MISSIONERLARNING MAQSADLARI
Missioner so‘zi lotin tilidagi “missio “ so‘zidan olingan bo‘lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missionerlar esa “vazifani bajaruvchi” degan ma'nolarni anglatadi. Jumladan, har yili qayta nashr etiladigan “ world Book” (jahon kitobi) ensiklopediyasida “Missionerlar biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o‘z diniga targ‘ib qilish va kiritish uchun yuborilgan inson”, -degan fikr qayd etilgan. Demak, missionerlik - bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilishni anglatadi. Missionerlik bilan bir qatorda prozeletizm ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron bir dinga ishongan fuqaroni o‘z dinidan voz kechishga va o‘zga dinni qabul qilishga qaratilgan harakatlarni anglatadi. U o‘z mohiyatiga ko‘ra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi.
O‘lkamiz mustaqil bo‘lgan kundan boshlab chet ellardan turli xil diniy oqim vakillarining yurtimizga yopirilib kelishi kuzatila boshlandi. Ayniqsa, dinni o‘ziga niqob qilib olgan “Vahhbiylik”, “Akromiy”, “Hizbut tahrir” kabi oqimlarning va missionerlarning hamlasida katta xavf yashirinib yotibdi. Ular mamlakatimiz fuqarolarini o‘z tuzoqlariga ilintirib , ongini zaharlashga harakat etmoqdalar.
Missionerlarning bu ishlardan ko‘zlagan maqsadlari nima? Ularning rejasi azaldan musulmon bo‘lib kelgan, ya'ni mafkurasi, urf-odati, butun boshli ma'naviy tarixi bir xil bo‘lgan, aslida mamlakatimizning kuch-qudratini tashkil qiladigan birdamlikni, xalqimizning yuragini parchalash, zaiflashtirish, parokanda qilish va turli – tuman siyosiy va iqtisodiy bosimlar bilan o‘z holimizcha yashashga yo‘l qo‘ymaslikdir. Missionerlik faoliyati mafkuramiz uchun yot unsurgina bo‘lib qolmay, balki ma'naviyatimiz rivoji uchun ham jiddiy to‘siqdir.
Ma'lumki, xristianlikning ayrim yo‘nalishlarida "Missionerlik har bir dindor uchun shart", – deb hisoblanadi. Iyso Masihning o‘ziga 12 havoriyni tanlab olishi va ularni Isroilning qishloqlari bo‘ylab da'vat qilish uchun yuborgani haqida Marqdan rivoyat qilingan "Injil"da keltirilgan quyidagi so‘zlar bunday qarashlar uchun asos qilib olinadi:
"... 15. Iyso shogirdlariga dedi: “Butun jahon bo‘ylab yuringlar va hamma tirik jonga Injil Xushxabarini targ‘ib qilinglar”.
Hatto Quddus cherkovining asosan xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanadigan, eng quyi – diakon (yunoncha – Shakopoz-xizmatchi) lavozimini egallagan xodimlari ham o‘zlarining ma'muriy ishlaridan ajralib, mohir "xushxabarchi"larga aylandilar. Ulardan eng mashhuri “Da'vatchilarning otasi” nomini olgan diakon Filippdir. Aynan u Samariya o‘lkasida faoliyat yuritgan, uning poytaxti Sebasta shahrida juda ko‘plab kishilarni xristianlikka kiritib, ommaviy cho‘qintirgan.
Shunday bo‘lsa-da, diakon Filipp va unga o‘xshagan ko‘pgina xushxabarchilar, Iso Masih ta'limoti yahudiylargagina taalluqli, degan yondashuvdan kelib chiqib, asosan yahudiylar orasida targ‘ibot ishlarini olib borganlar.
Biroq keyinroq ilk xristian "da'vatchilari" asta-sekin O‘rta dengiz bo‘ylab Appenin yarim oroliga ham kirib borishadi. Rim imperiyasida ularga salbiy munosabat bildirilsa-da, ular imperiyaning markaziy hududlari va poytaxtiga ko‘chib kelishda davom etaverishgan.
IV asrga kelib "da'vatchilar" xatti-harakatlari natijasida xristian dini Rim imperiyasida davlat diniga aylandi. Xristian "da'vatchilari" asta-sekin Ovro‘paning shimoliy hududlariga ham kirib bordilar va xristianlik Rim imperiyasining ulkan hududi bo‘ylab eski dinlar ustidan g‘alaba qozondi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, yuqoridagi kabi qarashlar turli tushunchalar mazmunini ataylab chalkashtirib, tarixiy voqelikni buzib talqin qilish natijasidir. Chunki xristianlik endi paydo bo‘lgan bir sharoitda faoliyat olib borgan "da'vatchilar" (garchand ularga nisbatan ham "missioner" so‘zini qo‘llash keng tarqalgan bo‘lsa-da) bilan bugungi "missionerlar" orasida keskin farq borligini va ularni aslo bir qatorga qo‘yib bo‘lmasligini unutmaslik lozim. Zero, o‘z davrida xristianlikning faol tarafdorlari tomonidan "da'vatchilik" ishlarining olib borilishi, o‘z ta'limotlarini tarqatishga harakat qilishlari tabiiy bir hol edi. Bugun dunyoning diniy manzarasi o‘zining aniq shaklu shamoyiliga, turli xalqlar asrlar davomida shakllangan diniy-milliy qadriyatlariga ega bo‘lgan bir davrda ilk "da'vatchilik"dan farqli ravishda missionerlik millat, jamiyatni diniy asosda bo‘lib yuborishga qaratilgan buzg‘unchilikning bir ko‘rinishiga aylanib qolganini alohida ta'kidlash zarur. Missionerlarning aholisining 90 foizdan ortig‘ini islomga e'tiqod qiladigan O‘zbekistonda faoliyat olib borishga intilayotgani ham bunday buzg‘unchilikka yorqin misol bo‘la oladi.
Demak, missionerlarning zarbalaridan chekinmaslik , ularga befarq qaramaslik, vatan ravnaqi va islom dini uchun buyuk xizmatlar ko‘rsatgan ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lishimiz zarur bo‘ladi.
Faxriddin Bohodirov – “Yangiravot” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 29/05/2020 15:12; Ko‘rilganligi: 1413
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 02:58