O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Musulmonni kofir deb bo‘lmaydi

 
 

Allohning yagonaligi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uning elchisi ekaniga iymon keltirgan kishi musulmon hisoblanadi. 

Islom borasidagi ko‘pgina xatolar qatori bu masaladagi xato ham asosan kishilarning diniy bilim saviyasining yo‘qligi yoki xatoligidan kelib chiqadi. Eng yomoni o‘sha kamchilikni to‘g‘rilashga harakat qilmaslikdir. Shu so‘zni tili bilan aytib, qalbi bilan tasdiq etsa bo‘ldi. Hech kimga insonning iymonini o‘lchash huquqi berilmagan. Ming afsuski, soxta salafiy va shu kabi adashgan gumroh kishilar gunoh ish qilib qo‘ygan musulmonlarni kofir deb, uning qoni va molini halol sanamoqda.

Musulmon kishini kofirga chiqarish mumkin emasligi borasida Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Uch narsa iymonning aslidir:

Laa ilaha illalloh (Allohdan boshqa iloh yo‘q!)” degan kimsaga tegmaslik;

Gunohi bois uni kufrda ayblamaslik;

Amali uchun uni Islomdan chiqarmaslik lozim; 

La ilaha illalloh degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi sabab kofir demaymiz, amali tufayli islomdan chiqarmaymiz. (Imom abu Dovud rivoyatlari). 

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, haqiqiy mo‘min-musulmon boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, uni qilgan amali sababli mo‘min emassan degan so‘zni aytmasligi lozimdir. Bu masalada «Sharhi aqiydatut Tahoviya» kitobida quyidagilar aytiladi:

«Ahli qiblalardan birortasini gunoh tufayli kofir qilmaymiz. Modomiki, o‘shani halol hisoblamasa». 

Bu kabi masalalarda «ahli qibla»dan murod, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam keltirgan jami narsalarga iymon keltirib, dinning asosiy narsalaridan birortasini inkor qilmaganlar ko‘zda tutiladi.

Demak, ahli qiblalardan birortasini gunoh tufayli kofir qilmaymiz» degani, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam keltirgan jami narsalarga iymon keltirib, dinning asosiy narsalaridan biror narsani inkor qilmagan odamni gunohi kabira yoki gunoh tufayli kofir, deb hukm chiqarmaymiz, deganidir. Bu masalada ahli sunna va jamoa aytgan xulosa shuki, mo‘min odam gunohi kabira qilishi bilan kofir bo‘lib qolmaydi. Faqat o‘sha ishni halol sanasa, kofir bo‘ladi. Misol uchun aroq ichgan odam uni halol deb e'tiqod qilsa, kofir bo‘ladi. Aroqni halol deb e'tiqod qilmasa-yu, uni ichsa osiy bo‘ladi. Dinimiz ta'limotiga ko‘ra, shirkdan tashqari har qanday gunoh qilgan inson toki o‘sha gunohini halol deb hisoblamas ekan, kofir bo‘lmaydi.

 Demak, turli xil internet tarmoqlari va guruhlarda ertalabdan kechgacha vaqtini bekor o‘tkazib, odamlarni kofirlikda ayblab fitna, tuxmat va bo‘hton qilayotgan kimsalar avvalo, Alloh taologa chin dildan tavba qilishlari lozim. Qolaversa, bunday ishlarni bas qilishi o‘zi va atrofidagilar uchun koni foydadir.

 M.Bozorova Jo‘ybori Kalon O‘MITM o‘qutuvchisi 


Kiritilgan vaqti: 09/02/2022 07:47;   Ko‘rilganligi: 1211
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/musulmonni-kofir-deb-bolmaydi
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 17:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing