Musulmonlar fitnalardan saqlaning!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Dinimizda insof-diyonat, o‘zaro totuvlik, jamiyatdagi birdamlik va mehr-muhabbat kabi xislatlar qadrlanadi. Chunki tinchlik-totuvlik va o‘zaro hamjihatlik bo‘lgan jamiyat rivojlanadi, gullab-yashnaydi. Odamlar orasida fitna va ixtilof chiqarish, bir-biriga qarshi gij-gijlash, ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishga harakat qilish qattiq qoralanadi.
Tinchlikni farovonlik va taraqqiyotning bosh mezoni deb bilgan har qanday davlat jamiyatda fitna oralashiga qarshilik qiladi, bunga yo‘l qo‘ymaydi, fitnachilar bilan hech qachon murosaga bormaydi. Insoniyat tarixining ilk kunlaridanoq holat shu. Dushman qayerni egallamoqchi bo‘lsa, qaysi zaminning boyliklarini talamoqchi, xalqini qul qilmoqchi bo‘lsa, albatta o‘sha yerda fitna urug‘ini ekishga harakat qilgan, mahalliy fitnachilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan.
Bunga tarixdan misol keltirsak! Madina shahrida yashagan Avs va Xazraj qabilalari doim bir-biri bilan adovat qilardi. Islom kelganidan keyin ular do‘st-birodar bo‘lib yashay boshladilar. Ularning bu do‘stligini ko‘ra olmaganlar ularga qizg‘in jang bo‘lgan “Buos” kunini eslatdi. O‘sha kungi janglar, qahramonliklardan boshlangan gap, nizoga aylanib, oxiri ikki qabila o‘zaro jang qilishmoqchi bo‘lishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bu voqeaning xabari yetgach, as'hoblari hamrohligida ular yoniga chiqib bordilar. To‘planib turishgan joyga yetib borgach:
“Ey musulmonlar jamoasi! Allohdan qo‘rqsangiz bo‘lmaydimi?! Men hali orangizda bo‘la turib sizlar johiliyat chaqiriqlariga chorlaysizmi?! Alloh sizlarni Islomga hidoyatlab qo‘yganidan va u bilan sizlarni mukarram qilganidan, u sababli sizlardan barcha johiliyat ishlarini uzib tashlaganidan, u sababli sizlarni kufrdan qutqarib, dillaringizni bir-biriga oshno qilganidan so‘ng-a?!”,dedilar. Shundagina qavm o‘zlariga kelib, dushman makriga aldanib qolganliklarini anglab yetdilar, ikkala qabila a'zolari quchoqlashib, bir-birlaridan kechirim so‘radilar
“As-Siyratun nabaviya kitobidan.
“Fitna” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, lug‘atda “sinash”, “imtihon qilish”, “olovda toblash” ma'nolarini bildiradi.
Qur'oni karim va hadisi shariflarda esa “fitna” so‘zi bir necha ma'nolarda kelgan. Masalan, “sinov, imtihon”, “haq yo‘ldan to‘sish”, “olovda azoblash”, “shirk, kufr keltirish”, “botilni haq qilib ko‘rsatish”, “zalolatga ketkazish”, “odamlarni qatl qilish va asir olish”, “odamlar o‘rtasidagi kelishmovchilik” ma'nolarini uchratish mumkin.
Hozirgi kunda musulmonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, ularni bir-biriga gij-gijlash, musulmon yurtlarda urush chiqarib, odamlarni qatl va quvg‘in qilish ham katta fitna hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” (Baqara surasi, 217-oyat).
Diniy manbalarda fitnaning odam o‘ldirishdan ham yomonroq deb hisoblanishi uning xatarlari bir kishining o‘ldirilishidan ko‘ra ancha keng ko‘lamga ega ekanligi bilan izohlanadi. Albatta, mol ilinjida, g‘azab sababli yoki boshqa har qanday omil tufayli bir jonning hayotiga nuqta qo‘yish katta jinoyat. Biroq, jamiyat a'zolari orasida fitna chiqarish odamlarni bir-birlariga qarshi qayrash, nizo chiqarish orqali birodarkushlik urushlariga, butun boshli millatni taraqqiyotda o‘nlab yillar ortga surib yuboruvchi vayronagarchiliklarga sabab bo‘lishini inobatga olsak, jamiyat uchun bundan ham katta talofat bo‘lmasligini anglaymiz.
Fitnaning eng ko‘p ishlatiladigan ma'nosi buzg‘unchilik, fisqu-fasod qo‘zg‘ash, jamiyatda turli asossiz mish-mishlar tarqatish, xalqni o‘z davlatiga qarshi qo‘yishdir. Fitnaning yomon tomoni shundaki, ko‘pchilik uning asl mohiyatini anglamaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar:
“Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, bu dunyo, toki qotil nima uchun o‘ldirayotganini, maqtul nima uchun o‘ldirilayotganini bilmaydigan kun kelmaguncha, yo‘q bo‘lmaydi”. “Bu qanday ro‘y beradi?” – deyildi.“Harj (fitna aralashgan urush bo‘ladi), o‘ldirgan ham, o‘ldirilgan ham do‘zaxda!”– dedilar. Imom Muslim rivoyati.
Afsuski, dunyodagi notinch hududlar haqida fikr qilgan kishi bu hududlar aksar hollarda musulmon diyorlari ekanini anglaydi. Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillarda terrorizm balosidan eng ko‘p aziyat chekkan dunyoning 10 ta mamlakatidan 8 tasi musulmon diyorlar ekani aniqlangan. Bu yerlarda musulmon musulmonning qonini to‘kmoqda, o‘ldirmoqda. O‘ldirayotgan nima uchun o‘ldirmoqda, o‘ldirilgan nima uchun qatl qilingani so‘ralsa, tayinli javob yo‘q, hech biri bilmaydi.
“Jihod”, “Islom davlati qurish” kabi niqoblardagi urushlar, xunrezliklar qanchadan-qancha odamlarni o‘z domiga tortib ketdi. O‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lmagan kishilar bunday hollarda chet eldagi gumashtalarining “fatvo”lari bilan fitnani oqlamoqchi bo‘ladilar.
Musulmonlarning boshiga turli kulfatlarni yog‘dirgan “ISHID” terrorchi tashkiloti ham zamonamizning ana shunday fitnalaridan biridir. Binobarin, bu mash'um tashkilot sabab 13 milliondan oshiq tinch aholi o‘z uyini tashlab, qochoqlikka mahkum bo‘ldi. Millionlab yoshlar maktabga borolmay qoldi. Qanchadan-qancha ayollar beva, norasida go‘daklar esa yetim qoldi. Obod yurtlar xonavayron bo‘ldi...
Fikr, mushohada qilgan kishi borki, bu fitnalar musulmonlar boshiga faqat kulfat va achchiq azob keltirishini anglab yetadi. Shundan keyin ham ba'zi yoshlarning “jihod” qilaman deb, o‘zini olov domiga tashlashi, musulmonlarga qarshi qurol ko‘tarishini qanday tushunish mumkin?!
Abu Idris al-Xavaloniy Huzayfa ibn al-Yamon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
“... jahannam darvozasiga da'vat qiluvchilar paydo bo‘ladi, kimki ularning da'vatiga javob qilsa, uni jahannam qa'riga uloqtiradilar”- dedilar. Men: “Ey, Allohning Rasuli, o‘sha kishilarni bizga tavsiflab bering!” -dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ular o‘z urug‘imizdan bo‘lib, bizning tilimizda so‘ylaydilar”, - dedilar. Men: “Agar men o‘sha davrda hayot bo‘lsam, nima qilishimni buyurasiz?” - dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonlar jamoasidan ayrilmagin, ularning imomlariga ergashgin!”, - dedilar. Men: “Basharti, o‘sha zamonda na musulmonlar jamoasi na imomlari bo‘lmasa-chi?” - dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Garchi daraxt tomirini kemirib kun ko‘rishingga to‘g‘ri kelsa ham seni sabr qilishga da'vat qiluvchi Allohni qalbingga mahkam tugib olgin-da, o‘la-o‘lguningcha o‘sha zamon fitnachilaridan yiroq bo‘lgin!” -deb aytdilar
Imom Buxoriy rivoyati.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana shunday marhamat qilganlar:
“Albatta, kelajakda ko‘p fitnalar bo‘ladi. U vaqtda (jim) o‘tiruvchi tik turuvchidan yaxshi, tik turuvchi (fitnaga qarab) yuruvchidan yaxshi, yuruvchi yuguruvchidan yaxshidir. Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o‘ziga jalb qiladi. Demak, kim boshpana yoki panoh bo‘ladigan joy topsa, o‘shani lozim tutsin!”– dedilar
Imom Buxoriy rivoyati.
Diqqat qilinsa, fitna haqidagi hadislarda unga aralashmaslik, o‘zini chetga olish tavsiya qilinadi. Hadisi sharifdagi “Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o‘ziga tortadi” jumlasining tasdig‘ini ham hayotda ko‘rdik. “ISHID” terrorchi tashkiloti yoki jihodiy jamoalar da'vatchilarining targ‘ibotini muntazam eshitib yurgan ko‘pchilik yoshlar, ming afsuski, uning to‘riga ilinib qoldilar.
Jamiyatning har bir a'zosi fitna urchimasligiga harakat qilishi, fitnachilarning kirdikorlariga qarshi turishi kerak. Imom Dorimiy rivoyat qiladilar: Subayg‘ al-Iroqiy nomli bir kishi musulmon askarlar orasida Qur'ondagi turli narsalardan so‘rab, askarlar orasida fitna qo‘zg‘ab yurardi. U Misrga kelganida Misr hokimi Amr ibn Os uni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga yubordi. Umar roziyallohu anhu Subayg‘dan “Odamlardan nimalar haqida so‘raysan?” – dedi. U aytib berdi. So‘ng Umar ibn Xattob xurmo shoxini keltirib, Subayg‘ning orqasiga yara bo‘lguncha urdirdi. Yarasi bitgach yana urdirdi. Bu hol bir necha marta takrorlandi. Shunda Subayg‘: “Ey mo‘minlarning amiri, agar meni o‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, chiroyli qilib o‘ldiring. Agar ta'zir bermoqchi bo‘lsangiz, aqlim kirdi”, - dedi. Umar ibn Xattob Subayg‘ni o‘z yurtiga jo‘natib yubordi va o‘sha yurt voliysiga hech kim u bilan suhbatlashmasligini qattiq tayinladi. Subayg‘ avvallari o‘z qavmining sayyidi edi. Bu voqeadan keyin esa haqir bo‘ldi. Sababi, u Qur'ondagi ba'zi oyatlardan ixtilofli masala chiqarishga urinar edi.
Ko‘rinib turganidek, hazrati Umardek zot fitna urchimasligi uchun odamlar orasida fitna-fasod qo‘zg‘aydigan kimsalarga qarshi mana shunday qattiq choralarni ko‘rgan edilar.
Yana bir katta fitna musulmonlar orasida e'tiqodiy va fiqhiy masalalarda ixtiloflar chiqarishdir. Qur'oni karimda ba'zi kishilar odamlarni fitnaga solish va o‘z talqiniga ko‘ra ma'no berish uchun mutashobeh oyatlarni o‘zlariga dastak qilib olishi xabar beriladi. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
“Ammo dillarida og‘ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o‘z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta'vilini (asl ma'nosini) faqat Allohning O‘zigina bilur...” (Oli Imron surasi, 7-oyat).
