Missionerlikka berilgan berilgan ta'riflar va uning tarixi
Missionerlik – biror dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilishdir. Buddizmda miloddan avvalgi III asrdan boshlab yoyilgan, Xristianlikda missionerlik IV asrdan paydo bo‘lgan. XIII-XVI asrlarda xristian missionerligi Hindiston, Xitoy, Yaponiyaga kirib bordi. Katolik cherkovi missionerlik Ispaniya va Portugaliya mustamlaka imperiyalari tashkil topgach (XV-XVI asrlar), o‘z faoliyatini kuchaytirdi. Missionerlik yangi yerlarni zabt etishda mustamlakachilarga yordam berdi. Katolik missionerlariga rahbarlik qilish uchun papa Grigoriy XV 1662 yilda Diniy targ‘ibot kongregatsyasini ta'sis etdi. Missionerlik XIX asrning uchinchi choragida, imperialistik davlatlar dunyoni bo‘lib olish uchun kurash olib borgan davrda faollashdi. Xristian missionerlari Afrikada o‘z faoliyatlarini kuchaytirdilar. Missionerlik muassasalari yirik kapital va yerlarni tasarruflariga olib, o‘z mamlakatlari siyosatini o‘tkazishga katta yordam beradilar. Hozir ham missionerlar imperialistik doiralar manfaatini ko‘zlab ish olib bormoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni beshinchi moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda har qanday missionerlik faoliyati man etiladi.
Missionerlik (lot. yuborish, topshirish) biror dinni o‘z yurtidagi yoki o‘zga yurtlardagi g‘ayridinlar o‘rtasida tarqatish sohasidagi cherkov tashkilotlarining faoliyati. Missionerlik bosqinchilik urushlari davrida mustamlakachi imperiyalarni barpo etish va mustahkamlashda ideologik ekspansiya turlaridan bo‘lgan. Missionerlar oshkora yoki maxfiy ravishda Amerika, Osiyo, Afrika xalqlarini zabt etishda qatnashganlar. Iyezuitlar, fransiskchilar, bepediktchilar, dominikochilar va boshqalarning Katolik jamoalari missionerlik bilan shug‘ullanganlar. 1622 yili tashkil topgan diniy targ‘ibot kongregatsiyasi katolik missionerlariga rahbarlik qilgan. Missionerlar amalda ma'rifat tarqatish, tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarini monopollashtirib olganlar. Ikkinchi jahon urishidan keyin missionerlik yangi mustamlakachilikni targ‘ib qila boshladi. Rim papasi Pi XII ning “FideyiDonum” (1957), Ioann XXIII ning “Prinseps postorum”(1959), Pavel VI ning “Populorum progressio”(1967) ensikliklari missionerlikka bag‘ishlangan II Vatikan soborida (1962-65) missionerlik masalalari muhokama qilinib, u haqida dekret tasdiqlangan. Missionerlar Osiyo, Afrika mamlakatlarida katolik cherkovining nufuzini mustahkamlash maqsadida mahalliy ruhoniy kadrlar tayyorlashga e'tibor bera boshladilar. 1978 yildagi konklavlarda Afrikadan 12 kardinal, Osiyodan 9 kardinal ishtirok etdi. Qator missionerlik tashkilotlariga ega bo‘lgan protestant cherkovlari ham missionerlik bilan shug‘ullanadi. Protestantlarning (baptizm, adventizm va boshqalar) uyushmalari umumjahon ruhoniyligi prinsipiga amal qilib, har bir dindordan missionerlik qilishni talab etadi.
Missionerlik – cherkov tashkilotlarining maxsus elchi-missionerlar orqali o‘z ta'limotini tarqatishga yo‘naltirilgan faoliyati. Xristian missionerligi Yevropa davlatlarining kolonial ekspansiyasi bilan bog‘liq edi. Protestantlardan birinchi bo‘lib missionerlik faoliyatini gernguterlar (1732) olib borganlar. XVII-XIX asrlar doirasida protestant missionerligining o‘sishi Angliyaning kolonial siyosati bilan bog‘liqdir.
Ta'rif: Missioner biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o‘z diniga targ‘ib qilish va kiritish uchun yuborilgan inson.
Yuqorida keltirilgan ta'riflardan ko‘rinib turibdiki missionerlik tushunchasi asosan xristian diniga nisbatan qo‘llaniladi. Boshqa dinlarda bu narsa boshqa nomlar bilan ataladi, masalan Islom dinida missionerlik o‘rniga “da'vat”, “amri ma'ruf” kabi terminlar ishlatiladi. Missionerlik bilan deyarli barcha dinlar shug‘ullanadi, faqatgina Yahudiylik dini o‘z oldiga missionerlik maqsadini qo‘ymaydi. Chunki u milliy din.
Katoliklik va Provaslavlikda missionerlik ixtiyoriy ish xisoblansa, Protestantlikda bu har bir a'zoning burchi hisoblanadi. Zero hozirgi kunda eng faol missionerlar va mintaqada muammoga sabab bo‘layotgan hodisalar aynan protestant missionerligi bilan bog‘liq.
Missionerlik va prozelitizm tushunchalari orasidagi farq. Missionerlik bilan bir qatorda prozelitizm atamasi ham uchraydi.
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunda ham: “Davlat diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm), shuningdek har qanday missionerlik faoliyati man etiladi.”, deyilgan. Xo‘sh prozelitizm va missonerlik bir ma'noni anglatadimi yoki farqi bormi? Agar bir ma'noni anglatsa, nimaga yonma yon ishlatilmoqda? Agarda ular orasida farq bo‘lsa, u farq nimada? Ana shunday savollarga ushbu bobda javob topishga harakat qilindi. Bu savoldan maqsad, prozelitizmga ta'rif berishda avvolo yuqorida keltirilgan qonundagi ta'rifni keltirib o‘tish o‘rinli; demak, prozelitizm bu: “Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar”. Qonun matnida prozelitizm va missonerlik atamalari yonma-yon kelganligining o‘zi bular orasida farq borligini bildiradi. Qonunda keltirilgan ta'rifga qo‘shimcha qilib, shuni aytish mumkinki, prozelitizm bu-bir din vakili tomonidan, boshqa din vakilining kuch ishlatish yo‘li bilan o‘z diniga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlarga aytiladi.
TII Modul ta'lim shakli talabasi,
Samarqand shahar Xo‘ja Nisbatdor jome
masjidi imom-xatibi
Boboxon Boboxonov
Kiritilgan vaqti: 22/10/2022 09:19; Ko‘rilganligi: 12467
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 18:01