Ne'matga e'tirof va shukr lozim
Mamlakatimizda so‘ngi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi diniy sohada ham ko‘plab islohotlar, o‘zgarish va yangiliklar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yangi madrasa va masjidlarning ochilishi, Qur'on o‘qitish kurslarining tashkil qilinishi, Haj va Umra ziyoratlarini ado etish uchun yurtdoshlarimizga bir qancha qulayliklarni yaratilishi shular jumlasidandir. Ammo noxolis yondashuvchi, yangiliklarni to‘g‘ri ilg‘ay olmaydigan shaxslar ham jamiyatda topilib turishi achinarli holatdir. Yaqinda ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchilarning biri Imom Buxoriy dafn etilgan qishloqlarda taroveh o‘qigan musulmonlar jarimaga tortilganini yozib chiqibdi. Aslidachi? Holat qanday? Barchaning xabari borki, yurtboshimizning tashabbuslari bilan Imom Buxoriy majmuasi hozirgi vaqtda tubdan qayta qurilmoqda. Bu yerda 10 ming o‘rinli masjid qad rostlamoqda. Namozxonlar o‘z ibodatlarini bekamu ko‘st ado etishlari uchun tashkilotchilar tomonidan barcha sharoitlarga ega 1000 o‘rinli vaqtinchalik masjid tashkil etilgan. Bu masjidda namozxonlar va ziyoratchilar kunlik besh vaqt namoz, juma va taroveh namozlarini ado etishmoqda. Taroveh namozida xatmu qur'on ham qorilarimiz tomonidan o‘qib berildi va bundan jamoat mamnun bo‘ldi.
Shu o‘rinda viloyatimizdagi 287ta masjidning barchasida taroveh namozlari o‘qilayotgani, shundan 163 ta masjidda xatmu qur'on bo‘layotgani, taroveh namozlarida amru ma'ruf va ulamolarimizning suhbatlari bo‘lib o‘tayotganini eslab o‘tishmiz ham joiz. Ramazon o‘zgacha shukuh va fayz bilan o‘tmoqda. Yurtimiz mo‘min musulmonlari emin erkin, osoyishtalik, qalbdagi sokinlik va rozilik bilan o‘z amallarini ado etayotgan bir paytda unga shukronalik va yaxshi jihatlarni e'tirof etish bilan nazar solish adolatli bo‘lar edi.
ZAYNIDDIN ESHONQULOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakili
Kiritilgan vaqti: 24/04/2022 12:49; Ko‘rilganligi: 750
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 00:36