Hozirgi kunimizda ham odamlar orasiga turli ixtilof urug‘larni sochayotgan kishilar asosan mutashobeh oyatlarni o‘zlariga dalil qiladilar. Ming yillardan beri amal qilinayotgan mazhablarni tashlab, mazhabsizlikka da'vat etadilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalom: “...Bilimsizlikning davosi so‘rashdir”, – dedilar.
Fitnalar domiga tushib qolmasligi uchun yoshlarimiz birinchi navbatda do‘st bilan dushmanning farqiga borishlari kerak. Kim bizga to‘g‘ri maslahat beradi, xato-kamchiliklarimizni to‘g‘rilaydi-yu, kimlar bizning qoqilishimizni poylaydi. O‘zini do‘stdek tutib, fursat kelganda orqadan pichoq uradi? Buning farqiga borish lozim.
Yana har kimning gapini haqiqat deb ergashib ketavermaslik kerak. Biror yangilikni o‘qiganda, uning manbasini yaxshilab tekshirish, bu qanchalik haqiqat ekani, u kimning foydasiga xizmat qilishini aniqlash darkor. Ba'zan yoshlarimiz ijtimoiy tarmoq saytlarida e'lon qilingan yolg‘on-yashiq ma'lumotlarni ham boshqalarga tarqatadilar, uni muhokamaga qo‘yib, odamlarni chalg‘itadilar. Bu esa dinimizda qattiq qoralangan amaldir.
Yaqin tariximizda, yurtimiz mustaqillikni endi qo‘lga kiritgan yillarda yosh davlatimizga nisbatan turli fitnalar uyushtirildi. Sir emaski, o‘sha fitnalarga aralashganlar, tinchlik-osoyishtaligimizni buzib, g‘arazli maqsadlar yo‘lida harakat qilganlar jazoga tortildi. Lekin davlatimiz doim kechirimlilik yo‘lini tutib keldi. Ayniqsa, keyingi yillarda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ketma-ket afvlar e'lon qilindi. Minglab kishilar oila a'zolari bag‘riga qaytib, tinch-osuda hayot kechirmoqda. Ular hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishlari uchun har tomonlama yordam berilmoqda, ish bilan ta'minlanmoqda, moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Zero dinimiz kechirimli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Bu haqda Alloh taolo marhamat qiladi:
“...Ularni afv eting va kechiring! Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).
O‘z navbatida, bunday insonlar ham berilgan imkoniyatlarning shukronasini qilib, jinoyat yo‘llaridan uzoq yurishlari, oilasi, mahallasi, Vatani xizmatida kamarbasta bo‘lishlari zarur.
Musulmon o‘lkalar, jumladan, bizning jonajon vatanimizdagi taraqqiyot, bugungi ijobiy o‘zgarishlar kimlargadir yoqmasligi va ular bizni chalg‘itish uchun fitnalar uyushtirishi tabiiy. Biz esa bu fitnalarga aldanmasligimiz kerak. Fitnalarning nechog‘li zararli, yomon oqibatlarga olib kelishini hayotda ko‘rdik. Bu xatoni takrorlashga aslo haqqimiz yo‘q.
Xalq ichiga fitna solmoqchi bo‘lganlarga har birimiz nasihat qilib, o‘tgan og‘ir kunlarni eslatib, bugungi tinch-xotirjam hayotimizga shukr qilishni targ‘ib qilishimiz kerak.
Tinchlik, salomatlik katta ne'mat. Ular bor joyda rivojlanish, erkinlik bo‘ladi. Vaholanki, shu kunlarda ham fitna o‘choqlarida qurbon bo‘layotgan, uy-joysiz qolib, qochoq bo‘lib yurgan, urushdan qo‘rqib, bolalarini maktabga ham chiqarmay qo‘ygan millionlab insonlar bor. Bu voqealarni tafakkur qilgan kishi, aslida inson o‘z uyida xotirjam istirohat olishi ham ulkan ne'mat ekanini anglaydi.
Manba: Islom.uz
Kiritilgan vaqti: 05/10/2019 15:06; Ko‘rilganligi: 3036
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 10:00