Millatimizga xos, zamonaga mos bo‘lsin
Kiyinish borasida bandaga erkinlik berilsa, u nafsining aytganini yoki shaytonning vasvasasini qiladi yoki boshqalarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishni ixtiyor etadi.
Shuning uchun har jabhada me'yordan chiqmaslikka or-nomuslik belgisidir. Yuz yillar avval qizlarga or, uyat sanalgan tizza, bilaklarni ochib yurishlik, hozirgi ko‘p qizlarimimzga faxr bo‘lib qoldi. O‘sha davr momolarimizni tirsagi ochiq, etagi kalta kiyimda yoki boshida ro‘molsiz ko‘rganlar bormi? Hatto erkaklar kalta-kulta kiyinmay, boshida do‘ppi bilan yurganlar.
Hozirgi texnika rivojlangan davrda, “zamon o‘zgardi” degan niqob ostida qizlarimiz g‘arbga taqlidni yarim yalang‘och, yengil-elpi kiyimlarda, yigitlarimiz soch o‘stirib, hatto taqinchoq taqib, kalta shortikda yurishgacha borib yetdi. Bu ma'naviyatimizning, milliyliklikni tanazzuliga olib barmayaptimi? Buni oldini olish uchun keng miqyosda bir nazorat kerak bo‘lib qoldi chamasi. Shu o‘rinda hoji onalar libosiga ham nazar tashlasak, ko‘chalarda ba'zan qop-qora kiyingan hoji onalarni uchratib qolamiz. Avvaldan uzr bilan murojaat qilardik-ki, haj nasib etgan onajonlar zebu-zeynatlarsiz, mo‘tadil kiyimda namuna bo‘lsalar. Ba'zan ekrandagi qo‘shiqchi, reklamachilar libosi ham g‘ashingni keltiradi. Nazarimda tarbiya maskani bo‘lish san'at xodimi ekranga chiquvchilardan boshlab, muassasa xodimi-yu oddiy yo‘lovchiga Davlat miqyosidagi nazorat, tartib joriy etish lozim bo‘lib qolgandek. Shungacha borib yetmay har bir soha vakili jinsidan qat'iy nazar o‘zlarini milliy g‘ururlarini tiklab olsalar nur ustiga nur bo‘lardi.
Libosni ziynat deymiz, ayollrning bir toifasi aniqrog‘i tarbiyasiz ayollar libosni o‘zlarining butun tanalarini, qad-qomatlarini begona erkaklarga faxrlanib ko‘rsatish uchun vosita qilib oldilar, ba'zilari esa kiymining qimmatbaholigi bilan faxrlanib, g‘ururlanib yurishni hayotlarining asosiy maqsadi qilib oldilar. Bu kabi holatlar shunday millatdoshning borligidan uyaltiradi, o‘yga toldiradi. Axir, kibr shaytoni lainning ishiku. Millatdoshlarimiz bunday qisqa fursatda qanchalar tuban o‘zgarishlarga yuz tutdilar. Qadriyati baland momolarimiz hayo belanchaklariga alla aytmaganmi, bobolarimiz beliga atak-chechagida belbog‘ bog‘lab, boshiga do‘ppi kiydirib jasur o‘g‘lonlarni ulg‘aytirmaganmi? Bu illatlar shohi so‘zana bo‘lib gullayotgan jonajon O‘zbekistonimizga yamoq, yamoq bo‘lganda ham kir, iflos yamoq bo‘lmayaptimi? Tarbiyaning qaysi jihatida adashish yoki bo‘shliq bo‘ldiki, bu ahvolga tushib qoldik.
Barchasi loqaydlikdan emasmi? Bularning oldini olish uchun keng jamoatchilik tarbiyasi, e'tibori kechiktirib bo‘lmaydigan amaldagi yordami zarur. Tarbiya maskanlarining boshlang‘ichidan boshlab milliy qadriyatlar chuqur singdirilishi lozim. “Uxlab” yotgan maxalla mas'ullari uyg‘onish, birinchilardan harakat qilish lozim, jamoat nazorati to‘liq shakllanishi muhimdir. Ana o‘shandagina Kumushbibilarni, Otabeklarni yana hayotga qaytaramiz.
Erkaklar uchun oq, och liboslar kiyish sunnat bo‘lgani kabi ayollar uchun e'tiborni tortadigan liboslar kiyish tavsiya etilmaydi. Barcha sohalarda ikki dunyo baxtu saodatiga erishish uchun shariat ahkomlariga amal qilish talab etilganidek, kiyinish borasida ham har xil g‘oyalar, madaniyatlar yoki ko‘r-ko‘rona taqlidlar, o‘zim hal qilaman degan tushunchalarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, bizni yaratgan va bizga nima yaxshi-yu, nima yomonligini, nima foyda-yu, nima zararligini yaxshiroq bilguvchi Alloh taoloning shariatiga itoat etish ulkan fayzu yutug‘imizdir.
N.Temirova - Samarqand viloyat bosh otinoyisi
Kiritilgan vaqti: 13/06/2022 08:08; Ko‘rilganligi: 732
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:38