Muftiy hazratning ma'ruzalari dunyo ulamolari tomonidan e'tirof etildi
O‘zbekiston buyuk allomalarga beshik bo‘lgan yurt. Shu bois, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy-ma'naviy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Bugunga kelib, ajdodlarimizga munosib merosxo‘r sifatida yurtimiz ulamolarining yuksak minbarlarda turib, butun dunyo musulmonlari birdamligi va tinchligi yo‘lida o‘zlarining salohiyatli tavsiyalarini brishi ham bejizga emas.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari boshchiliklaridagi delegatsiya xalqaro konferensiya munosabati bilan 6-10 iyun kunlari Misr Arab Respublikasida bo‘ldilar.
7 iyundan boshlanib, uch kun davom etgan “Diniy ekstremizm. Qarama-qarshilikning intellektual asoslari va strategiyalari” mavzusi ostida bo‘lib o‘tgan nufuzli tadbirda musulmon mamlakatlarida dolzarb bo‘lib turgan masalalarni taniqli ulamolar, 20 dan ziyod davlatlar muftiylari, din va davlat arboblari muhokama qildilar.
7 iyun kuni Qohira shahrida boshlangan Islom olamida juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan anjumanning ochilish marosimida Muftiy Nuriddin domla hazratlari hozirgi kundagi eng muhim masalalarni ilgari surib ma'ruza qildilar. Xususan, bugungi davrda g‘oyaviy tahdidlarning oldini olish uchun bir qator dolzarb takliflarni olg‘a surdilar. Xususan, Ahli sunna val jamoa aqidasini musulmonlar orasida xalqchil tarzda keng tarqatish hamda diniy ilmlarni o‘rgatishda mo‘tadillik va o‘rtalik, “vasatiya”ga alohida ahamiyat berish lozimligi, shu bilan bir qatorda ekstremizmga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib, ayniqsa, islomiy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularni yagona maqsad sari yo‘naltirish zarurligi to‘g‘risida takliflarni taqdim etdilar.
Mazkur arab tilida qilingan nutq va barcha uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan amaliy takliflar anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. Ayniqsa, yirik ulamolar kengashi a'zosi professor, Ali Juma, Bosniya va Gersogoviniya sobiq muftiysi Shayx Mustafo Ibrohim kabilar alohida e'tirof etdilar.
Anjumanning ikkinchi kuni asosiy qismida ham Muftiy Nuriddin domla hazratlari nutq qilib, Islom ma'rifatini to‘g‘ri yetkazish va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turish borasidagi O‘zbekiston tajribasini bayon etdilar.
Ma'ruzada “Jaholatga qarshi ma'rifat” tamoyili asosida ekstremistik g‘oyalar ta'siridan xalqimizni himoya qilishda sof Islom aqidasini keng yoyish, chiroyli pandu nasihat qilish va aholi ilm-ma'rifatini boyitishga katta urg‘u qaratilayotgani alohida qayd etildi.
Mamlakatimizda Qur'oni karimni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojni ta'minlanish uchun tajvid kurslari tashkil etilgani, kechirimlilik siyosati tufayli mamlakatda ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan fuqarolar, o‘z qilmishidan pushaymonligi va to‘g‘ri yo‘lga kirganligini hisobga olinib, maxsus hisobdan chiqarilgani hamda tuzalish yo‘liga o‘tgan minglab shaxslar jazodan ozod etilgani haqida ma'lumot berdilar. Nutqda, yoshlarni adashishlikka olib boruvchi omillarga qarshi qaratilgan ishlarga katta e'tibor berilayotgani, xususan, ulamolar, imom-xatiblar va diniy soha xodimlari doimiy ravishda aholiga imon-e'tiqod, dinu diyonat va ilmu ma'rifat haqida ma'rifiy suhbatlar o‘tkazilayotgani to‘g‘risida Muftiy hazratlari alohida to‘xtaldilar.
Shu bilan bir qatorda xalqimiz e'tiqodi sofligini muhofaza qilish ishlari nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarisida ham faol amalga oshirilayotganiga barchaning e'tiborini qaratdilar. Ayniqsa, Yaqin Sharq va Afg‘oniston hududlaridan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqishga qaratilgan «Mehr» operatsiyalari, olib kelinganlarning jamiyatga moslashuvi uchun qilinayotgan ishlar ko‘pchilikning e'tirofiga sazavor bo‘ldi.
Yangi O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishdagi tajribalar, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allom, davlat va din arboblari tomonidan yuqori baholandi.
9 iyun kuni Qohirada o‘tkaziltgan xalqaro anjuman doirasida Muftiy Nuriddin domla hazratlari Misr Arab Respublikasi muftiysi Shavqiy Ibrohim Allom bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Unda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansur Qilichev, Misr Arab Respublikasi muftiyligi vakillari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Samimiy muloqot chog‘ida Shavqiy Allom hazratlari Muftiy Nuriddin domla hazratlariga nufuzli anjumandagi faol ishtiroklari uchun minnatdorchilik bildirib, u kishi tomonidan xalqaro anjumanda bildirilgan muhim takliflar tahsinga loyiq ekani va ularni amaliyotga joriy etishda qo‘llab-quvvatlashini izhor qildi.
9 iyun kuni muftiy Nuriddin domla hazratlari bir guruh vatandoshlar va talabalar bilan uchrashdilar.O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu muloqotda Muftiy hazratlari vatandoshlar va talabalar bilan samimiy suhbat qilib, yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdilar.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgandini-ma'rifiy ishlardan maqsad dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonning tarixiy yuksak maqomini qayta tiklash, Vatanimizni ilm-fan markazlaridan biriga aylantirish, shu orqali diyorimizda navbatdagi renessansni — uyg‘onish davrini yuzaga keltirish, xalqimizni yanada ma'rifatli, baxtli-saodatli ko‘rishdir.Ushbu ezgu amallarini ro‘yobga chiqarishda ulamolarimiz say' harakatlarini jiddu jahd bilan amalga oshirmoqdalar. Bu yo‘lda Muftiy Nuriddin domla hazratlari boshchiligidagi ulamolarimizga Alloh taolo kuch-quvvat ato qilsin!
ZAYNIDDIN ESHONQULOV – O‘zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyat vakili
Kiritilgan vaqti: 16/06/2022 11:00; Ko‘rilganligi: 857
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:52