MARHUM OLIMLARNING TIRIKLAR ZIMMASIDAGI HAQQI

Olimning o‘limi ko‘p-ko‘p yaxshilikning qo‘ldan boy berilishi bilan barobar. Uning tirikligi g‘animat, o‘limi musibatdir. Chunki olim o‘z nuri bilan yon-atrofiga ziyo taratib turuvchi shamga o‘xshaydi. Uning o‘limi ilmning kamayishi va ilmsizlikning ko‘payishiga, odamlarning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishishi va haqiqatdan uzoqlashishiga sabab bo‘ladi.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo bunday degan: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, Alloh odamlardanilmni birdaniga tortib olib qo‘ymaydi. Lekin uni olimlarning jonini olish bilan tortib oladi. Toki biror olim qolmagach, odamlar johil kimsalarni o‘zlariga boshliq qilib oladilar. O‘shalardan savol so‘rashadi, ular esa bilmay turib fatvo beradilar. Shu bilan o‘zlari ham zalolatga ketadilar, o‘zgalarni ham zalolatga yetaklaydilar”, deb aytayotganlarini eshitdim”(Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Hasan Basriy rahimahulloh: “Olimning o‘limi Islomdagi kemtik bo‘lib, uni zamonlar o‘tishi to‘ldira olmaydi”, degan (Ibn Abdulbar. Jomeu bayonil ilmi va fazluh. – B. 202).
Odamlar Said ibn Jubayr roziyallohu anhudan: “Qiyomat qoyim bo‘lishi va odamlar halokatga yuz tutishining qanday alomati bor?” deb so‘radi. U: “Olimlar vafot etib ketgan bo‘lishi”, deb javob berdi (O‘sha manba).
Insonlar saodati va yurtlar obodligi borasida ulamolarning o‘rni muhimligi uchun ular ana shunday buyuk daraja egalaridir. Musulmonlar ulamolarning vafotidan keyin ular oldidagi burchlarini ado etishlari lozim. Ularning burchi, jumladan, ushbulardir:
- Ularni faqat yaxshi gaplar bilan yodga olish, qilib ketgan xizmatlarini e'tirof etish.
Imom Tahoviy rahimahulloh: “Avvalgi ulamolarning salaflari va ulardan keyingi tobeinlar, olimlar, muhaddislar, faqihlar va mujtahidlar faqat yaxshilik bilan tilga olinadi. Ularni yomonlik bilan tilga olgan kimsa mo‘minlar yurgan yo‘ldan boshqasidadir”, degan.
Ha, olimlarni yaxshilik bilan tilga olish, ular haqida biron bir yomon gap gapirmaslikyoki ta'na qilmaslik zamirida Allohning quyidagi amrlariga itoat qilish bor:
“Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar”(Tavba surasi, 71-oyat), “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”(Mujodala surasi, 11-oyat) va “Agar uni Payg‘ambarga yoki o‘zlaridan bo‘lgan amirlarga yetkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o‘shalardan (so‘rab) bilaverar edilar”(Niso surasi, 83-oyat).
Demak, Alloh taolo yuqoridagi oyatlarda ilm ahlining darajasi, ilm va ulamolarning fazlini, O‘zi ularga ato etgan ilm ne'mati sababli darajalari boshqa mo‘minlarnikidan ko‘ra balandroq ekanini bayon qilgan. Shuningdek, mo‘min mo‘minning do‘sti ekanini, uni do‘st tutishini ham ta'kidlamoqdaki, bu do‘stlikning ma'nosi uni yaxshi ko‘rish va yordam berishdir. Ahli sunna val jamoa mazhabiga ko‘ra, ana shu yaxshi ko‘rish va yordam berish imonning kuchli yoki kuchsizligiga qarab farq qiladi. Binobarin, mo‘minning imoni mukammal bo‘lsa, boshqalardan ko‘ra o‘zining mo‘min birodarini ko‘proq yaxshi ko‘radi va unga yordam beradi.
Ma'lumki, ulamolar Qur'oni karimda ham, hadisi sharifda ham ham maqtab gapirilgan. Shunday ekan, yuqoridagi oyat va hadislar taqozosidan kelib chiqib, olimlarni do‘st tutish, yaxshilik bilan tilga olish, yaxshi ko‘rish va ularga yordam berish, ular haqida faqat yaxshi gaplarni gapirish lozim.
Qolaversa, diniy masalalarda xato qilgani uchun olimlarni ta'na qilish aslida barcha shariat ulamolarini ta'na qilish darajasida qabul qilinadi. Bu narsa odamlar qalbida ularga nisbatan ixlos va muhabbatning kamayishiga olib keladi. Natijada diniy ilmlardan o‘zlari bilmaganlarini to‘g‘ri kelgan manbalardan olaveradigan, oyat va hadisdan gapirgan har kimning ortidan ergashib ketaveradigan holatga kelib qoladilar. Bu esa musulmonlar birligi va yurt barqarorligiga raxna soladi.
- Olimlarning ummatga tekkan foydalari va yaxshi tomonlarini gapirib, ularning xizmatlari va nomlarini yoddan chiqarmaslik.
Bu ularning hayot yo‘llarini o‘qib o‘rganish, ilm talabida safar qilgan yurtlari va mehnatlari bilan tanishish, har bir zamonning o‘ziga xos turli xil ommaviy axborot vositalari orqali asarlarini keng targ‘ib qilish bilan amalga oshiriladi. Zero, qanchadan-qancha olimlar borki, vafot etib ketgan bo‘lsalar ham asarlari va qilgan ishlari bilan nomlari barhayotdir. Odamlarni mudom yaxshilikka, go‘zallikka va yaxshi odamlarga ergashishga targ‘ib qilib keladigan asarlar qoldirib ketgan.
Abu Bakr ibn Ayyosh rahimahulloh: “Haqiqatan, ahli sunna ulamolari o‘ladi, ammo nomlari barhayotdir. Bid'at egalari o‘ladilar, ularga qo‘shilib nomlari ham yo‘q bo‘lib ketadi. Chunki ahli sunna olimlari Payg‘ambar alayhissalom olib kelgan narsani hayotga tatbiq qilib yashaydi. Shuning uchun ularga ham Alloh taoloning: “Zikringizni (ismingizni) ham baland ko‘tarib qo‘ydik”(Sharh surasi, 4-oyat), degan so‘zidan bahramandlik nasib etdi.
Bid'at egalari Payg‘ambar alayhissalom olib kelgan narsani yomon ko‘rsatib yashaydi. Shuning uchun ularga Alloh taoloning: “(Ey Muhammad!) Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik”(Kavsar surasi, 3-oyat), degan so‘zidan munosib ulush tegadi”.
Qilishimiz lozim bo‘lgan ish ular ekib ketgan ko‘chatlarning pishib yetilgan hosilini terib olish, yozgan asarlaridan foydalanish, qilgan yaxshiliklarini e'tirof etish, ularni faqat yaxshilik bilan tilga olish va qalbimizni ularning muhabbati bilan sug‘orishdir.
Ilmni ularga nisbat berish ilmiy omonatdorlik hisoblanadi. Shu bois biror olimning kitobidan biror ma'lumotni naql qiladigan bo‘lsak, uning xizmatini unutmaslik, masalan, “Hofiz Falonchi aytib o‘tganidek”, “Shayx Falonchi ta'kidlaganidek”, deya ularning nomlarini ham tilga olib o‘tishimiz, odamlarga uni xuddi o‘zimiz topgan ilmiy yangilikdek qilib ko‘rsatmasligimiz kerak.
- Olim odamning janozasida ishtirok etish, ularga Allohning rahmatini tilab duo qilish.
Biror olim vafot etsa, uning janoza namozida qatnashish, unga Allohning rahmatini so‘rab duo qilish musulmonlarning yaxshilikka bo‘lgan ishonchini oshiradigan ishlardan hisoblanadi. Bu narsa ular o‘rtasidagi rishtaning mustahkamligidan dalolatdir. Chunki musulmon odam birodarining xursandchiligidan shod, xafaligidan mahzun bo‘ladi. Bu – musulmon birodarining haqqini ado etishning amaliy ifodasi ham. Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Musulmonning musulmondagi haqqi beshtadir.Salomgaalik olish, kasalni borib ko‘rish, janozaga ergashish, taklif etsa borish va aksa ursa “yarhamukallohu!” deb yaxshilik tilashdir”, deb aytayotganlarini eshitdim”(Imom Buxoriy rivoyati).
Vafotetib ketgan ulamolar haqiga Allohning rahmatini so‘rab duo qilishi, janozasida qatnashishi va boshqalar musulmonlar zimmasiga vojibdir. Masalan, Imom Ahmad ibn Hanbal vafot etganida musulmonlar xuddi shunday ish qilgan. Marvaziy rahimahulloh bunday yozadi: “Abu Abdulloh hijriy 241 (mil.855) yilning Rabiul avval oyidan ikki kun o‘tib, chorshanba kechasi kasal bo‘lib qoldi. Kasalligi to‘qqiz kun davom etdi. Bu xabarni eshitgan odamlar uni ko‘rish uchun oqib kela boshladi. Kecha-yu kunduz eshigining oldidan ketmadi. Oldiga kirishga izn berganida odamlar guruh-guruh bo‘lib uning oldiga kirar va unga salom berar, u esa qo‘li bilan ishora qilib, alik olar edi. Vafot etganida odamlar dod-voy solib yig‘ladi, hatto dunyo ham tebranib ketgandek bo‘ldi”.
Muso ibn Horun rahimahulloh bunday deydi: “Aytishlaricha, Imom Ahmad ibn Hanbal vafot etganida odamlar janoza namozi o‘qish uchun turgan tekis yerning maydoni o‘lchandi. U taxminan olti yuz mingdan ko‘proq odamni sig‘diradigan maydonga teng hududni tashkil etgan. O‘sha maydondan tashqarida, tepaliklar, tomlar va turli joylardagi ming-minglab musulmonlar bundan mustasno” (Ibn Javziy. Sifatus sofvati. J. 2. – B. 356-358).
Demak, olimlarning o‘limi og‘ir musibat, katta falokatdir. Chunki halol bilan haromni, foyda bilan zararni, haq bilan botilni bilib olishda ularning xizmatlari kattadir.
Imom Ojurriy rahimahulloh ulamolarning darajalari haqida gapirayotib bunday yozadi: “Ularning tirikligi g‘animat, o‘limlari musibatdir. Ular g‘ofillarga eslatma, johillarga ilm beradilar. Ulardan yomonlik va xavf-u xatar yetmaydi. Odoblari go‘zalligi uchun itoatkor bandalar savob ishda o‘zaro bellashadi, chiroyli pand-u nasihatlari sabab isyonkorlar to‘g‘ri yo‘lga qaytadi. Barcha odamlar ularning mehnatlariga muhtoj, qarshi chiqqanlarga ularning so‘zlarida hujjat bor. Ularga itoat qilish barcha odamlar zimmasiga vojib, itoatsizlik haromdir. Ularga itoat qilganlar to‘g‘ri yo‘lda, itoatsizlik qilganlar zalolatdadir” (Axloqul ulamo. – B. 6).
Xulosa qilib aytganda, musulmonlar ulamolarning haqqini ado etishi, hatto mavqelari, yaxshi ishlari, ilm va dinni keng tarqatishlarini yodda tutishi kerak. Bu – ularni yaxshi ko‘rish, obro‘larini himoya qilish va hurmatlarini joyiga qo‘yish bilan bo‘ladi. Chunki olimlar ta'na qilinadigan bo‘lsa, haybati yo‘qoladi, ilmni odamlarga yetkazuvchi kishilar aynan o‘shalar bo‘lgani uchun shariat ham odamlarga qadrsizdek ko‘rinib qoladi. Yetarli diniy ilmga ega bo‘lmagan kishilar o‘zlarining ilmga bo‘lgan ehtiyojlarini duch kelgan manbadan olaverishi, natijada o‘zlari va o‘zgalarning adashib qolishiga sabab bo‘ladi.
Alouddin Nematov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy
tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Kiritilgan vaqti: 27/10/2022 08:53; Ko‘rilganligi: 880
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 15:57





















