Nega qushlar uchburchak shaklda uchadi?

Javobi – juda qiziq va oddiy. Bu usul qushlarga uzoq masofani kam energiya sarflagan holda bosib o‘tishlariga yordam beradi. Boisi har bir qush to‘g‘ri qo‘shnisi ortidan uchadi va uning qanotlari hosil qilgan havo oqimi ichida bo‘ladi. Bunday uslub 71 % ko‘proq masofani bosib o‘tish imkoniyatini beradi.
Yanada qiziqarli jihati shundaki, old qatorda turgan qushlar charchoqni “his” qilishi bilan orqaga o‘girilib, safning orqa qatoriga qo‘shiladi va biroz dam olgach yana o‘z joyiga qaytadi.
London universiteti biologlari Stiven Portugal va Jeyms Ushervud boshchiligidagi bir guruh tadqiqotchilar Avstriyadan Italiyaga “ko‘chib” o‘tayotgan qushlarni kuzatishdi.
Tadqiqotda ishtirok etgan doktor Ushervud “Nature” ilmiy jurnaliga bergan intervyusida: “Bu xatti-harakat qushlarga parvoz paytida energiyani tejashga yordam beradi. Hamma qushlar ham uchburchak shaklda ucha olmaydi. Faqat qushlarning ba'zi turlari, masalan, turna, pelikan va g‘ozlar shu shaklda uchadi. Uchburchak (V) shaklida uchadigan qushlar asosan katta bo‘ladi. Ular bir xil tezlikda va katta masofalarga uchadi hamda odatda ularning qanotlari uzun bo‘ladi. Ushbu tadqiqot samolyotlar qanday birga uchishini o‘rganishga ham yordam beradi”, deydi.
Har bir ishi hikmatli bo‘lgan Hakim Zot – Alloh subhanahu va taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin! Bandalariga osmonda uchib yurgan qushlardan ham ibrat olishga buyurgan Robbimiz har qanday ayb-nuqsonlardan pokdir: “Tepalarida (qanotlarini) yoyib va yig‘ib (uchayotgan) qushni ko‘rmaydilarmi? Ularni Rohmandan boshqa ushlab turuvchi yo‘q. Albatta, U barcha narsani ko‘ruvchidir” (Mulk surasi, 19-oyat).
Subhanalloh, Alhamdulillah, Allohu akbar...
Davron NURMUHAMMAD
Kiritilgan vaqti: 14/12/2022 16:14; Ko‘rilganligi: 1830
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 20:05





















