O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mazhabsizlik – xatarli bid'at

 
 

Fiqhiy mazhablarning kelib chiqish tarixi sahobalar[1] va Nabiy alayhissalom vafot etgandan keyingi keladigan  asrga taqaladi.

Hijratning avvalgi ikkinchi asridan to‘rtinchi asrning yarmigacha ijtihodning oltin davri bo‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida mazhablari yozilib va fikrlariga ergashiladigan o‘n uchta mujtahid namoyon bo‘lishdi. Ular: Makkada Sufyon ibn Uyayna, Madinada Molik ibn Anas, Basrada Hasan Basriy, Kufada Abu Hanifa va Sufyon Savriy, Shomda Avzoiy, Misrda Shofe'iy va Lays ibn Sa'd, Niysoburda Is'hoq ibn Rohivayh, Bag‘dodda Abu Savr, Ahmad, Dovud Zohiriy va ibn Jarir Taboriylardir.

Ulardan to‘rttasi jumhur musulmonlar tomonidan rasmiy fiqhiy mazhablar, deb tan olindi[2]. Ular: Hanafiy, Shofe'iy, Molikiy, Hanbaliy mazhablaridir.

Bu o‘rinda shuni ta'kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda dunyodagi taxminan 1,3 milliard musulmon aholisining 92,5 foizini sunniylar tashkil etadi. Ular mazhablar bo‘yicha quyidagi nisbatda bo‘linadilar: Hanafiylar 47 foiz, shofe'iylar 21 foiz, molikiylar 17 foiz, hanbaliylar 7,5 foiz[3].

Bu to‘rt mazhab o‘rtasida katta farqlar ko‘zga tashlanmaydi. Juda ko‘p masalalarda bir xillik mavjud. O‘rtalarida faqat juz'iy ixtiloflar mavjud.

Demak, fiqhiy mazhablarning vujudga kelish tarixini o‘rganar ekanmiz, hozirgi kundagi ba'zi mazhabsizlarning yoki soxta “salafiylar”ning: “Mazhabga ergashish bid'at”, “Imomga ergashish sunnatdan yuz o‘girishdir” kabi da'volari puch ekanini ko‘ramiz. Aksincha fiqhiy mazhablarning tarixiy ildizi buyuk sahobalar va ulug‘ tobeinlar asos solgan yo‘l ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Nabiy alayhissalomning sahobalari ilmda bir-biridan farq qilgan. Ba'zilar Abdulloh ibn Abbosni, iroqliklar Ibn Mas'udni, hijozliklar Abdulloh ibn Umarni roziyallohu anhum o‘zlariga o‘rnak qilib, ularning ko‘rsatmalariga rioya etib yashashgan. Ahli ilmlardan hech kim ularning bu ishini qoralagani yoki bir shaxsga taqlid qilganni gunohkorga chiqarganlarini bilmaymiz[4].

Demak, bugungi kunimizda ham omi xalq, shuningdek, istinbot va ijtihod qilish darajasiga yetmagan olimlar uchun biror mujtahidga taqlid qilish, bilmaganlarini so‘rashdan boshqa chora yo‘q. Zero, Alloh taolo bunday buyurgan: “Agar bilmaydigan bo‘lsangiz ahli zikrlardan so‘rangiz”[5] (Nahl surasi, 43-oyat).

Shu o‘rinda diyorimiz musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A'zam (hanafiy) mazhabi ko‘rsatmasiga rioya qilib kelayotganini alohida ta'kidlab o‘tishimiz zarur. O‘tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirishgan. Xalqimiz ham shu mazhabga amal qilishgan. Darhaqiqat, Imomi A'zam mazhabi mo‘tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o‘zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ayrim hollarda yuzaga keladigan turli ziddiyatlarning bartaraf etilishida muhim asos bo‘lib kelmoqda[6].

Ming afsuslar bo‘lsinki, XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostida yana bir tahdid – mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasi paydo bo‘ldi.

Mazhabsizlikni yoyilishi Islom diniga xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekaniga shubha yo‘q. Mazhabsizlar o‘zlarini biror-bir mazhabga amal qilmasliklarini da'vo qiladilaru, aslida namoz va boshqa ibodatlarda to‘rt mazhab imomlaridan biriga ergashadilar. Bundan boshqa ilojlari ham yo‘q. Negaki, ijtihod qilishga har kim ham qodir bo‘lolmaydi. Chunki bu ishni qilish uchun shar'iy dalillardan hukmlarni chiqarib olishga yetarli darajada ilmiy va aqliy quvvat lozim. Lekin bir, ikki masalani chuqur o‘rganmay turib, ixtilof chiqarishga ustalar, masalan: “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida bo‘lmagan, biz ularga emas Alloh va Rasuliga ergashamiz”, yoki “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida yo‘q edi, biz mazhab egalarining emas, Alloh va Rasulining aytganiga amal qilishimiz kerak” – degan da'volarni qiladilar[7]. Bu o‘ta kaltafahmlik va johillik, g‘arazgo‘ylikdan boshqa narsa emas.

Mazhabsizlarning eng kulgili holati, ahli sunna va jamoadagi to‘rt mazhab sohiblaridan birining yo‘liga yurib, gapini olish “bid'at”-u, kimligi noma'lum  “shayx”larining asossiz “fatvo”lariga ergashish “haqiqat”mi? Aslida, mana shu kabi asossiz “fatvo”lar musulmonlarning birdamligiga rahna solayotgan “ISHID” yoki “Al-qoida” kabi buzg‘unchi guruhlarning foydasiga xizmat bo‘lib qolmoqda. Vaholanki, islom qoidalariga binoan, fatvo berish huquqi, aqida, fiqh ilmida mukammal darajaga yetgan, Qur'on va hadis ilmini tafsirlari va tuli sharhlari, sanadlari bilan to‘liq yod biluvchi, o‘z mazhabining ta'limotlariga tayangan holda, qolaversa, muftiy martabasiga ega muayyan shaxslargina berishi ma'lum[8].

Hozirgi kunda butun islom ummati ming uch yuz yildan buyon tan olib, ardoqlab, ehtirom qilib kelayotgan to‘rt fiqhiy mazhablarni inkor etib, ular haqlarida noloyiq gaplar aytib, o‘zini mujtahid sanab yurganlar aslida, “bir kitobcha va magnit tasmasi madaniyati”ga mansub kishilardir[9].

Mazhabdan yuz o‘girish salafi solih yo‘lidan yuz o‘girish bo‘lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Zero, Islom olami tan olgan Imom Tahoviy, Imom ibn Surayj, Imom Quduriy, Imom Saraxsiy, Imom Juvayniy, Imom G‘azzoliy, Imom Navaviy, Burhoniddin Marg‘iloniy va ko‘plab mujtahid ulamolar to‘rt mazhabdan biriga ergashganlar.

Shu o‘rinda aytayotgan so‘zlariga hujjat keltira olmaydigan va qilayotgan da'volarining asossiz ekanligi aniq bo‘lgan mazhabsizlarning “muayyan bir mazhab asosida amal qilish harom va bu bid'atdir”, degan so‘zlari emas, balki alloma Muhammad Said Ramazon Butiy: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir”, degan so‘zi ayni haqiqatdir.

[1] Vahba Zuhayliy. Al-Fiqhul islamiy va adillatuhu. 1-juz. 42-bet. Damashq: Dorul fikr, 2001 y.

[2] Ahmad Sa'id Havva.  Madxal ila mazhabil imam Abi Hanifata No‘mon. 87-bet.  Jidda, Darul Andalus al-Hazro. 2002 y.

[3] A.Tulepov. Islom va aqidaparsat oqimlar. 35-bet, Toshkent: “Sharq” , 2014 y.

[4] Muhammad Sa'id Ramazon Butiy. Al-la mazhabiyya axtoru bid'atin tuhaddidu shari'atal islamiya. 107-bet. Damashq. Darul fikr. 1985-yil

[5] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. Toshkent. TIU.nashriyot matbaa birlashmasi. 2009 y.

[6] A.Tulepov. Islom va aqidaparsat oqimlar. 36-bet, Toshkent: “Sharq” , 2014 y.

[7] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ixtiloflar sabablar yechimlar.83- bet. Toshkent: “Sharq”, 2011.

[8] A.Tulepov. Ishid fitnasi. 19-bet. Toshkent. Movarounnahr. 2014 y.

[9] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ixtiloflar sabablar yechimlar.  64- bet. Toshkent: “Sharq”, 2011.

Farhod JO‘RAYEV

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi


Kiritilgan vaqti: 21/06/2021 17:38;   Ko‘rilganligi: 874
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mazhabsizlik-xatarli-bidat
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 23:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing