O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MAVLIDU SHARIF TARIXI VA TARTIBOTLARI

 
 

Bashariyatni zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga olib chiqqan zot – Payg‘ambarimiz Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttolib (s.a.v.) Makka shahrida, Abdulmuttolib xonadonida milodiy 571 yilning to‘rtinchi oyining dushanba kuni tongda tavallud topdilar. Bu quvonchli hodisa hijriy-qamariy oy hisobida Robi'u-l-avval oyiningo‘n ikkinchi  (ba'zi manbalarda esa to‘qqizinchi, o‘n, o‘n birinchi) kuniga to‘g‘ri keladi, deyilgan. Shunga ko‘ra Robi'u-l-avval oyida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan kunlarini nishonlash, “Mavlidu-n-nabiy” marosimlarini o‘tkazish va u zoti sharif haqlariga duoi salovatlar aytish dunyo musulmonlari orasida keng tarqalgan. Mavlidu-n-nabiy uchun islom ulamolari tomonidan maxsus kitoblar ham tasnif etilgan. Shunday kitoblardan biri XIII asrda yashab o‘tgan arab olimi Imom Ja'far Barzanjiyning qalamiga mansub “Mavlidu-sh-sharif” kitobidir. Kitob nasr va nazmdan iborat bo‘lib, uni ulamolar yoddan bilganlar yoki savodxonlar majlislarda o‘qib berganlar.

Lekin turkiy xalqlarning ko‘pchiligiga ushbu arab tilidagi “Mavlidu-sh-sharif”ni ma'nolarini tushinish biroz qiyinchilik tug‘dirgan. Shuning uchun ular aksariyat hollarda Ahmad Yassaviyning Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqidagi hikmatlarini, Payg‘ambarimiz tarixi haqidagi rivoyatlarni va Payg‘ambarimizga salovatlar aytib, turkiy tildagi nazmiy mavlidlarni o‘qishgan. Turkiy aholi o‘rtasida Xilvatiy qalamiga mansub nazmiy mavlidkeng tarqalgan.  XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab ijod qilgan shayx Langariy shogirdlaridan biri Mulla Yo‘ldosh Xilvatiyga turkiy tilda Payg‘ambarimiz tavaludlari haqida bir kitob yozishni topshiradi. Xilvatiy m.1912/h.1330 yilda Payg‘ambarimiz tavaludlari haqidagi mavlid kitobini yozadi. Bu kitob xalq orasida “Mavlidu-n-nabiy” va “Mavlidi sharif turkiy” nomlari bilan shuhrat topadi.

Ammo hozirgi kunda mazkur marosimga qarshi turib, uni bid'atga chiqaradigan kishilar ham yo‘q emas. Mazkur holatlarni hisobga olib,Mavlid marosimlari va ularni o‘tkazish tartibi haqida dalillarga suyangan holda baholi qudrat o‘z fikrimizni e'tiboringizga havola qilsak.

Biz Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sababli, jaholatdan ma'rifatga, zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga musharraf bo‘ldik. Ul zoti muborak sabab iymon bilan ziynatlanib inson degan nomga loyiq bo‘ldik. Demak, biz musulmonlar Rasulullohning tavallud ayyomlarini bir bayram sifatida nishonlashimizni hamda u zoti sharif nomlariga hurmat ko‘rsatib, salovotu salaomlar aytmoqligimizni shariatga hech qanday xiloflik tomoni yo‘qdir. Shuningdek, fikrimiz isboti o‘laroq, bu to‘g‘rida oyat va hadislarga ham murojaat qilsak;

Alloh taolo Qur'oni karimni “Ahzob” surasining 56 oyatida shunday marhamat qilgan: “Albatta, Alloh ham Uning farishtalari ham payg‘ambarga duoyu solavot[1] ayturlar. Ey mo‘minlar, sizlar ham u zotga salovot va salomlar aytinglar!”.

Jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdan salovot va salomga oid: “Kimki, menga bir bor salovot aytsa, Alloh taolo unga o‘n bor salovot aytadi”, “Kim menga juma kuni bir bor salovot aytsa, Alloh taolo unga yetmish marta salovot aytadi”, “Allohga qasamki, men sizlarga o‘zingizdan ham, farzandlaridan ham, molu davlatidan ham va dunyodagi barcha insonlardan ham mahbubroq bo‘lmaganumcha sizlar haqiqiy mo‘min bo‘lolmaysizlar”, “Kimki juma kuni menga yuz bor salovot aytsa, Alloh taolo uni oxirat ishlaridan yetmishtasini va dunyo ishlaridan o‘ttiztasini ravon qiladi. ...”, “Kimki menga juma kuni salovot aytsa, qiyomatda u mening shafoatimdan nasibador bo‘ladi”, “Mening tavalludimga alohida e'tibor ila qaragan kishi uchun qiyomatda shafoatchi bo‘laman”mazmunidagi bir qancha hadislar vorid bo‘lgan.

Shu bois har yili Robi'u-l-avval oyida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavalludlari alohida e'tibor ila keng miqyosda nishonlanib, joylarda mavlid marosimlari o‘tkaziladi. Mavlid marosimlarida keng jamoatchilikka, bashariyatga yuksak namunani taqdim qilgan zot, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlari, xulqlari, siyratlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar berilib,o‘tganlar haqqiga xatmi Qur'on va u zoti bobarakotning haqlariga salovotu salomlar aytiladi.

Ammo, har bir marosim va ibodatda tartib bo‘lganidek, mavlid marosimlarining ham o‘ziga xos maqsad, tartib va talablari mavjud. Mavlid marosimlarini o‘tkazish yoki unda ishtirok etishdan ko‘zlangan savobga erishmoq uchun, ularga alohida e'tibor berish lozim bo‘ladi. Jumladan;

  1. Boshqa ibodatlarni bajarishda shart qilingani kabimavlidmarosimini o‘tkazuvchi (yoki marosimga boruvchi) kishiniyatini xolis qilmog‘i darkor, ya'ni marosimni o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yoki boshqalardan uyalganidan o‘tkazishi yoki shunday maqsadlar bilan mavlidga borishi noto‘g‘ridir. Mavlidga Alloh taolodan savob umidida,o‘tganlar haqqiga xatmi Qur'on bag‘ishlash va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haqlariga salovotu salomlar aytish;
  2. Marosimda ortiqcha dabdababozlikka va isrofga yo‘l qo‘yilmaslik;
  3. Mavlidmarosimini o‘tkazishdan (borishdan) maqsad, marosimda Rasulu akram sollallohu alayhi vasallamning siyratlaridan xabardor bo‘lish hamda boshqalarga hambuni so‘zlab berish va u zotga bo‘lgan qalblarimizdagi muhabbatni yanada ziyodalashtirish;
  4. Marosimda yoshi ulug‘larga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatish;
  5. Boshqalarga xalaqit beradigan, chalg‘itadigan ishlarni qilmaslik, zarurat bo‘lmasa so‘zlamasdan jim turish;
  6. Marosimda Alloh taolo va Uning Rasuli aytganidek u zoti bobarakot haqlariga duoi salovotlar aytishga, ko‘proq e'tibor berish lozim.

Mana shunday dalillarga va shariat ilmi peshvolari bo‘lgan imom-xatiblarimiz tavsiyalariga tayanib, bajarayotgan har bir ibodatimiz va marosimlarimizni ahli ilmlar bilan maslahat qilgan holda bajarsak, albatta amallarimiz chiroyli va maqbul bo‘lgay.

 

Nodir QOBILOV

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi,

DMT bo‘limi ilmiy xodimi.

 

[1]Arab tilida “solavot” so‘zi “salot”ning jami bo‘lib, duo ma'nosini anglatadi. Arabchada namoz ham “salot” deyiladi. Chunki namozda ham duo ma'nosi bor. Ammo “solavot” Alloh taolo tomonidan bandaga bo‘lganida “duo” ma'nosini yo‘qotadi. Alloh taoloning Payg‘ambarimiz sollallohu aldayhi vasallamga salovot aytishining ma'nosi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘z rahmatini yuborishi, ulug‘lashi, maqomlarini ko‘rsatishi va farishtalar huzurida sha'nlariga maqtovlar aytishini bildiradi.

 


Kiritilgan vaqti: 30/10/2020 10:15;   Ko‘rilganligi: 1960
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mavlidu-sharif-tarixi-va-tartibotlari
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 00:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing