O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MAXDUMI A'ZAM IJODIDA AXLOQIY QARASHLARNING AKS ETISHI

 
 

Mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan davlat mustaqilligini abadiy saqlab qolish yo‘lidagi asosiy tadrijiy masalalardan biri, tarixga nazar, Ya'ni ajdodlarning muqaddas xotiralari hamda bebaho meroslarini qayta tiklash va ta'limga bo‘lgan e'tiborni yuksaltirishdan iborat deb belgiladilar. Shu jumladan, 1992-1994 va 1997 yillar davomida Ta'lim to‘g‘risidagi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi joriy qilindi.

Mustaqillik yillarida Birinchi Prezident Islom Karimov rahnamoligida buyuk ajdodlarimiz hayotini o‘rganish va ular qoldirgan boy ma'naviy merosni tiklash va avaylab asrashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shular jumlasidan, mustaqillik yillarida Samarqand viloyati va Oqdaryo tumani hokimiyatlarining rahnamoligi hamda moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlashlari tufayli Hazrat Maxdumi A'zam dahmalari va ul zot nomidagi muhtasham masjid qayta ta'mirlanib, obod ziyoratgohga aylantirildi [3: 3].

Hazrat Maxdumi A'zam ko‘pgina davlat arboblari, olim-u, ulamolari va mutasavvif shayxlarni mukammal inson, o‘z sohasining yetuk namoyandasi bo‘lib yetishishiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk zot, mutafakkir alloma, mehribon murabbiy, siyosiy arbob va nufuzli tasavvuf shayxi bo‘lgan.

Rivoyat qilishlaricha, Maxdumi A'zam Kosoniy yashab ijod qilgan Samarqanddagi Dahbed qishlog‘ini, mahalliy xalq buyuk allomaga bo‘lgan hurmatlari yuzasidan “Hazrati Dahbed” deb tilga olishadi. Allomani e'zozlab, ot-aravada kelayotgan yo‘lovchilar qishloqqa 400-500 metr qolganda ulovdan tushib piyoda o‘tishgan.

Bahouddin Naqshband tariqatining davomchilaridan biri bo‘lmish Maxdumi A'zam Kosoniyning “Risolai mir'oti safo” asarida diniy va axloqiy qarashlari quyidagicha qayd etilgan: “Xudo sababsizdir. Xudo o‘z maskani uchun inson dilini ixtiyor etib, uning dili orqali o‘zini, o‘z jilvasini ko‘rish niyatida shu ishni qilgan ekan. Agar qaysi kishi o‘zining yurak oynasida Xudoning jilva qilishini xohlasa, u oyna yuzini berkitgan pardani olib tashlashi, ya'ni gunohlardan pok-lanishi kerak. Gunohlardan faqat poklik, toat-ibodat, xudo zikrida bo‘lish bilangina qutulish mumkin. Demak, kishi Xudoning jamolini ko‘rishga qat'iyroq harakat qilishi, haqiqiy oshiq bo‘lib ishqida kuyishi, yonishi kerak ekan va oqibatda bunday kishi haqiqatga yetib, haq visolini ko‘rishga muyassar bo‘lar ekan” [1: 88].

Birinchi Prezident Islom Karimov ham o‘tmishda ushbu avliyo ta'kidlagan insondagi botiniy dunyoqarashlarni hozirgi davr talabi ila quyidagicha ta'riflaydilar: “Bu dunyoda tabiatda ham, jamiyatda ham bo‘shliq bo‘lmaydi. Qayerdadir bo‘shliq paydo bo‘ldimi, hech shubhasiz, uni albatta kimdir to‘ldirishga harakat qiladi. Hozirgi kunda kim ko‘p ana shunday ma'naviy bo‘shliqni to‘ldirishga urinadigan, shuning hisobidan o‘zining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishni o‘ylab yurganlar ko‘p” [1: 46].

“Alloh O‘z nazargohini, – deydi Maxdumi A'zam inson qalbidan ixtiyor etgan ekan, bu qalb oynasini har xil g‘uborlardan toza tutish lozim. Xo‘sh, g‘uborning o‘zi nima? U odamga chirmashib olgan yomon xulq, yomon odat – dilozorlik, manmanlik, kibr, adovat, kek saqlash, haromxo‘rlik, o‘g‘irlik, kazzoblik, yolg‘onchilik, qimorbozlik, fohishabozlik va boshqa raftorlarki, hammasi birgalikda gunoh. So‘fiylar tilida “oyna g‘ubori” deyiladi. Modomiki, Xudo shu narsalarga qarshi ekan, har bir muslim kishi harakat qilib, shu g‘uborlardan o‘zini pok etishi kerak:

Odamni ayladim dunyoga ravon,

Jamolim u bilan sahroda hamon” [1: 67].

