MOTURIDIY TA'LIMOTIDA AHLI KABOIRLAR MASALASI
Islom olamida ahli sunna valjamoa aqidasi keng yoyilishiga sababchi bo‘lgan allomalardan biri, vatandoshimiz Imom Moturidiy shular jumlasidan hisoblanadi.
Hanafiya ulamolari Imom Moturidiyni o‘zlarining aqidadagi imomlari deb hisoblashadi. Shuni yaxshi bilish lozimki, Imom Moturidiy alohida bir mazhab tuzgan emas! Balki, Abu Hanifaning mazhabiga tayanib, aqoidga oid fatvo va ta'limotlarini atrofga yoygan. Kitoblarda “Moturidiy mazhabi” yoki “Moturidiylar” degan atamalar uchrab tursada, buni alohida bir mazhab deb tushunish to‘g‘ri emas. Balki Abu Hanifaning usuli din sohasidagi ta'limotini imom Moturidiydan o‘rgangan va unga amal qilgan hanafiylar, deb tushunish kerak. Moturidiy ta'limoti karromiy, rofiziy va mo‘taziliylar g‘oyalarini hanafiy yo‘nalishi asosida tanqid qiladi va ularning qarashlari asosli emasligini isbotlab beradi. Voqelik va Alloh sifatlarining mohiyati borasidagi masalalarda bir qancha qarashlarni bayon qiladi.
Jumladan, hozirgi kunda ko‘p tortishuvlarga sababchi bo‘layotgan imon masalasida ham yuqoridagi firqalar bilan Imom Moturidiy ta'limoti o‘rtasida farq bor.
Imom Moturidiy aqidasida, kufrdan boshqa katta gunohni qilgan kishi kofir yoki munofiq bo‘lmaydi va iymondan ham chiqmaydi. Agar tavbasiz vafot etsa, Alloh taolo yo uni bir shafoatchining shafoati bilan yoki O‘zining fazlu-marhamati bilan avf qiladi. Yo uni jinoyatiga yarasha azoblab, so‘ngra uni jannatiga kirgizadi.
Imom Moturidiy o‘zining “Ta'vilotul Qur'on” tafsirida, “Layl” surasidagi: “Unga faqat (Haqni) yolg‘on degan va (iymon-e'tiqoddan) yuz o‘girgan badbaxt kimsagina kirur!”[1], degan oyatning tafsirida gunohi kabira qilganlar haqida turli xil oqimlarning fikrlarini bildirib o‘tgan. Bunga ko‘ra, banda shari'atdagi amallarni to‘liq qila olmasligi bilan yolg‘onchiga aylanib, do‘zaxga kirishi muqarrar emas. Balki bergan va'dasiga va qilgan e'tiqodiga xilof qiluvchi bo‘lib qoladi. Bu oyat kofirlar to‘g‘risida nozil bo‘lgan, tavhid va iymon ahllari to‘g‘risida emas.
Mo‘taziliylar: “Bu oyat faqat haqiqiy yolg‘onchini emas, balki Allohning buyruqlariga beparvo bo‘lib, unda kamchilikka yo‘l qo‘ygan va qaytarilgan ishlarni qilgan har qanday musulmon kishini ham o‘z ichiga oladi” deydilar.
Xavorijlar: “Albatta gunohi kabira qilganlar gunohi kabira qilishlari bilan yolg‘onga chiqaruvchi va yuz o‘giruvchiga aylanadi” deydi. Chunki ularning e'tiqodicha, banda Allohning birligiga iymon keltirib, Islomni qabul qilganidan so‘ng, U zotning har bir buyrug‘iga bo‘ysinib, dinda qabul qilingan amallarning barchasini qilishi, qaytarilgan ishlarning barchasidan tiyilishi shart, deb e'tiqod qiladilar.
Murjiylar bu oyatga tayanib, “Do‘zaxga faqatgina Allohni inkor etib, dindan bosh tortgan kishigina kiradi. Vaholanki musulmon kishi katta yoki kichik gunoh qilishi mumkin, biroq hech qachon Allohni inkor etib, amallardan bosh tortuvchi bo‘lmaydi” deb dalil keltirib, azob faqat shirk va kufr ahli uchun bo‘ladi, deydilar.
Imom Moturidiy rahimahulloh ham musulmonlar olamida eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lgan ahli-sunna val jamoa e'tiqodini kelajak avlod uchun yetkazish yo‘lida turli xil yot g‘oyalarni kirib kelishini oldini olgan va ilmni johillarning ta'vilidan himoya qilgan rabboniy olimlardan bo‘lgan.
OTABEK AMANILLAYEVICH BAXRIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy tadqiqotlar bo‘limi
ilmiy xodimi va “Qo‘shbaqolli” jome' masjidi noib imomi
[1]Layl– 92/14,15.
Kiritilgan vaqti: 26/10/2021 04:45; Ko‘rilganligi: 1207
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 22:08