Milliy libos – millatimizga hurmatdir!
Tarixdan ma'lumki, johiliyat davrida ayollar barcha insoniy xuquqlardan mahrum edilar. Ularga nihoyatda past nazar bilan qaralardi. Hatto ahvol shu darajaga borib yetgandiki, ba'zi arab qabilalarida qiz farzand tug‘ilishidan johil otalar nomus qilib, qizlarini tiriklay qaro yerga ko‘mib yuborardi. Islom dini bunday mudhish odatlarga barham berdi, nainki komil, ezgu qalblarning, balki katta-kichik har bir insonning irqi, millati va e'tiqodidan qat'iy nazar, o‘zgalar tarafidan tahqirlanishi, xo‘rlanishi va xorlanishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Ayniqsa, ayol zotini doimo ulug‘lab, avaylab-asrash harakatida bo‘ladi.
“Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, dedilar Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam). Shu hadisi sharifning o‘ziyoq musulmon olamida ayolning nechog‘li e'zozlanganligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ayolning bu qadar qadrlanishi, avvalo, uning to‘g‘ri e'tiqodi, yaxshi odobi, ichki dunyosining go‘zalligiga bog‘liqdir. Shu bilan birga, uning o‘zini tutishi, turish-turmushi, hatto kiyinish madaniyatiga ham taalluqlidir. Chunki ayolning kiygan libosi uning ichki dunyosidan, hayo-ibosidan dalolat beradi, iffat va viqorini belgilaydi.
Muqaddas dinimizda kiyinishga katta e'tibor berilgan. Kiyimning ozoda, kishiga mos, yarashiqli va iqlim sharoiti uchun qulay bo‘lishi uqtirilgan. Liboslar ochiq-sochiqligi bilan begonalar diqqatini jalb qiladigan, shahvoniy hislarni qo‘zg‘atadigan bo‘lmasligi lozim. Xozir bozorlarda sotilayotgan, ayniqsa, “moda” deb targ‘ib qilinayotgan ba'zi chet el kiyimlari adabsizlik, hayosizlikni targ‘ib qiladi desak o‘rinli bo‘ladi. Qizlarning nihoyatda g‘alati tikilgan shimlar kiyishi, kindiklarini ochib yurishi, quloqlariga keragidan ortiqcha sirg‘alar, hatto badanlariga g‘alati taqinchoqlar taqib yurishi milatimizga xos emas. Badaniga suratlar chizdirish esa mutlaqo ofatdir. Ba'zi manbalarda liboslarning salomatlikka ta'siri to‘g‘risida bunday tavsiyalar berilgan: libosning rangi kishining yoshiga, kayfiyatiga, jamiyatda tutgan maqomiga mos bo‘lishi kerak. Guldor, qizil rang aralashgan liboslar erkaklarga durust bo‘lmasa-da, ayollarga yarashadi.
Libosning kengligi borasida o‘rtachalik – me'yorga rioya qilinishi kerak. A'zolar siqiladigan darajada tor, noqulaylik tug‘diradigan va harakatlanishga xalal beradigan darajada keng bo‘masligi lozim. Nihoyatda tor kiyimlar tanada qon aylanish tizimi buzulishiga olib keladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, libos zamon va milliy qadriyatlar talabiga javob bera olishi kerak. Barcha sohalardagi yutuqlarimiz bilan faxrlanganimiz singari, kiyimlarimiz bilan ham iftixor tuyushimiz kerak. Zero, milliy liboslarimiz millatimizga hurmat va muhabbatni bildiradi.
Z. Ubaydova Tayloq tumani bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi
Kiritilgan vaqti: 07/12/2022 16:17; Ko‘rilganligi: 992
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 10:40