O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MAZHABSIZLIK TUSHUNCHASI HAQIDA

 
 

Mazhabsizlik  tushunchasini aniq  tushunishimiz uchun avvalambor “mazhab” tushunchasiga aniqlik kiritilishi lozimdir. Mazhab so‘zi lug‘atda “yo‘nalish, yo‘l,ergashish” ma'nolarini anglatadi.

Sha'riy istilohda mujtahid (sha'riy hukumlarni dalillar: Qur'oni karim, Sunnat, Ijmo' va Qiyosga asoslanib  chiqarish malakasiga ega bo‘lgan, yetuk bilimdon, chuqur ilmga ega bo‘lgan faqih kishi) lardan birining oyat va hadislardan sha'riy hukmlar  chiqarish yo‘li “mazhab”deyiladi.   

Islomiy mazhablar sha'riy hukmlarni chiqarish va ularni o‘rganish yo‘lidir, yoki  sha'riy dalillarni bayon etish va undan hukm chiqarish madrasalaridir.

Mazhablar o‘z asoschilarining nomlari bilan – taqvo, salohiyat, ijtihot va ilimlarini barcha musulmonlar e'tirof etgan  mujtahid larning nomlari bilan ataladi.

Hozirgi kunda Islom olamida  to‘rt ulug‘ mujtahidning - Imom A'zam (Abu Hanifa), Imom Shofeiy, Imom Molik, Imom Ahmad ibn Xanbal mazhablari ya'ni 1)Hanafiya mazhabi, 2)Molikiy mazhabi,  3)Shofe'iy mazhabi, 4) Hanbaliy mazhablari amaldadir.

Islom dinining asoslari Qur'oni karim va Rasuli akrom sunnatlari bo‘lishi barobarida mazhablarning bir necha bo‘lishlariga sababni quyidagicha tushunish joyizdir:

Alloh taolo va uning Rasuliga itoat etish har bir mo‘minga vojibdir. Bu Qur'oni karimning ko‘pgina oyatlarida (Oli – Imron – 132, Hashr – 7, Niso – 65) ta'kidlangan. Alloh taolo va uning Rasuliga itoat etish esa Qur'oni karim va sunnati mutahhorada kelgan hukumlarni mukammal bilishni taqazo qiladi.

Qur'oni karim va Sunnati mutahhorada ba'zi masalalarning hukmlari ochiq – ravshan bayon etilgan bo‘lsa ba'zi masalalar hukmlariga ishorat va dalolat qilingan, ayrim masalalarning hukmlari esa kelmagan.

Hukumlari ochiq bayon etilgan masalalarda ihtilof va ijtihodga o‘rin yo‘q. Biroq hukumlari ochiq - ravshan bayon qilinmagan yoki hukumlari kelmagan masalalarning hukmini faqat MUJTAHIDLAR oydinlashtirib berishadi.

MUJTAHID arab tilini mukammal bilgan va tushungan, Qur'oni karim va Hadis ilmini puxta egallagan, Usulil fiqh va Ijmo'ni yaxshi bilgan Shariatning maqsadi va mohiyatini chuqur anglagan, iste'dodi ijtihod qilishga yetadigan yirik olimdir

Bir masalaning hukmini oydinlashtirishda keltirilgan dalillarning har xil bo‘lishida, bir necha ma'noli so‘zlarning bir ma'nosini quvvatlashda, hukmi kelmagan masalani o‘zga masalaga qiyos qilib hukmini chiqarishda bir mujtahidning fikri boshqa bir mujtahidning fikridan farqli bo‘lishi tabiiydir. O‘zi ijtihod qilib oydinlashtirgan hukumga o‘zining amal qilishi har bir mujtahidga vojibdir. Shunday qilib har bir mujdahidning alohida – alohida ijtihod qilish yo‘li ya'ni mazhabi shakillangandir. Ko‘p mazhablikning sababi shuldir.

Ijtihod darajasiga yetmagan kishilarga Qur'oni karim hukmiga binoan (Nahl – 43, Anbiyo – 7) Mujtahidlardan biriga ergashish vojibdir.

Soxta Salafiylarning “Rasuli akram davrlarida mazhab bo‘lmagan, mazhablar hijriy III asrga kelib paydo bo‘la boshlagan shuning uchun biz mazhablarga emas Alloh va Uning Rasuliga ergashamiz, itoat qilamiz” deb Mazhabsizlik g‘oyasini targ‘ib qilayotgan oqimlar o‘zlarini biror bir mazhabga amal qilmasliklarini da'vo qiladilar. Mazhabsizlarning da'volaricha har bir kishi, o‘zi Qur'ondan yoki hadisdan hukm olishi mumkin. Chunki mazhab boshilarning xulosalari boshqalar uchun asos bo‘la olmaydi, har bir odam o‘zi fatvo berishi mumkin emish.

To‘g‘ri Rasuli akrom sallallohu alayhi vasallam davrlarida mazhab ham va unga ehtiyoj ham bo‘lmagan, chunki har qanday masalalarning yechimini Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam o‘zlari tushuntirib, oydinlashtirib berganlar, Keyinchalik Payg‘ambarimiz alayhisalom vafotlaridan so‘ng ahobalar xizmat qildilar, ulardan so‘ng MUJTAHIDlarning xizmatlariga ehtiyoj tobora orta borganligi sababli mazhablar paydo bo‘lgan. ISLOM DINI asoslarini bilmagan, Qur'onni va Hadis ilmini  chuqur bilmagan yoki umuman bilmagan, Ijmo' va Qiyosdan xabari bo‘lmagan diniy ilmlarni endi o‘rganishga kirishgan kishilar qanday qilib Qur'oni karimdan va hadislardan  hukm olishlari mumkin?

Mazhabsizlarning g‘oyalariga amal qilinib barcha odamlar Qur'on va hadisdan o‘z o‘zicha hukm olishga o‘tsa, jamiyat hayoti o‘z o‘zidan izdan chiqishi tayinku axir. Demak, shundan xulosa qilinsa yaxshi bo‘ladi.

Jiyanov Kamoliddin Qo‘shrobod tumani “Saroy” masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 16/10/2023 15:55;   Ko‘rilganligi: 223
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mazhabsizlik-tushunchasi-haqida
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 04:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing