O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MO‘MIN KISHI HECh HAM SHOSHILMAYDI

 
 

Butun dunyo koronavirus degan balo sabab tahlikali holatga tushdi. Bu balo bizni yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Bu kasallik yuqumli va tarqalishi oson bo‘lganligi sabab tibbiyot xodimlari odamlarni bir joyga to‘planishi va bir-birlariga aralashib ketishlarini xavfli ekanligini ta'kidladilar. Shu sababli hukumatimiz tomonidan juma va jamoat namozlarini vaqtincha to‘xtatib turish borasida qarorlar chiqarildi. Albatta, bularning barchasi odamlarning foydasi uchun chiqarilgan qarordir.

Darhaqiqat, dinimizda ham kishi o‘ziga va boshqalarga zarar yetkazishi man etilgan. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, yurtimizdagi ba'zi bir musulmonlar tomonidan ayrim manbalarda masjidlar ochilsin degan talablar tarqatilmoqda. Albatta, imom-xatiblar, noib-imomlar va barcha diniy soha xodimlari ham masjidlarning ochilishini boshqa mo‘min-musulmonlar qatori intiqlik bilan kutishmoqdalar. Lekin bu ishda shoshma-shosharlik yaxshilikka olib kelmasligini unutmaylik.

Binobarin, tibbiyot xodimlari ta'kidlashganlaridek, odamlar bitta joyga to‘planadigan bo‘lishsa, xavf-xatar yanada ortadi.

Shariatimizda esa musulmon kishi doimo xavf-xatardan uzoqda bo‘lib, beshta narsani muhofaza qilishga buyurilgan. Bular-joni, dini, nasli, moli va aqlidir. Inson joni haqida gap ketar ekan, Alloh taoloning quyidagi oyati-karimasi yodimizga keladi. "o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!" (Baqara surasi 195-oyat). Shuningdek, Payg‘ambarimiz alayhissalom: "Zarar berish ham, zarar  ko‘rish ham yo‘q"- deganlar. (Imom Ibn Moja va Imom Doraqutniӣ rivoyatlari). Demak, musulmon kishi o‘zini ham, boshqalarning ham sog‘ligiga zarar yetkazmasligi zarur. Dinimizda kishining salomatligi muhim ekanligini doimo yodimizda tutaylik. Bas shunday ekan, ey musulmonlar jamoasi oyati-karimalarga, hadisi-shariflarga va shariatimiz ahkomlariga to‘liq amal qilaylik. Bugungi sinovli kunlarda musulmonlar o‘rtasida har xil fitnalarni tarqatishdan o‘zimizni tiyib, Allohdan qo‘rqaylik. Chunki fitna tarqatish eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi. Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan adashtirmasin va butun insoniyatning boshidan tezroq bu baloni ko‘tarib, Yaratgan Zot najot bersin hamda masjidlarimizning ochilishini muyassar qilsin! 

A.Axmedov -  Jomboy tuman bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 07/08/2020 14:16;   Ko‘rilganligi: 1368
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/momin-kishi-hech-ham-shoshilmaydi
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 13:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing