Moturidiylik ta'limotida iymon masalasi (1-maqola)
Iymon masalasiga tarixda turli oqimlar tomonidan turlicha yondashilgan. Sunniylik yo‘nalishi olimlari tomonidan ushbu oqimlar qarashlarining illatlari ko‘rsatib berlishi bilan birga o‘zaro juz'iy maslalarda unga ta'rif berish va uninng shartlarini bayon etishda ixtilof qilganlar. Umuman ushbu ixtiloflar asosida kishining mo‘min yoki mo‘min emaslgi, unga iymon nomini mansub qilish yoki mansub qilmaslik masalasi kabilar yuzaga kelgan.
Tarixdan ma'lumki, ilk paydo bo‘lgan firqa va oqimlardan xorijiylar birinchi bo‘lib, bu masalani buzib talqin etganlar. Ya'ni unga ko‘ra ular o‘z tomonlarida bo‘lmagan musulmonlarning barchasini kofirga chiqarib, o‘ldirish halol degan qarashga asoslanganlar. Ular gunoh ishlarni qilgan kishini mushrik va kofirga chiqarganlar hamda iymondan chiqishiga sabab bo‘luvchi amallarga farzlarni bajarmaslikni ham kirtib yuborganlar.
Mo‘tazila oqimi esa gunoh sodir etgan mo‘minni ikki manzil o‘rtasidagi manzilda, ya'ni mo‘min ham kofir ham emas balki oraliq holatida bo‘ladi va oxiratda esa do‘zaxiydir degan aqidani ilgari surganlar. Bunda ular katta gunohlarni qilganlar oraliq holatda bo‘ladi degan qarashni asossiz ravishda keltirganlar.
Mana shunday tarzda islom olamida dindagi asosiy masala bo‘yicha bahs munozaralar avj ola boshladi. Movarounnahr ham bu tortishuvlardan chetta qolmadi. So‘ng yurtimiz olimlari bu borada yuzaga kelgan masalalarga hanafiylikni asos qilib, turli oqimlarning noto‘g‘ri talqinlariga munosib ilmiy raddiyalar bera boshladi. Jumladan, Imom Moturidiy o‘z ilmiy salohiyati bilan aqidaviy masalalarga mukammal yechimlarni berganini alohida ta'kidlash o‘rinli. Aynan uning qalamiga mansub asarlar keyingi davrlarda turli oqim va firqalarning buzg‘unchi g‘oyalariga qalqon bo‘lib, yurtimiz ularning g‘oyaviy ta'siridan omonlikka erishdi. Xuddi shu davrda yashagan sunniylik yo‘nalishi imomi sifatida tanilgan ikkinchi olim – imom Abul-Hasan Ash'ariy ham aqida borasida faoliyat ko‘rsatgan. Biroq uning aqida masalasidagi muxtasar yondashuvi turli oqimlarning barcha tushunchalariga aniq raddiyalar bermasligini kuzatish mumkin. Abul-Hasan Ash'ariyning asari kichik hajmdagi risola tarzida yuzaga keldi hamda keyingi davr Ash'ariylik olimlari tomonidan uning qarashlari rivojlantirilib, katta hajmli asarlar yaratilgan.
Imom Moturidiy ilmiy merosida esa, o‘sha davrdagi oqimlarning qarashlari mohiyati, tushunchalariga raddiyalar berilishi bilan birga ularning qarashlarining yuzaga kelish va omillariga ham to‘xtalinadi. Natijada islom olamida sunniylik qarashlarining boshqa oqimlarga bergan mukammal raddiyalari majmuasi yuzaga keladi. Olimlning qarashlari “Kitob at-tavhid” va “Ta'vilot ahl as-sunna” asarida o‘z aksini topgan.
Aynan iymon masalasi bo‘yicha sunniylik yo‘nalishi ishlab chiqqan aqidaviy tushuncha ham mukammal tarzda Moturidiy va uning izdoshlariga tegishlidir. Eng avvalo aytish lozimki, iymon shartiga amalni kiritish sababidan mo‘min kishining iymonini kuchli va zaif yoki ziyoda va noqis bo‘lishi mumkin degan qarashlar yuzaga kelgan hamda bu o‘z navbatida biror amalni qilmagan yoki gunohkor yoxud gunoh sodir etgan kishilarning iymonlarini noqis, zaif, hatto kofirga chiqarishiga olib boradigan yo‘ldir.
Zayniddin ESHONQULOV - O‘MI Samarqand viloyat vakili (manbalar asosida)
Kiritilgan vaqti: 13/02/2020 14:43; Ko‘rilganligi: 1638
Chop etilgan vaqti: 24/03/2025 14:55