O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Muhtoj kishilarga yordam berish ulkan savobli ish

 
 

Alloh taolo: «Bas, u dovon oshib o‘tmadi. Dovon nima ekanligini senga nima bildirdi? Qul ozod qilishdir. Yoki ocharchilik kunida taom berishdir. Qarindosh yetimga. Yoki tuproqqa qorilgan miskinga», degan (Balad surasi, 11-16-oyatlar).

Sharh: «Balad» surasidagi ushbu oyatlarda Alloh taolo qul ozod qilmaslik yomon ish ekanligini bayon qilmoqda. Bu hol esa o‘z navbatida, inson qul ozod qilishi kerak ekanligini bildirishdir.

Alloh taoloning eng ulug‘ ne'mati – insonga yaxshi-yomonni, oqu qorani, savob-gunohni ajratish xususiyatini berib qo‘ygani hamda yaxshilik yo‘lini va u qayoqqa olib borishini, yomonlik yo‘lini va u qayoqqa olib borishini ko‘rsatib qo‘yganidir.

Demak, inson yomonlik yo‘lini tark etib, doimo yaxshilik yo‘lida yurib, havoi nafsga erk bermay, to‘g‘ri yo‘ldan qiyinchiliklarni yengib bormog‘i lozim. Ammo insonlar har xil bo‘ladi. Ba'zilari yaxshilik yo‘lidagi to‘siqlarni yengib o‘tishda dangasalik qilib, yaxshilikni qiyinchilik deb o‘ylaydi. Biz o‘rganayotgan oyatlarda aynan shunday insonlar haqida so‘z bormoqda:

«Bas, u dovon oshib o‘tmadi».

Ushbu oyati karimada insonning o‘z havoi nafsiga og‘ir keladigan ishni qilishi istiora yo‘li bilan dovon oshishga o‘xshatilmoqda. So‘ngra o‘sha «dovon»ning ahamiyatli, uncha-buncha odam idrok qilib, yeta olmaydigan narsa ekanligini izhor qilish uchun qu­yidagi ulug‘lash savoli ham berilmoqda.

«Dovon qanday narsa ekanligini senga nima bildirdi?»

So‘ng Qur'onning o‘zi «aqaba» – «dovon oshish» nima ekanligini quyidagi oyatlarda tushuntiradi.

«U qul ozod qilishdir».

Ma'lumki, Qur'oni Karimning mana shu oyatlari nozil bo‘layotgan vaqtda butun dunyoda quldorlik tuzumi avj olgan edi. Tarixda birinchi bo‘lib Islom qullik va quldorlikka qarshi chiqdi va qullarni ozod qilishni ibodat darajasiga ko‘tardi.

«Yoki ocharchilik kunida taom berishdir.

Qarindosh yetimga.

Yoki tuproqqa qorilib yotgan miskinga».

Havoyi nafsning to‘siqlarini yengish – dovon oshish, Alloh taologa yoqadigan ish qilish ocharchilik paytlarida namoyon bo‘ladi. To‘qchilik vaqtida odam riyokorlik, manmanlik va kimo‘zarga urinaveradi. Ammo ocharchilik bo‘lib, har kim o‘z qornini, ertangi kunini o‘ylab, bu shiddatli zamon qachon tugashini bilmay, hayron bo‘lib qolgan paytda muhtojlarga taom berish haqiqiy dovon oshish hisoblanadi, ana shu ishni amalga oshirganlar Allohning roziligini topadilar. Ushbu oyatlarda mazkur qiyin­chilik kunlarida taomga eng muhtoj toifalardan ikkitasi: qarindosh yetimlar va tuproqqa qorilib qolgan miskinlar alohida zikr qilinmoqda.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Men bilan yetimning kafili jannatda mana bunday birgamiz», deb, ko‘rsatgich va o‘rta barmoqlarini birlashtirib ko‘rsatgan ekanlar. Ko‘rinib turibdiki, muhtoj kishilarga yordam berish ulkan savobli ish. Fursati borlar bunga amal qilishlari kerak.

Haqiqiy ehson och-yalang‘och, muhtoj kishilarga yordam berish bilan bo‘ladi. Ammo bunday yaxshiliklarning hammasi doimo iymon bilan hamroh bo‘lmog‘i darkor. Shuning uchun keyingi oyatda mana shunga ishora qilingan.

Qur'oni Karimda qul ozod qilish haqida bosh­qa oyatlar ham bor. Alloh taolo «Baqara» surasida quyidagilarni aytadi:

«Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag‘rib tomonga burishingiz emas. Lekin yaxshilik – Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, nabiylarga iymon keltirgan va molini yaxshi ko‘ra turib, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘qsil yo‘lchiga, tilanchilarga va qul ozod qilishga bergan hamda namozni to‘kis ado etgan, zakotni bergan kishi, shuningdek, ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, yo‘qchilik, qiyinchilik va shiddat vaqtida sabr qiladiganlardir. Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar o‘zlari taqvodorlardir» (177-oyat).

Odatda odamlar yaxshilik matlub ekanligi haqida ixtilof qilmaydilar. Yaxshilik nima ekanligi haqida ixtilof qiladilar. Har kim o‘zining yo‘lini yaxshi deb tushunadi. Yaxshilik ma'nosiga o‘zicha ta'riflar keltiradi, chegaralar qo‘yadi, belgilar belgilaydi. Ular ko‘pincha yaxshilik deganda aqllarini, ota-bobolaridan qolgan urf-odatlarni, o‘zlari yashab turgan jamiyatdagi o‘lchovlarni tushunadilar. Birlari yaxshilik deb tushungan narsani boshqalari mutlaqo yomonlik deb tushunishlari ham mumkin. Demak, yaxshilikning haqiqatini mazkur hollardan ustun turuvchi jihat belgilashi kerak.

 

Muallif: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,

«Hadis va hayot» kitobidan.


Kiritilgan vaqti: 03/10/2020 10:19;   Ko‘rilganligi: 2643
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/muhtoj-kishilarga-yordam-berish-ulkan-savobli-ish
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 20:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing