Mehr - oqibat dinimiz ko‘rsatmasi
Muqaddas dinimizda o‘zaro mehru oqibat bilan hayot kechirish targ‘ib etiladi. O‘z navbatida bu imonning mustahkamligini ta'minlovchi omildir.
Alloh taolo Baqara surasida shunday marhamat qiladi:”Yaxshilik qilinglar.Zero,Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarni yaxshi ko‘radi”.
Keyingi paytlarda el-yurt manfaati yo‘lida aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush darajasini o‘rganish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida katta ishlar qilindi. Bu xayrli tadbir izchil davom etyapti.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadisi sharifda shunday marhamat qilganlar: “...to bir-biringizga muhabbatli bo‘lmaguningizcha haqiqiy mo‘min bo‘lmaysizlar”.
Darhaqiqat, mehr-oqibat odamlarni o‘zaro bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, og‘irini yengil qilish, o‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqaga ham ravo ko‘rishni, hatto o‘ziga zarur bo‘lgan narsani birodariga ilinishni anglatadi.
Qur'oni karimda ham ushbu mazmunda oyatlar mavjud: “O‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar (oxiratda) najot topuvchilardir”.
Yaratganning bunday maqtoviga sazovor bo‘lish uchun kishi jamiyatga manfaat yetkazishi, o‘zi yashab turgan yurt koriga yarashi, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilaridan o‘z ko‘magini ayamasligi, yordamga muhtoj kishilarning hojatini chiqarishi, og‘ir va yengil kunlarida ular bilan birga bo‘lishi lozim. Bu odat qadim ajdodlarimiz davrida ham bo‘lgan. Ota-bobolarimiz muborak haj safariga otlanganlarida, avvalo qo‘ni-qo‘shnilarining roziligini olishgan. Imkoni boricha muhtojlarga ko‘mak berishgan. Shundan so‘ng safarga chiqishgan.
O‘zaro birdamlik shunchaki, balandparvoz gap emas. Bunda katta hikmat bor. Zero, Alloh taolo tanimizni sog‘, egnimizni but, xonadon va yurtimizni tinch qilib qo‘ygan, bundan boshqa behisob ne'matlarini ato etayotgan ekan, buning shukronasini har kuni hech bo‘lmasa, bitta yaxshilik qilish bilan ado etishimiz kerak. Natijada, o‘zimiz ham halovat topamiz.
N.Xidirov- “Ko‘k to‘nli bobo” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 27/09/2021 11:10; Ko‘rilganligi: 1008
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:32