O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Missionerlar ta'siridan ogoh bo‘ling! 4-misol.

 
 

4-misol. «Qur'onda Iso haqida nima deyilgan?» sarlavhasi ostida bir necha oyatlardan parchalar keltirishadi. Shulardan birida «Xudo Isoga o‘limni bergan, keyin uni tiriltirgan va o‘z huzuriga ko‘targan (19-sura «Maryam», 33-oyat) deb keltirilgan («Rukovodstvo Boga ukazivayet put v Ray», Ispaniya, 2001,21-bet).

Missionerlar Tavrot va Injillarni buzganlari yetmaganday, Qur'oni karim oyatlarini ham bemalol buzib, talqin qilaveradilar. Chunki Allohning kalomini buzishda ular uzoq yillik tajribaga egadirlar. O‘sha oyatni to‘liq holda keltirsak:
«Menga tug‘ilgan kunimda ham, vafot etadigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham salom (omonlik) bo‘lur».

Bu oyatda «vafot etadigan kunim» deyilgan, «vafot etgan kunim» deyilmagan. Oyatda Iso (a.s.)ning Qiyomatga yaqin yer yuziga tushganlaridan so‘ng vafot etishlari va oxiratda qayta tirilishlari haqida so‘z ketmoqda. Ular esa, buni buzib, go‘yo Iso (a.s.)ning xochga mixlanib o‘ldirilganlari va uch kundan keyin tirilganlari haqidagi safsatalarini Qur'on oyati bilan tasdiqlamoqchi bo‘lmoqdalar.

Bizni o‘zlarining botil aqidalariga ergashtirish uchun, Islom ta'limoti va Qur'on oyatlarini buzib, o‘zimizga qarshi qurol qilayotganlarini bilish uchun keltirilgan misollar kifoya deb o‘ylaymiz.

Bu muammo yurtimiz va xalqimiz uchun yangilik emas. Xalqimiz tinchligi, farovonligi va taraqqiyotini ko‘ra olmaydigan va hasad ko‘zi bilan qaraguvchilar ilgari ham bo‘lgan. O‘zlarining buzg‘unchi g‘oyalariga erishish uchun bizning zaminimizdan foydalanmoqchi bo‘lgan g‘alamislar ajdodlarimizga ham yetarlicha tashvish tug‘dirishgan. Mevali daraxtga tosh otiladi, degan naql bor. Ular bizga - yurtimizga tosh otayotgan ekanlar, bu yerdagi qaysidir yaxshilikni o‘zlashtirib olish maqsadlari bor, demakdir.

Bundan tashqari, missionerlik muammosini bartaraf etishda va soddadil xalqimizni ularning yolg‘onlariga aldanib qolishlarining oldini olishda ajdodlarimizning ilmiy, mantiqiy va fikriy uslublaridan foydalanishimiz lozim. Asrlar uzra ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan dinimiz ta'limotlarini chuqur o‘rganishimiz, uning barcha ko‘rsatmalarini ilmiy, aqliy va falsafiy asoslari bilan bilishimiz va noto‘g‘ri fikrlarga qarshi javob bera oladigan saviyaga ko‘tarilishimiz juda muhimdir. Bu borada hissiyotga berilish yoki turli ko‘rinishdagi kuch ishlatishlar foyda bermaydi. Chunki jaholatga qarshi ma'rifat bilan borish, aql egalarining yo‘lidir.


Najmiddinxon Hamzayev Urgut tumani "G‘o‘s" jomiy masjidi imom xatibi 


Kiritilgan vaqti: 08/06/2020 16:36;   Ko‘rilganligi: 1053
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/missionerlar-tasiridan-ogoh-boling-4-misol
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 10:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing