O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MUBORAK DINIMIZDAGI YOYOLLARNING ODOB AXLOQI MASALASI

 
 

Alloh taologa U zotning ulug‘ligiga munosib hamdu sanolar bo‘lsin. Nabiylarning afzali Muhammad mustafoga mukammal va tugal salovatu salomlar bo‘lsin.

Qur'oni karimning 35 ta sura va 100 dan ortiq oyatida ayol so‘zining ishlatilishi va suralardan biri, aynan “Niso” ya'ni “Ayollar” deb nomlanishi va unda ayolning mavqei, uning hayotdagi o‘rni, haq-huquqlari batafsil bayon etilishi ayollarga bo‘lgan e'tiborning yorqin misolidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) o‘zlarining muborak so‘zlarida ayollarga oid barcha masalalarni jumladan ayolning jamiyatdagi, oiladagi o‘rni farzandlar tarbiyasidagi roli va ilm tarqatishdagi mas'uliyatini bayon qilib berdilar. Har bir mo‘mina ayol o‘zida hayosini, odobini qisqacha qilib aytganda husni xulqini mukammal qilmasa nafaqat Allohning nazdida balki bandalarining oldida ham qadr qimmatini yo‘qotadi. Haqiqiy ayolning qadr qimmati eriga itoatkorligi va farzandlari tarbiyasi bilan o‘lchanadi.

Hozirgi zamon ayollarining ma'rifatliligi, odob axloqi, eriga itoatkorligi, yurish turish va tadbirkorligi bilan o‘tgan zamon ayollari bilan tenglasha olyaptimi? Al-Buxoriy bobomizning onalari kabi taqvodor, Amir Temur bobomizning ayollari kabi ma'rifatli bo‘la olyaptimi?

 Shuningdek, ayollarimizda diniy bilim, diniy salohiyat yetishmasligi ko‘pdan ko‘p muammolarni olib kelyapti. Aksariyat ayollarimiz eriga itoat qilmay erining qavm-qarindoshini hurmat qilishni unutgan.

Dinimizda Alloh taolo ayollarga ko‘p narsa buyurmadi. Ibn Habbondan rivoyat qilinadi Rasululloh (s.a.v) aytadilar: “Agar ayol besh vaqt namozini o‘qisa (ramazon)ro‘zasini tutsa farjini, iffatini (haromdan saqlasa) eriga itoat qilsa jannatning istagan eshigidan kiradi”.

Ubshu zikr qilingan to‘rt amal momolarimizda topilgani kabi bugungi ayollarimizda ham topiladimi? Manashu yerda Oisha onamizdan rivoyat qilingan yana bir hadisni aytib o‘tmoqchiman: Rasullulloh s.a.v aytdilar: “Agar biror kishining boshqa kishiga sajda qilishga buyurganimda xotinning o‘z eriga sajda qilishini amr etar edim”. Bu muborak hadisdan ayolning qalbida Alloh va Rasulidan keyin eriga bo‘lgan muhabbati, itoati turishligi ko‘rinib turibdi.

 Islom dini ayollarning hurmat ehtiromini o‘z o‘rniga qo‘yib, ayollik vazifalarini to‘liq ado etib, jamiyatda va dinimizda yetarli xizmatni ado etish uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Ayol kishi hayotda qilgan to‘rtta xatosi sababli dunyo va oxirat saodatidan mosuvo bo‘ladi:

  1. Nomahram eraklar bilan yolg‘iz qolib, hoh telefon orqali, hoh ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lsin suhbatlashishi.
  2. Erining ruhsatisiz uyidan chiqish.
  3. “Yo meni , Yo uni deng” deb erining yaqinlaridan birortasini tanlashga majburlashi.
  4. Uyga kech kelgan erini so‘roq qilishi.

Bu xatolar zamonamiz ayollarida ko‘p uchrayapti. Mana shu xatolar tufayli oilalarda nizo kelib chiqib ajrimlar ko‘payib, oilalar buzilib, farzandlar yetim qolmoqda.

Har bir xonadonning obod bo‘lishi farzandlar barkamol, jamiyatning sog‘lom bo‘lishida ayolning o‘rni kattadir. Agar ayol dindor, hayoli, taqvodor va ma'rifatli bo‘lsa sog‘lom oilalar va sog‘lom jamiyat o‘z o‘zidan ko‘payaveradi.

Ayol kishi jamiyatning ajralmas bir bo‘lagidir. Islom ta'limotiga ko‘ra har bir ayol ilm olishga, kasb hunar qilishga haqlidir. Bunday huquqlarimizdan oqilona, iffatimizni va sha'nimizni saqlab foydalanishimiz kerak. Mana aziz ayollar dinimizda va jamiyatda o‘rnimiz yuqori ekanini bildik. Bejizga “ayol bir qo‘li bilan beshikni bir qo‘li bilan dunyoni tebratar” deb bu hikmatli so‘z aytilmagan. Har bir ayol go‘zal hulqi, hayosi va olimaliligi bilan oilada va jamiyatda o‘z o‘rnini topib yuksak darajalarga yetadi.

Dinimizni yetakchisi bo‘lgan yurtimizda faoliyat yuritayotgan otinoyilarimiz har bir diniy tadbirlarda, xotin-qizlar bilan olib borilayotgan suhbatlarda ayollarimizning oiladagi o‘rnini, erining oldidagi burchlarini, erining qarindoshlarini hurmat qilishi, farzandlar tarbiyasida o‘ta xushyor bo‘lishini, so‘zlashishda yurish-turish va kiyinish odobini, erkak burchini – ayol haddini bilishligini aytib chiroyli ma'ruzalarida yosh xotin qizlarimizga oila muqaddas dargohligini aytib o‘tishlari kerak.

Rasullulloh (s.a.v) aytdilar: “-Dunyo bir matohdir, dunyo matohlarining eng yaxshisi soliha ayoldir”. Luqmoni Hakim o‘g‘illariga shunday degan ekan: “Solixa ayol xuddi podshohning boshidagi toj kabidir, yomon ayol xuddi qari cholning orqasiga yuklangan og‘ir yuk kabidir”.

Ilohim har bir ayol dunyodagi eng yaxshi matoh ya'ni soliha ayol bo‘lsin, erining boshidagi toji bo‘lsin.

Narpay tuman otinoyisi Dilnoza Adiz qizi


Kiritilgan vaqti: 05/03/2022 08:32;   Ko‘rilganligi: 1509
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/muborak-dinimizdagi-ayollarning-odob-axloqi-masalasi
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 23:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing