O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mazlumni duosi

 
 

Bir talabaning hikoya qilishicha tirikchilik sababidan xizmatga chiqib turar ekan, mardikor bozor degan jo

yga. Odatdagidek xaridor kutib turganlarida bir bashang kiyingan kishi kibru havo bilan sollanib keldi-da:
– Gul ekish kerak, – deb qoldi.
Uning kalondo‘mog‘ligi malol kelsa ham, ishsiz qolishdan qo‘rqib narxni kelishib olib, nochor rozi bo‘lishdi. Mashinaga chiqib uning hovlisiga borishdi. Gul ekiladigan maydon ancha bor edi. Boyvachcha ishni boshlash paytida qo‘shib qo‘ydi:
– Haqlaringni gulni vaqtida ekib ulgura olsangiz olasiz! Bo‘lmasa bir so‘m ham bermayman!

Yigitlar ishga qattiq kirshdi. Ish og‘ir, yer ancha qattiq. Ish qurollari ham juda bop emas. Uning ustiga bu po‘rim yigit bir oz dam olishga ham qo‘ymay ularning tepasida turdi. O‘lgudek ishlashib, nihoyat shom paytida zo‘rg‘a tugatishdi. Ayniqsa ularning orasida yoshi kattarog‘i bor edi, o‘sha kishi sirtdan bildirmas ham, ancha horib qoldi. Nihoyat ish yakunlanib, yuz-qo‘llarini yuvib, kiyimlarini almashtirishdi. Haligi boyvachcha uyiga kirib ketdi. Bular endi pulni olib chiqar, deb ancha kutishdi, hech gap yo‘q. Oxiri odobdan bo‘lmasa ham ichkari uyining eshigiga borib chaqirishdi. U so‘rida yastanib yotgancha televizor tomosha qilardi. Ularga bepisandlik bilan qarab:
– Eee...senlar haliyam shu yerdamisanlar? Ha, aytmoqchi haqlaringni ertaga olasanlar.
– O‘ylab gapiryapsizmi? Ertaga yana kelamizmi?
– E, boshimni og‘ritmalaring! Asabimga tekkanlaring uchun bir so‘m ham bermayman! Qani, uyni bo‘shatib qo‘ylaring!
Uning bu gapidan hangu-mang bo‘lib qolishdi. O‘zlaricha bosiqlik bilan insofga chaqirmoqchi ham bo‘lishdi. Biroq istehzo qilishdan nariga o‘tmadi. Shunda ularning yoshi kattasi tasalli berib, boyvachchani Xudoga solib ortiga qaytishayotgan edi, yoshrog‘i chiday olmay:
– Ilohim, bizning haqimiz janozaga buyursin! – deb yubordi. Bu gapni eshitgan xotini qo‘rqib ketdi:
– Og‘zingizga qarab gapiring!
Vaqt allamahal bo‘lib qolgani sababli avtobus, yo‘nalishli taksilar harakati to‘xtagan. Cho‘ntaklarida taksiga yetarli puli yo‘q xizmatkorlar piyoda ketishga majbur bo‘lishdi. Ancha yurishganidan keyin bir yengil mashina kelib to‘xtadi.
- Chiqinglar, akalar. Oborib qo‘yaman.
Bir-biriga qarab qolishdi. Noiloj bahona qilishdi:
- Yo‘q, rahmat piyoda ketaveramiz.
- Shu yarim kechada-ya? Qayoqqa borasizlar o‘zi?
Manzilni eshitib:
- Voy bo‘o‘y! Qachon yetib borasizlar. Chiqinglar, men kirakash emasman, bekorga oborib qo‘yaman, -deb iltifot qildi.
Ular mashinaga chiqishgach, nima qilib yurganlarini so‘radi. Bo‘lgan gapni eshitib, ancha jahli chiqdi va tasalli berdi. So‘ng davom etdi:
– Bugun hayotimda eng quvonchli kun. Farzandli bo‘ldim. Shu tug‘ilgan farzandim uchun ehsonim bor edi. Sizlarni Xudo yetkazdi, - deb ancha pul uzatdi.
Yo‘q deyishganiga quloq solmay majbur qo‘llariga tutqazib qo‘ydi. Pul ancha edi. Hatto bugungi kelishilgan puldan ham ortiqroq edi. Taqdir taqozosiga ko‘ra oradan bir xafta o‘tib o‘sha ko‘chaga borib qolishdi. Haligi boyvachchaning uyi tomon qaragilari ham kelmas edi. Lekin uning darvozasi oldi negadir gavjum edi.
– To‘y bo‘lyapti, shekilli, – dedi ularning biri.
– E, to‘y qayoqda, – dedi ularni olib kelayotgan haydovchi. – Kecha bu hovli egasining yettiga to‘lgan o‘g‘li avtohalokat tufayli olamdan o‘tdi. O‘shaning janozasi...

Ey insonlar, hushyor bo‘linglar! Xatti-harakatlarimiz yarasha bir kunmas bir kun javob olamiz.

“Mazlumning duosidan ehtiyot bo‘l. Zero, uning duosi bilan Allohning orasida parda-to‘sik yo‘kdir” (Muttafaqun alayh)..

Amirov To‘lqin Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom-xatibi tayyorladi.


Kiritilgan vaqti: 18/11/2021 07:28;   Ko‘rilganligi: 1371
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mazlumni-duosi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing