Mavlud oyi muborak
Islom ezgulik va yaxshilik ustida qurilgan, butun dunyo ulamolari buni bir ovozdan etirof etadilar. Quroni karimga nazar solsak buning guvohi bo‘lamizki «Bas, (Ey Muhammad) mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, uning eng go‘zaliga ergashadilar.Aynan o‘shalar alloh hidoyat etgan zotlardir,va aynan o‘shalargina aql egalaridir» (zumar 17,18oyat)shunday ekan Rabiul avval oyi bu – Allohning marhamati bilan mukammal ko‘rinishda butun insoniyatga islom dinini tarqatgan, butun insoniyatga Yaratguvchining eng oxirgi habibini bizu siz mo‘min musulmonlarga olloh tomonidan hadya etgan oy.
Qirq yildan keyin Alloh taolo Payg‘ambar mavqeini ato etgan go‘dak Muhammad 571 yil Rabiul avval oyining 11 va 12 kuni o‘rtasida haftaning Dushanba kuni tug‘ilgan deb hisoblash qabul qilingan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu dunyoni tark etishlari ham shu oyda ro‘y bergan. Biz bugun kutib olgan ushbu muqaddas oyda musulmonlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir qator voqealar yuz bergan. Bu, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijratga yo‘l olganlari, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anhoning tug‘ilishlari, birinchi masjidning bunyod etilishi va birinchi juma namozining o‘qilishidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlari insoniyatga hadya etilgan Alloh taoloning eng buyuk marhamatlaridan biri hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: «(Ey, Muhammad) Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik» («Anbiyo» surasi, 107-oyat).
Shuning uchun Rabiul avval oyi Alloh taoloning bu buyuk ne'matiga salovotlar aytish oyi hisoblanadi. Rabiul avval oyi davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayot yo‘llari haqida ma'ruzalar qilish, Rasuli Akramni ulug‘lab jamoatimiz bilan salavotlar aytish mavlud tadbirlarini o‘tkazish qabul qilingan. Axir Alloh taoloning o‘zi «Ahzob» surasining 56-oyatida bizlarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sharafiga salovot aytishga chaqiradi «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salovot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring». Ushbu oyni o‘zingiz uchun o‘zgacha qiling: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, ularning yaxshi fazilatlarini o‘rganing, ko‘p salovotlar ayting, kundalik hayotingizning har bir sohasida sunnatga jon baxsh etib, ibodatlaringizni ziyoda qiling.
L.Ibadullayev Samarqand tumani "Yangi masjid" imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 27/09/2023 16:23; Ko‘rilganligi: 949
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 17:58