O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mazhablar birdamlik ramzi

 
 

Ma'lumki, Islom olamining ahli sunna toifasi ichida to‘rtta fiqhiy mazhab bo‘lib, ular Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliy mazhablaridir. Agar islom tarixiga nazar tashlansa, bu mazhablarning kelib chiqishidan oldin ham turli mazhab va yo‘nalishlar bo‘lgan. Lekin u mazhablar muayyan shaxs nomi bilan emas, balki shahar va mintaqa aholisi nomi bilan atalgan. Masalan, Madinaliklar mazhabi, Makkaliklar mazhabi va hokazo. Imom Molik rahmatullohi alayh o‘zlarining mashhur “Muvatto” (ommabop) kitoblarini yozilish tarixini zikr qilganlarida shunday degan edilar: Xalifa Abu Ja'far al-Mansur bilan hajda uchrashib qoldik, shunda u menga: “Men bilan sizdan boshqa olim qolmadi, men siyosat bilan mashg‘ulman.

Siz odamlarga sunnat va fiqhni bayon qiluvchi bir kitob yozing. Faqatgina, unda Ibn Abbosning ba'zi masalalardagi ruxsatlarini, Ibn Umarning ba'zi masalalardagi qattiqqo‘lligini va Ibn Mas'udning ba'zi masalalardagi nodir so‘zlarini kitobga kirgizishdan saqlaning, uni ommabop qilib yozing” – dedi. Kitob ta'lif qilinib, Abu Ja'far al-Mansurga taqdim qilinganda, u Imom Molikka: “Men bu kitobingizni Ka'baga osib qo‘ymoqchiman, uni butun Islom olamiga tarqatib, ixtiloflarga chek qo‘yish uchun odamlarni yolg‘iz shu kitobga amal qilishlariga majbur qilmoqchiman” – dedi. Shunda Imom Molik: “Yo‘q, unday qilmang, chunki sahobalar yer yuzi bo‘ylab tarqalib ketganlar. Ular men kitobga kiritgan Hijoz aholisining hadislaridan boshqa hadislarni ham rivoyat qilishgan. Odamlar o‘sha hadislarni ham olganlar. Siz ularni o‘z hollariga qo‘ying” – dedilar.

Barcha hadis kitoblarida keltirilgan ushbu mashhur voqea asrlar davomida faqihlarimizni yangidan-yangi ilmiy cho‘qqilarga, izlanishlarga chorlashi bilan birga, Qur'oni karim oyatlari, boshqa hadislar bilan bir qatorda fiqh ilmiga hujjat va dalil bo‘lib kelmoqda. Keyinchalik zabardast ulamolar tomonidan sahobiy va tobeinlarning fatvolari jamlanib, ularni tahlil qilish orqali yangi mazhablar vujudga keldi va bu mazhablar mazhab sohibining nomi bilan atala boshladi. Xususan, Kufada Hanafiy, Madinada Molikiy, Misrda Shofe'iy va Bog‘dodda Hanbaliy mazhablari paydo bo‘ldi. Tarix nuqtai nazaridan qaralsa, bu to‘rt mazhab ham bir-biri bilan bog‘liq, mazhab egalari o‘zaro bevosita yoki bilvosita bir-birlariga ustoz yoki shogird bo‘lishgan. Masalan, Abu Hanifa Imom Molik bilan ko‘rishgan, Imom Molik Imom Shofe'iyga ustozlik qilgan, Imom Shofe'iy esa Abu Hanifaning shogirdi Muhammad ibn Hasan bilan bevosita munozaralar qilgan. Shuningdek, Imom Shofe'iy Ahmad ibn Hanbalga ustozlik qilgan. Lekin shunga qaramay, har bir mujtahidning mazhab tuzishda o‘ziga xos ilmiy yo‘nalishi bo‘lgan.

Mazhablar o‘z tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida dinning yaxlitligi, musulmonlarning hamjihatligi, o‘zaro inoqligi va birligini ta'minlashda eng muhim omil sifatida kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi bo‘lib, qavmning diniy e'tiqod belgilari bo‘yicha guruhlarga bo‘linish g‘oyasini hech qachon tan olmagan. Garchand turli oqim va firqalar har doim islom dini yaxlitligini buzishga urinib kelgan bo‘lsada, hech qachon buning uddasidan chiqolmaganlar. Bu muvaffaqiyatning zamirida ham shu ahli sunna ulamolari keltirgan dalil va asoslarning mustahkam va to‘g‘riligi asos bo‘lib xizmat qilgan. Musulmonlar ommasiga ushbu haqiqatlarni tushuntirib berish bemazhablik avj olgan hozirgi davrda ayniqsa muhimdir.

Mazhablar Qur'oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida ijtihod qilib, sahobiy va tobeinlar fatvolariga muvofiq ravishda topilgan Alloh roziligiga erishtiruvchi, haqiqiy to‘g‘ri yo‘ldir. Alloh taoloning eng oxirgi va mukammal, qiyomatgacha boqiy qoluvchi, barcha zamon va makonlarda insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi din Islom ekanini yaqindan anglaymiz. Mazhablar to‘la ma'noda birlik, birdamlik, birodarlik ramzi ekanini anglab olmog‘imiz darkor.

 Abdullo Raxmonov O‘MI Samarqand viloyati vakilligi xodimi


Kiritilgan vaqti: 24/11/2022 11:30;   Ko‘rilganligi: 511
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mazhablar-birdamlik-ramzi
Chop etilgan vaqti: 17/04/2024 04:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing