Muallim! Mudarris! Murabbiy! Bu so‘zlar naqadar sermazmundir.
Bu so‘zlarni eshitganda qalblar, ko‘ngillar yorishib ketadi. Zero, esimizni tanigan ilk onlarimizdan boshlab aynan ana shunday zotlar bizning qo‘limizdan tutib kelmoqda. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning o‘zlari: “Albatta, men muallim qilib yuborilganman”, – deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati). Mana shuning o‘zi ham muallimlik, ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanligini ko‘rsatadi. Darhaqiqat, o‘zgalarga ilmu ma'rifat ziyosini tarqatish naqadar savob ish. Bu vazifaga mutasaddi bo‘lgan kishining darajasi ham mislsiz. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qilganlar: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli, hattoki, dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchiga salovot aytadilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e'zozlash, ijtimoiy imtiyozlar yaratish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ma'naviy-ma'rifiy darajasi ustoz va murabbiylarga bo‘lgan munosabatga qarab baholanadi. Jamiyatimizning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta'lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e'zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlodni barkamol va yetuk ma'rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir. O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, ta'lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqe'iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr kuni “Ustozlar va murabbiylar kuni” deb belgilanib, shu kunda xalqimiz bayram qilib, ustozlarga ko‘proq xurmat-izzat ko‘rsatadilar, dillariga xursandchilik baxsh etishga harakat qiladilar.
Ustozlarni qadrlash haqida so‘z ketganda, beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:
Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.
Haqiqatan ham “ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: “Otam meni yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab, ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi”, – degan ekan. Dinimiz ta'limotiga ko‘ra, o‘zgalarga ta'lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta'lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi inshaa Alloh. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e'zozlansa arziydi.
Jamiyatimiz oldida katta mas'uliyat sohiblari bo‘lgan barcha ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sihat-salomatlik va ikki dunyo saodatiga musharraf etishini so‘rab, duolar qilib qolamiz!
Nursultonxon domla Abdumannonov - Samarqand shahar "Damariq" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 30/09/2021 16:38; Ko‘rilganligi: 1307
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 02:47