Shu ma'noda Birinchi Prezident Islom Karimov ta'kidlaganidek, “Ma'naviy tahdid deganda, avvalo, tili, dini, e'tiqodidan qat'iy nazar, har qaysi odamning tom ma'nodagi erkin inson bo‘lib yashashiga qarshi qaratilgan, uning aynan ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko‘zda tutadigan mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion xurujlarni nazarda tutish lozim, deb o‘ylayman” [1: 73].

Hazrat Maxdumi A'zamning bizgacha turli mavzularda yozilgan juda boy ilmiy merosi yetib kelgan. Maxdumi A'zamning asarlari keyingi besh asr davomida xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilingan va kishilar ma'naviy saviyasining yanada baland bo‘lishiga muayyan ta'sir ko‘rsatgan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Maxdumi A'zam Kosoniy qalamiga mansub yuzdan ko‘proq nusxalari saqlanishi fikrimiz isbotidir. Hazrat Maxdumi A'zam qalamiga mansub asarlarida asosan inson va xudo orasidagi munosabatlar, jism va ruh, axloq-odob, ishq, haqiqat, go‘zallik, adabiyot va san'at kabi yo‘nalishlaridagi mavzular yoritilgan.

Maxdumi A'zam insoniylik, odobu axloq, pok-lik, tozalik to‘g‘risida aytib o‘tilgan risolalarning hammasida ko‘p va xo‘p aytib ketgan, uning falsafasi-yu, ta'limoti ham faqat odob-u axloq nuqtai nazaridan yaratilgan.

Bunga uning quyidagi bayti misol bo‘ladi:

Odob yanglig‘ nurga to‘lmish bu falak,
Odobdin gunohsiz pok keldi malak
Har kimki, sohibi odob erur,

Qarilik paytida ijob erur.

“Risolai Batixiya”da ta'kidlanishicha, odam farzandini yo‘lga soluvchi ustod kerakki, uni yaxshi yo‘lga boshqarsin. Bunda ustodlar avvalo albatta ota-onalardir. Ular o‘z go‘daklariga, farzandlariga qanday ibrat ko‘rsatsalar, ya'ni yuqorida aytilganidek, uning tushunchasiga, qalbiga qanday urug‘ sepsalar, o‘shanday hosilga ega bo‘ladilar [2: 12].

Xullas, Maxdumi A'zam o‘z muxlislarini, soliklarni va umuman inson farzandini xayrixohlikka, odamiylikka, rahmdillikka, insonparvarlikka, hamjihatlikka da'vat qiladi. Bularning hammasining asosi esa imondir.

Kosoniyning “Risolai me'roj al-oshiqin” (Oshiqlar me'roji) nomli risolasida hukmdorlar poklikka, adlu shafqatga, xalq uchun kerakli bo‘lgan inshootlar bino qilishga, ya'ni obodonchilikni yo‘lga qo‘yishga, ilmu ma'rifatni rivojlantirishga ahamiyat berishlari kerakligi da'vat qilinadi [2: 13-14].

Xudo inson qalbida O‘z ruhini joylashtirgan ekan, u pok kishilar qalbidagina jilvalanar, ana shu sababdan ham gunohdan xoli bo‘lgan pokiza kishilar chiroyli ko‘rinar ekanlar, aslida esa bu go‘zallik Xudoning jilvasi ekan, chunki hammadan ham go‘zalroq, zot Xudodir, deydi.

O‘zlikni unutmagan holda, dunyoviy bilimlarni egallab yurt sharafini himoya qila oladigan barkamol avlodni tarbiyalash uchun nafaqat dunyoviy bilimlar berishimiz, balki diniy ta'limotni ham o‘rgatmog‘imiz kerak. Toki, yurtimiz farzandlari to‘g‘ri yo‘ldan hech bir ikkilanishlarsiz, birovlar ta'siriga tushib qolmay davom etsinlar. Shu o‘rinda har qanday bo‘hronlarga munosib javob bera oladigan darajada bilimga ega bo‘lishlari lozimdir. Har bir inson yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch ekanligini yodda tutmog‘i darkor. Zero, baquvvat iroda, eng avvalo, maqsadga erishishga bo‘lgan ishonchning tayanchidir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Ilyosxon G‘oziy. Maxdumi A'zam Imom al-Kosoniy. – T.: O‘zbekiston, 1996.
  2. Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch. – T.: Manaviyat, 2008.
  3. Nuriddinov A. Maxdumi A'zam Kosoniy. – T.: Fan, 2008.
Gavhar SUVONKULOVA,
Guliston davlat universiteti o‘qituvchisi

Kiritilgan vaqti: 16/09/2020 10:56;   Ko‘rilganligi: 1053
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/maxdumi-azam-ijodida-axloqiy-qarashlarning-aks-etishi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 12:52
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing