O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MUBAYYAN VA NASRIY BYOYONI: BOBUR MIRZO – E'TIQODIYYA (IYMON-E'TIQOD KITOBI) (Ikkinchi mavzu)

 
 

E'TIQODIYYA (IYMON-E'TIQOD KITOBI)

 

NAZM

 

Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.

(Hamd bayoni)

 

Haqqa hamdu sano ado qildim,

Haq oti birla ibtido qildim.

Ibtido qilg‘uliq nekim bordur,

Qilmasang oti birla, abtardur.

Qodiru barkamol Tengridur,

Qohiru zuljalol Tengridur.

Har nekim qilsa, Ul qilur beshak,

Har ne kim qilsa, Ul bilur beshak.

Muntazir rahmatig‘a gumrohlar,

Muftaxir qullug‘i bila shohlar.

Yamonu yaxshig‘a umid Andin,

Qo‘rqmoq andinu navid Andin.

Jismda har nechaki qil bo‘lsa,

Qil senu el tanida til bo‘lsa,

Hamdiga zokir o‘lsa ul tillar,

Desa hamdini oylaru yillar,

Ul barining kalomi bir bo‘lg‘ay:

Bori o‘z ajzig‘a muqirr bo‘lg‘ay.

 

NASRIY BYOYON     

 

Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.

(Behad mehribon va benihoyat rahmli Alloh ismi bilan.)

(Hamd bayoni)

 

Alloh  ta'ologa  hamdu  sano  aytib,  so‘zimni  –  asarimni  Allohning nomi bilan boshladim. Chunki boshlagulik nimaiki xayrli – mo‘tabar ish  bo‘lsa,  uni  Allohning  ismi  bilan  boshlamasang,  oxiri  kesikdir  – davomi  yo‘qdir,  natijasizdir.  (Chunki,  hadisi  sharifda  aytiladi:  «Har qanday  xayrli  –  mo‘tabar  ish  Allohning  ismi  bilan  boshlanmasa,  abtardir  –  oxiri  kesik,  davomi  yo‘qdir”.)

 

(Chunki)  Qodir  –  har  narsaga  kuchi  yetadigan,  xohlagan  narsasinixohlaganidek  yaratishga,  xohlagan  ishini  xohlaganidek  qilishga  qodir bo‘lgan  zot  Allohdir;  barkamol  –  eng  komil  sifatlarga  sohib  zot  Allohdir,  Qohir  –  Qahhor  sifatiga  sohib,  ya'ni  hamma  narsaga,  har  bir xohlagan  kishi  va  narsaga  xohlagan  ishini  qiladigan  suratda  g‘olib  va hokim  zot,  Zuljalol  –  yagona  ulug‘lik  egasi  Allohdir.

 

Har  nimaiki  qilsa,  shubhasiz,  U  qiladi,  har  kim  nimaiki  qilsa, shubhasiz,  U  biladi.  (Qiladigan  ishini  biladigan  ham,  bilgan  ishini qiladigan  ham  Udir!)

 

Gumrohlar – yo‘ldan adashganlar, xatoyu gunohga tushganlar ham Uning rahmatiga  intizor,  umidvor;  shohlar  ham  Unga  bandalik,  qullik  va ibodat  qilish  bilan  faxrlanadilar.

Yaxshi-yomon insonlarning hammasining umidi faqat Undandir, xavfu rajo – qo‘rquv ham, umid ham faqat Undandir. (Chunki har mo‘min kishiga  xavfu  rajo  –  umid  bilan  qo‘rquv  orasida  yashash  vojibdir.  Biri  oshsa ham,  biri  kamaysa  ham,  inson  uchun  xavflidir,  bu  ikkisi  barobar  bo‘lishi shart.)

 

Insonning  jismida  necha  tuk  bo‘lsa,  ular  sening  va  boshqa  barcha insonlarning  tanida  til  bo‘lsa,  agar  bu  tillar  Allohning  hamdiga zokir  bo‘lib,  Uni  zikr  qilsa,  oylaru  yillar  Unga  hamdu  sano  aytsa, barchalarining  so‘zi  bir  bo‘ladi:  hammalari    o‘z  ojizligiga  iqror  bo‘ladi,  xolos.  (Ya'ni,  yagona  va  qudratli  Zotning  nazdida  hamma  o‘z  ajziga iqrordir.)

 

Nasriy bayon va sharh muallifi

Mirzo KENJABEK


Kiritilgan vaqti: 28/09/2020 10:45;   Ko‘rilganligi: 1369
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mubayyan-va-nasriy-bayoni-bobur-mirzo-etiqodiyya-iymon-etiqod-kitobi-ikkinchi-mavzu
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing