Libos – ayol kishining ko‘rkidir
Qur'oni karimda insonga o‘ziga qarab qalbini zikrulloh bilan poklab yurish, gunohga boshlovchi xayollarga berilmaslik, tanasini va kiyimlarini ozoda tutish amr etilgan. Ammo ayrimlar ruhining go‘zalligiga oro berib, tashqi qiyofasiga e'tibor qilmaydi, boshqasi esa buning aksini qilib tanasini bezaydi va qalb go‘zalligiga mutlaqo e'tiborsizlik qiladi.
Islom dinida axloqiy va hissiy go‘zallikning uyg‘unligi muhim sanaladi. Buni Jamoliddin Rumiy hazratlari “Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l”, deya juda ham chiroyli tushuntirgan. Boshqacha qilib aytganda, dinimiz insonlarga chiroyli kiyinishni taqiqlamaydi, aksincha, shunga da'vat etadi. Ammo bunda haddan oshilsa, kibrga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
“Ey Odam bolalari, har bir ibodat chog‘ida o‘z ziynatingizni oling. Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas.” (Oyati karimada kelganidek, kiyimsiz holda ibodat-tavof qilish yohud janda, yamoq-yasqoq kiyim bilan bajarish ibodat fazli va savobini ziyoda etmaydi. Lekin tabiati buzuq kimsalar taqvoni juldur kiyimlar ila hosil bo‘ladigan etib ko‘rsatishga harakat qiladilar. Alloh taolo esa haddan oshib faxr va g‘ururga ketishni qoralaganidek, uning past va tabiatsiz holda iste'mol qilinishini ham qoralaydi)” (A'rof surasi, 31-oyat).
Shubhasiz, musulmon ayolni boshqa ayollardan ajratib turadigan eng muhim jihati – hoh tashqi ko‘rinishi, hoh amali bo‘lsin, barchasida uning Alloh taolo amrlari va Nabiy sollallohu alayhi va sallam sunnatlariga amal qilishidir. Albatta, insonning yaratilishida boshqalarga o‘zining chiroyli va yaxshi eknligini ko‘rsatish hislati bor. Faqat bu tuyg‘uni o‘z o‘rnida qo‘llashi lozim. Islom dini inson bu tuyg‘uga haddan ziyod berilib ketmasligi uchun erkak va ayolga kiyinish borasida ba'zi taqiqlarni belgilab qo‘ygan. Ayniqsa, muslima ayol uchun belgilangan qoida – bu uning yarim-yalong‘och bo‘lib kiyinmasligidir. Ayolning ochilib-sochilib, yarim-yalong‘och kiyinib yurishi faqat bugungi kunning muammosi emas. Qadimda ham, ayollarning turli holatlarda bo‘lishi kuzatilgan. Shuning uchun Alloh: “O‘z uylaringizda qaror topingiz, (ko‘chaga chiqqaningizda) ilgarigi johiliyat (davri) yasanishidek yasanmangiz!... Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni obdon poklashni istaydi, xolos” (Ahzob surasi, 33-oyat).
Xulosa qilib aytganda, ayol kishi o‘ziga oro berish, ko‘chaga yasanib chiqishda ham me'yorni bilishi lozim.
Nozbuvi Temirova Viloyat bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi
Kiritilgan vaqti: 14/09/2023 08:37; Ko‘rilganligi: 787
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 17:55