O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mazhabsizlik – ochiq zalolat

 
 

Mazhabsizlik – shariatimizga tahdid soladigan xatarli bid'at. Bu borada so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, “mazhab” so‘zining ma'nosini aniqlashtirib  olmog‘imiz zarur. “Mazhab” so‘zi arab tilidagi “zahaba” fe'lidan olingan bo‘lib, o‘zbekchada “yo‘l” degan ma'noni ifoda etadi. Istilohda esa to‘rtta fiqhiy mazhab imomlarining yo‘llaridir.

O‘tgan asr so‘nggida dunyo yuzida islomni niqob qilib olgan ekstremistik guruhlardan tashqari tahdidning yana bir qatlami paydo bo‘ldiki, u – mazhabcizlikka chaqiruvchilar toifasidir.

Harakat tarafdorlarining da'vosicha, Islomda fiqhiy mazhablarning biriga ergashish shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs, biror shar'iy masalada ulardan birining yo‘lini tutsa, u ko‘r-ko‘rona taqlid qilgani uchun xatokor mutaassib va dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi. Ushbu toifaga kiruvchi shaxslar islomga amal qilishning asosida faqat Kitob (Qur'on) va  sunna turishi lozimligini ta'kidlashadi. Ularning fikricha, bu ikki manba xatolardan xoli. Ammo fiqhiy mazhablarga  ergashish esa, kitob va sunna ta'limotidan ko‘ra, ko‘proq shaxslar ijtihod (fikr)lariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa, xatoga yo‘l qo‘yish va nuqsonlardan xoli bo‘lishni kafolatlay olmaydi. Qolaversa, ularning nazdida islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan so‘ng paydo bo‘lgani bois bid'at ishlardan sanalib, sunna ta'limotiga ko‘ra har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga  mahkumdir. Sahobai-kiromlarning barchasi Allohning kitobi va Rasulullohning sunnatigagina murojaat qilganlar. O‘zlarini islom dinining fidoyilari deb e'lon qilayotgan bu toifa tarafdorlari Qur'on va sunna turganda fiqhiy mazhablarga ergashish musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar paydo bo‘lishiga zamin yaratib, birligiga rahna tug‘dirayotgani haqida jar solmoqda. Aslida-chi?!

Aslida, mazhabsizlik da'vosini yoyishning o‘zi ixtilof manbai bo‘lib, Islom dini, xususan, musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekaniga shubha yo‘q. Ular o‘zlarini mazhabsiz deb da'vo qiladilar-u, aslida o‘zlari ham namoz va boshqa ibodatlarda o‘sha to‘rtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi. Ijtihod qilishga har kim ham qodir bo‘la olmaydi. Chunki bu ishni qilish uchun shar'iy dalillardan hukmlarni istinbot qilishga yetarli darajada aqliy quvvat lozim bo‘ladi. Bu malakani Alloh taolo hammaga ham bergan emas. Lekin bir-ikki masalalarda ixtilof qilib, “Mazhab degan narsa Rasulullohning davrlarida bo‘lmagan, biz ularga emas Alloh va Rasuliga ergashamiz” deydilar. Bu gaplarni aytayotgan kishilar mazhab borasida ilmlari  yo‘qligini bildiradi.

Fikrimizning dalili, Alloh taoloning “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang”(Nahl, 43), degan amridir. Ulamolar ijmo' qilganlarki, bu oyat hukmni va uning dalilini bilmaydigan kishilarni o‘sha narsalarni biladigan kishilarga tobe bo‘lishga buyurmoqda.

Darhaqiqat, barcha usul ulamolari bu oyatni savodsiz odam mujtahid olimga taqlid qilishi kerakligiga birinchi dalil o‘laroq keltiradilar.

Alloh taoloning “Albatta, bu Mening to‘g‘ri yo‘limdir. Bas, unga ergashing. Va boshqa yo‘llarga ergashmangki, sizni uning yo‘lidan ajraturlar”

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Men va xulafoiy roshidinlarning yo‘lini mahkam tutinglar” deb marhamat qilganlari mazhabsizlikni da'vo qilayotganlarning gaplari puch ekaniga dalil bo‘ladi.

To‘rt mazhabdan birini mahkam tutish vojib sanaladi. Bunga barcha musulmonlar ummati ijmo' qilgan. Hatto Muhammad Said Ramazon Butiy hazratlari: “Mazhabsizlik dindan chiqishga olib boradigan ko‘prikdir”, deganlar.

Bundan mazhabsizlik juda og‘ir gunoh ekani ayon bo‘ladi. Uning yana bir xatarli jihati, oldinroq aytib o‘tganimizdek, mazhabsiz odam fiqhiy masalalarga o‘zining bilimi yetib yechim topa olmagani bois goh u mazhabdan, goh bu mazhabdan dalillar qidiradi. Ya'ni o‘zi inkor etgan mazhablarning hammasining ichida dovdirab yuradi. Lekin aniq birini ushlamagani bois e'tibor qozona olmasdan umrini zalolatda o‘tkazib qo‘yadi.

 

Xayrulloh  MARDONOV


Kiritilgan vaqti: 22/01/2021 14:11;   Ko‘rilganligi: 1281
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mazhabsizlik-ochiq-zalolat
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 05:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing