O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MULOYIM BO‘LAYLIK!

 
 

Istiqlol yillarida, xususan so‘nggi besh yil ichida mamlakatimizning barcha sohalarida islohotlar, go‘zal o‘zgarishlar amalga oshirildi. Diniy sohada ham juda katta ijobiy ishlar amalga oshirildiki, buning shukronasini ado etmog‘imiz lozim. Xususan, masjidlarimizning soni 2100 tadan oshib, diniy ta'lim yo‘nalishiga alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, 3 ta diniy ta'lim muassasasi: Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis Ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi ochilgan bo‘lsa, Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Motrudiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari ish boshladi. Diniy ta'lim muassasalariga qabul kvotalari bir necha baravar oshirildi.

Shuningdek, turli hududlarda Hadis, Kalom, Tasavvuf, Fiqh ilmiy maktablari faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshida Qur'on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi tashkil etilib, o‘lkamizda ilk bor 21 ta “Qur'onni karim va tajvid” kursi faoliyatini boshladi. 40 mingdan oshiq yurtdoshlarimiz Umra, 12 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Muborak Haj ibodatini amalga oshirdilar. Albatta, bu kabi sa'y-harakatlarning barchasi dinimiz rivoji, xalqimizning diniy-ma'rifiy bilimini yuksaltirishga qaratilgan.

Lekin shuni afsus bilan ta'kidlash lozimki, diniy sohada shuncha ezgu ishlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, dilni xira qiladigan, foydasiz tortishuvlar, nizolarga ham guvoh bo‘lib qolmoqdamiz. Bu kabi foydasiz bahslar kishilarni foydali ilm olishdan uzoqlashtiradi, umrni behuda o‘tishiga sabab bo‘ladi. Eng yomoni, bu tortishuvlarning diniy mavzular atrofida bo‘layotganligidir. Ijtimoiy tarmoqlarga e'tibor bersak, diniy sohada o‘qimagan, ustoz ko‘rmagan yoshlar diniy masalalar ustida bahslashib, asossiz fatvolar berishgacha borib yetayaptilar-ki, buning oqibatida odamlar orasida turli tafriqalarga, tushunmovchiliklarga, fitnalarga sabab bo‘lmoqda. Qisqasi, ijtimoiy tarmoqlar diniy mavzulardagi tortishuvlar maydoniga aylanib qoldi. Tortishayotgan, men sendan ziyodman deb bahslashayotganlar ichida ilm ahlining ham borligi juda afsuslanarli holat.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hazratlarining ahli ilmlarga qilgan murojaatlari aynan shu mavzu atrofida bo‘ldi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Biz otinoyilar ham bu murojaatni qayta va qayta eshitdik va o‘zimizga tegishli xulosalar qilib oldik. Biz otinoyilar bu gapni shariatning gapi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolarining fatvosi o‘laroq qabul qildik. Har birimiz qaysi maydonda, qaysi yig‘inda, qanaqa majsilda gapirishimizdan qat'iy nazar o‘zlarimizni isloh qilishimiz zarurligini teran angladik, chuqur his etdik.

Darhaqiqat, Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Doim muloyim bo‘lgin. Zotan, muloyimlik nimada bo‘lsa, uni ziynatlaydi, nimadan olib tashlansa, uni nuqsonli, xunuk qiladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Alloh barchalarimizni nabaviy xislat bilan ziynatlanib, uni sunnatga muvofiq hayotga tadbiq qilib borishimizda madadkor bo‘lsin!

 N.Temirova - Samarqand viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 29/09/2022 09:06;   Ko‘rilganligi: 731
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/muloyim-bolaylik
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 16:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing