O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mo‘minlar do‘st, firqalar esa o‘zaro nafratdadirlar

 
 

Insonlar jamoalanish bo‘yicha ikki toifaga ajraydilar. Rahmonning jamoasi va shayton jamoalari. Alloh taoloning jamoasi tarqoq bo‘lishi aslo mumkin emas. Alloh taolo aytadi: “Dinlarini (firqalarga) bo‘lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas'ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So‘ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur” (An'om, 159).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Yahudiylar yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘linib ketdi. Nasorolar ham yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘linib ketdi. Mening ummatim esa yetmish uch firqaga bo‘linib ketadi”, deganlar  (Imom Abu Dovud rivoyati).

Boshqa rivoyatda: “Ularning hammasi do‘zaxdadir. Birgina firqa bundan mustasno”, dedilar. Shunda sahobalar: “O‘sha bir toifa kimlar, ey, Allohning Rasuli!” deyishdi. U Zot: “Jamoatdir”, dedilar. So‘ng yana qo‘shimcha qilib aytdilarki: “Albatta yaqin orada shunday qavmlar keladiki, qutirish kasali bemorni qanday egallasa,  ularni havoi nafs xuddi shunday egallaydi” – dedilar.

Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz alayhissalom xabar bergan narsalari voqe'likda sodir bo‘ldi. Havoi nafsga ergashish ko‘paydi. Firqalar, jamoalar ko‘paydi. Holbuki, Alloh taolo o‘z kitobida aytadi: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh O‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron, 103).

Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O‘zlaringizdan oldingilar yo‘liga xuddi kamon o‘qining patlari bir xil joylashgani kabi, izma-iz ergashasizlar. Hatto ular zobb, ya'ni echkiemarning iniga kirgan bo‘lsalar, sizlar ham albatta kirasizlar. Sahobalar aytdilar: “Ey, Rasulalloh! Yahudlar va Nasorolarmi?” Payg‘ambar alayhissalom: “Unda kim?” – dedilar.

Yana Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Mo‘min mo‘min uchun xuddi bir birini mustahkamlab turuvchi bino kabidir”.

Ammo paydo bo‘lgan hizblar-firqalar o‘zaro bir-birlaridan tanofurda, nafratdadirlar. Bir birlarini ta'na-ayb qo‘yadilar. Bu firqalar din dushmanlarining  iroda-istaklarini ro‘yobga chiqarib, ummatni tafriqaga solish, xotirini parishon qilish, alaloqibat  ummatni za'iflashtirish kabi ishlarni amalga oshiryaptilar.

 Bobobek Abdurahimov - Samarqand shahar "Qoraboy Oqsoqol" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/02/2023 19:05;   Ko‘rilganligi: 322
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mominlar-dost-firqalar-esa-ozaro-nafratdadirlar
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 05:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing