Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar Islomiy fiqh akademiyasi Kengashiga qabul qilindi
20 aprel kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida Islom olami uyushmasi tarkibidagi Islomiy fiqh akademiyasining 23-davra yig‘ilishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar ushbu kengash a'zoligiga qabul qilingani aytildi.
Islomiy fiqh akademiyasi Islom olami uyushmasi (Robitat al-olam al-islomiy)ga qarashli Islom dunyosining taniqli faqih va yetuk ulamolaridan tashkil topgan mustaqil, yuridik maqomga ega bo‘lgan nufuzli ilmiy tashkilotdir.
1977 yil 10 dekabrda tashkil etilgan akademiyaning qarorgohi Saudiya Arabistoni Makka shahrida joylashgan.
Islomiy fiqhning e'tirof etilgan manbalaridan butun dunyo musulmonlari duch kelayotgan zamonaviy muammolar, tahdidlar va yuzaga kelayotgan dolzarb muammolarga oid hukmlarni ishlab chiqish, islom fiqhining keng qamrovliligini va uning musulmonlar oldida turgan masalalarni hal qilishdagi ahamiyatini ko‘rsatish, islom fiqhiy merosini targ‘ib qilish va qayta talqin qilish, atamalariga aniqlik kiritish hamda uni davr tili, tushunchalariga moslashtirish, islomiy fiqh sohasidagi ilmiy tadqiqot va izlanishlarni rag‘batlantirish, ishlab chiqilgan fiqhiy tadqiqotlar, yechimlarni ommalashtirish akademiyaning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi bosh muftiysi Shayx Abdulaziz bin Abdulloh Ol Shayx akademiya prezidentidir.
Yig‘ilishda qatnashgan dunyoning yetakchi ulamolari O‘zbekiston bosh muftiysini tabriklab, keyingi yillarda mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadilar.
Ta'kidlash lozimki, keyingi yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining musulmon dunyosi bilan aloqalari rivojlanib, turli yo‘nalishlarda munosabatlar yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik o‘rnatildi, turli davlatlar diniy idoralari bilan memorandumlar imzolandi, xorijdagi ilmiy konferensiyalar, Qur'on musobaqalari va ko‘rgazmalarda vakillarimiz faol ishtirok etmoqda.
Muftiy hazratlarining Xalqaro musulmon ulamolari kengashi va Musulmon donishmandlar kengashi a'zosi sifatida nufuzli tadbirlardagi tashabbuslari musulmon dunyosi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shuningdek, dolzarb mavzudagi chiqishlari Misr Arab Respublikasi, Qatar, Rossiya va MDHdagi bir qator davlatlardagi sayt va ijtimoiy tarmoqlar, gazeta va jurnallarda arab, ingliz va rus tillarida nashr etildi.
O‘zbekiston vakilining mazkur kengashga qabul qilingani yurtimizda diniy-ma'rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlarning yuksak e'tirofi bo‘ldi.
Zayniddin Eshonqulov, viloyat bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 24/04/2024 10:09; Ko‘rilganligi: 379
Chop etilgan vaqti: 09/02/2025 13:38