblovning asossizligini isbotlash uchun quyidagilarni aytib o‘tamiz:
- “Sahihi Buxoriy” asari yolg‘on ustida kelishib olishlari mahol sanaladigan katta jamoat tomonidan o‘ta ishonchli yo‘llar orqali rivoyat qilingan. Uni Imom Buxoriyning o‘zidan yetmish ming kishi eshitgan.
- Imom Buxoriy yashagan davrdan hozirgi kunga qadar yashab o‘tgan ulamolar o‘z asarlarida “Sahihi Buxoriy”dagi hadislardan ham rivoyat qilib, ularni uning o‘ziga nisbat berishgan. Hofiz Ibn Hajar, Ibn Hazm, Ibn Kasir, Ibn Abdulbarr kabi olimlar shular jumlasidandir.
- hadis va uning sharhiga doir barcha asarlarda bu kitob o‘z muallifi Imom Buxoriyga nisbat berilgan holda tilga olinadi. Hech kim uni Imom Buxoriydan boshqaga nisbat bermagan.
“Sahihi Buxoriy” haqidagi yana bir ayblov shuki, Imom Buxoriy arab bo‘lmagan. Biz bu da'voning asossizligini isbotlash uchun quyidagilarni aytib o‘tamiz:
- bu da'vo musulmon diyorlarning tarixidan bexabar kimsalar tomonidan aytilgan. Chunki Imom Buxoriy dunyoga buyuk allomalarni yetishtirib bergan Buxoro shahrining farzandi bo‘lgan.
- Imom Buxoriy ziyoli oilada dunyoga kelgan. Ilm talabida musulmon o‘lkalar, xususan, Makka, Madina, Misr, Bag‘dod kabi yirik shaharlarga safar qilgan. U Buxorodan chetga chiqmay yashab o‘tmagan. Imom Buxoriyning asli arab bo‘lmasligi u arab tilini bugun uning shox asarini ta'na qilib chiqayotgan ayrim arablardan ko‘ra yaxshiroq bilgan bo‘lishiga monelik qilmagan.
“Sahihi Buxoriy” haqidagi asossiz ayblovlardan yana biri shuki, bu ummatning bir qator muhaddislari va hofizlari undagi hadislarni tanqid qilgan. Bundan kelib chiqadiki, “Sahihi Buxoriy”dagi hadislarning hammasi ham sahih emas.
Bu da'voga javobimiz quyidagicha:
- Imom Doraqutniy kabi oz sonli muhaddislar “Sahihi Buxoriy”da kelgan ayrim hadislarni tanqid qilgani rost. Biroq, Hofiz Ibn Hajar va Imom Navaviy kabi zabardast allomalar unga raddiyalar berganini ham bilib qo‘ysak yaxshi bo‘ladi.
- qolaversa, “Sahihi Buxoriy”dagi ayrim hadislarni tanqid qilgan o‘sha oz sonli ulamolar ham Imom Buxoriyning hadis ilmida peshqadamligi, olimligi, hofizligi va boshqa xususiyatlarini e'tirof etgan. Hatto “Sahihi Buxoriy”ni Qur'oni karimdan keyingi eng ishonchli manba deb bilgan.
- “Sahihi Buxoriy”ni tanqid qilgan muhaddislar uning sha'ni va mavqeini pastga urishni maqsad qilmagan. Aksincha, ular uni himoya qilish, yuksak darajasini saqlab qolish ishtiyoqida bo‘lishgan.
- umumiy hadislari soni yetti ming ikki yuztadan ko‘proq bo‘lgan “Sahihi Buxoriy”dagi oz sonli hadislarning tanqid qilinishi uning mavqeiga putur yetkazmaydi.
- ular “Sahihi Buxoriy”dagi ayrim hadislarni tanqid qilgan, ammo zaifga chiqarmagan. Balki Imom Buxoriyning o‘zi uni to‘plashda belgilab olgan shart – oliy darajaning yo‘qligini tanqid qilishgan. O‘sha hadislar sinchiklab o‘rganilganda, haqiqat Imom Buxoriy tomonida bo‘lib chiqqan. Chunki uni tanqid qiluvchilar tayangan qonun-qoidalarning o‘zi hadis allomalari nazdida kuchsizdir.
- tanqid qilingan hadislarning aksariyatini Imom Buxoriy kitobxon zerikib qolmasligi uchun qo‘shimcha va shohid sifatida keltirgan. Ular kitobning bosh mavzusiga kiritilmagan.
“Sahihi Buxoriy” haqidagi yana bir ayblov shuki, Imom Buxoriy Payg‘ambar alayhissalom vafotlaridan ikki yuz yil o‘tib, hadislarni kitob qilib jamlagan bo‘lishi imkonsizdir. Chunki bu orada sahobalarning aksariyati vafot etib ketgan bo‘lgan.
Bu ayblov asossizligini quyidagi fikrlar orqali isbotlab beramiz:
- Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bilan Imom Buxoriy o‘rtalaridagi vaqtning uzun yoki qisqaligi hadisning sahih yoki zaifligini belgilabi beradigan mezon emas. Chunki bu ummatning muhaddislari tayanadigan narsa – sanad, shuningdek, roviylarning to‘liq tarjimai holi bilan tanishib chiqiladigan, ularning rivoyatiga ishonish mumkin yoki mumkin emasligiga oydinlik kiritiladigan “jarh va ta'dil” nomli ilmdir.
- Imom Buxoriy Payg‘ambar alayhissalomning hadislarini yozgan birinchi odam emas, balki undan avval ham sahobalar tomonidan u zotning hadislari yozib borilgan. Bu narsa Imom Buxoriygacha ham tobeinlar va ulardan keyingilar davrida davom etgan.
“Sahihi Buxoriy” haqida o‘rtaga tashlanayotgan yana bir asossiz ayblovshuki, Imom Buxoriy uni o‘n olti yilda to‘plagan. Hadislarning sahihligi, qabul qilishdagi shartlar topilgan-topilmaganini aniqlashtirishda olti yuz ming hadisni o‘rganib chiqishga bu muddat kamlik qiladi.
Bu asossiz ayblovga quyidagicha raddiya beramiz:
- bu tanqidni o‘rtaga tashlaganlar hadis borasida sahihlik nimani anglatishini tasavvur qila olmaydigan kimsalardir. Zero, muhaddislar biror hadisni sahihga chiqargan bo‘lsalar, uning matni emas, balki sanadini e'tiborga olishgan. Sanad esa muayyan adaddagi roviylar guruhi atrfida o‘rganiladi. Hadislar qancha ko‘p bo‘lmasin, rivoyat yo‘llari aniq sondagi shayxlarning ismiga borib taqaladi.
- Imom Buxoriyning “Sahih”idagi roviylarning umumiy soni 1525 nafarni tashkil etadi. Uni tanqid qilayotgan kimsalar o‘ylagandek son-sanoqsiz emas.
- Imom Buxoriyning roviylar va hadis ilmi borasidagi bilim va tajribasi, yoshligidan boshlab shu sohaga o‘zini bag‘ishlagani hadislarni o‘rganish, ularning darajasi va roviylar martabasini aniqlashtirib olishiga yordam bergan.
“Sahihi Bxuoriy”ga qaratilayotgan tanqidlardan yana biri shuki, Imom Buxoriy o‘z davridagi muhaddislar tomonidan tanqidga uchragan. Demak, uning hadis borasidagi peshqadamligi borasida hammaning fikri bir joydan chiqmagan. Abu Hotim Roziy, uning o‘g‘li Abdurahmon, Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy kabilar shular jumlasidandir.
Biz bu ayblovga quyidagicha javob beramiz:
- bu Imom Buxoriy va mazkur ulamolar nomiga qilingan bo‘htondir. Aslida e'tiborli muhaddislar Imom Buxoriyni maqtab gapirgani, odamlar oldida uning mavqei va peshqadamligini e'tirof etgani naql qilingan.
- Imom Navaviy va Tuvfiy bunday degan: “Buxoriy va Muslimga “muhaddislar imomi” degan sharafli nomning berilishi u ikkisidagi taqvo tufayli, hadislar orasidan sahihlarini ajratib olish yo‘lidagi jiddu jahdlari sabablidir. Hatto ulardan keyingi muhaddislar bu masalada aynan ularning yo‘lidan yurgan”.
- Imom Termiziy: “Na Iroqda va na Xurosonda hadis illatlari, tarixi, sanadlari haqida Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan ko‘ra ilmliroq kishini ko‘rmaganman”, degan.
- Ahmad ibn Hanbal: “Xuroson Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning o‘xshashini dunyoga keltirmagan”, degan.
Hofiz Bag‘dodiy Imom Buxoriyning Basra, Hijoz, Kufa, Bag‘dod, Ray va Xuroson kabi yirik shaharlaridagi mavei haqida juda uzoq gapirgan.
“Sahihi Buxoriy” haqidagi asossiz ayblovlardan yana biri shuki, unda Qur'oni karim oyatlariga zid keladigan hadislar ham bor. Biz bu ayblov asossizligini isbotlab berish uchun quyidagilarni aytib o‘tamiz:
- Imom Buxoriy o‘zi ishonchli imom bo‘la turib Qur'oni karimga zid keladigan hadislarni yozishi mumkin emas. Ayniqsa, “Sahih”iga kiritmoqchi bo‘lgan hadislarni qabul qilishda uning illat va shozlik (ko‘pchilikning rivoyatiga nomuvofiq kelishi)dan xoli bo‘lishini shart qilib qo‘ygan bo‘lsa.
- Imom Buxoriy bilan zamondosh va undan keyingi ulamolar “Sahihi Buxoriy” va boshqa asarlardagi Qur'oni karimga zid keladigan hadislarni indamay qabul qilishi mumkin emas. Agar shu holat bor bo‘lganida, ular aniq gapirgan va zid kelgan jihatlarini ko‘rsatib o‘tgan bo‘lar edilar.
Xulosa shuki, oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi, deganlaridek, “Sahihi Buxoriy” musulmonlar uchun Qur'oni karimdan keyingi eng ishonchli manba ekani kundek ravshan. Uni yuqorida o‘tgan va boshqa asossiz ayblovlar bilan tanqid qilib chiqayotganlar ko‘zida parda borligi uchun Quyosh nurini xiraga, ta'm bilish bilan bog‘liq illati borligi uchun shirin asalni taxirga chiqaradigan kasal kimsalardir.
Alouddin Nematov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Kiritilgan vaqti: 18/05/2023 11:50; Ko‘rilganligi: 1250
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 22:08