O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

LAYLATUL QADR KECHASI VA UNING FAZILATI

 
 

Ramazon oyini Alloh taolo xossatan ummati muhammadiya uchun alohida barakotli, fazilatli qilib qo‘ygan. Ramazonning xususiyati, fazilati, barakasi juda ham ko‘p va beqiyos. Qur'oni karim mazkur oyda Lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga nozil qilingan. Bu oyda Jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopib qo‘yiladi, Allohning rahmatlari ko‘plab nozil bo‘ladi. Bu oyda shaytonlar va jinlarning ashaddiylari zanjirband qilinadi.Ushbu oyda bir fazilatli kecha borki, U kechaning fazli va barokati bemisldir. Bu “Laylatul-qadr” bo‘lib, uning boshqa oylardagi kechalardan sharofatli va ulug‘ ekanligi oyati karima va hadisi shariflar bilan sobit qilingan.

“(Ey Muhammad), Qadr kechasi nima ekanini sizga ne ham anglatur? Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”, deya Alloh taolo marhamat qilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollalohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur”(Muslim, Buxoriy va Termiziy rivoyatlari) – deb Qadr kechasining fazilatini bayon qilganlar.

Qadr kechasi to tong otgunga qadar tinchlik, osoyishtalik va salomatlik kechasidir. "Qadr" ulug‘lash, ta'zim qilish ma'nosini anglatadi. Ya'ni, bu kecha o‘ziga xos fazilatlarni o‘z ichiga olgani uchun qadri baland, ulug‘ kechadir. Shuningdek, bu tunni ibodat va zikr bilan qoim qilgan kimsa qadrli, ulug‘ inson bo‘lishiga ishoradir.

Laylatul qadrni Ramazon oyining qaysi kunlarida kutish haqida janobi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bir qator hadislarni Imom Buxoriy o‘z “Sahih”larida rivoyat qilganlar. Ularning ba'zilarida Laylatul Qadr Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida ekanligi haqida rivoyatlar keltirilgan bo‘lsada, Oisha raziyallohu anho rivoyat qilgan boshqa bir hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutinglar, deb aytdilar”, – deganlari qayd etilgan.

Oisha raziyallohu anho Payg‘ambarimiz alayhissalomdan Qadr tunida nima duo o‘qish haqida so‘raganlarida Nabiy sollallohu alayhi va sallam quyidagi duoni o‘qishni buyurganlar: “Allohumma innaka Afuvvun, Kariymun, tuhibbul-'afva fa'fu 'anniy” ya'ni, “Ey Alloh, Sen afu qiluvchi (kechirimli), Karamli, oliyjanob zotsan, mening gunohimni kechir!”. Demak, Qadr kechasi bo‘lishini umid qilgan holda ibodatlar bilan bedor o‘tkaziladigan kechalarda mazkur duoni ko‘p-ko‘p o‘qish sunnatga muvofiq hamda manfaatli bo‘lar ekan.

Faqih Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul g‘ofiliyn” asarida Muso sollallohu alayhi vasallamning Rabbiga munojoti va Alloh taoloning Muhammad alayhissalom ummatlariga qilgan ikromi haqida aytganlari orasida Qadr kechasi xususida quyidagilar keltirilgan:

“...Laylatul qadr kechasi esa, Alloh taolo Jabroil alayhissalomga yerga maloikalarning katta jamoasi bilan birga tushishni buyuradi. Unda ko‘k bayroq bo‘ladi. Uni Ka'baning yoniga qo‘yadilar. Jabroil alayhissalomning yetti yuzta qanoti bo‘lib, ikkitasi faqat Qadr kechasida yoyiladi. Yozilganda g‘arbdan sharqgacha oshib ketadi. Jabroil alayhissalom maloikalarni bu ummatga yuboradi. So‘ngra ular ummatning turgan, o‘tirgan, namoz o‘qigan, zikr qilganlariga salom beradilar. Ular bilan ko‘rishadilar va duo qilganlarida to bomdodgacha "Omin", deb javob berib turadilar.

Bomdod bo‘lgandan keyin Jabroil alayhis salom barcha maloikalarga, ketinglar-ketinglar, deb nido qiladi.

Ular: “Ey Jabroil, Alloh Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlari bo‘lgan mo‘minlarning hojatlarini nima qildi?” deb so‘raydilar.

Jabroil aytadiki: “Alloh taolo ularga nazar qilib, ularning gunohlarini afv etdi. Faqat to‘rt kishinikidan tashqari”.

So‘raydilar: “Ular kimlar, ey Jabroil?”

Javob beradiki: "Doimiy aroq ichuvchi, ota-onasiga oq bo‘lgan, silai rahmni uzgan, mushohin".

“Ey Jabroil, mushohin kim?” deb so‘raydilar. Aytadiki: "U xusumat qiluvchi", ya'ni, mo‘min birodariga uch kundan ortiq gapirmay yurgan kishi”.

Demak, ushbu rivoyatda zikr qilingan illatlar kimdadir mujassam bo‘lsa, u Qadr kechasining fazilatlaridan masvo bo‘ladi. Tezroq ulardan xalos bo‘lish choralarini ko‘rib, gunohlardan saqlanishga harakat qilishi lozim.

Xalqimiz orasida, bu kecha kim uxlab qolmasa Laylaktul Qadrni ko‘radi. U Laylak bo‘lib kun botar tomondan uchib keladi. Uning qanotlari oltindan bo‘ladi. U Laylakni ko‘rgan chog‘ida odam nimani tilasa tilagani bo‘ladi. Nimani ushlasa tillaga aylanadi yoki bo‘lmasa mana shu tunda uxlamasdan ulug‘ zotlarning qabrlariga, tabarruk ziyoratgohlarga piyoda borib, ziyorat qilinsa murod hosil bo‘ladi kabi noto‘g‘ri tushunchalar bor. Yuqorida aytganimizdek, Qadr kechasining savobli amallari haqida Islom dinining tabarruk manbalarida zikr qilingan. Undan tashqari har qanday amal bid'at hisoblanadi. Bid'at amal esa insonlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi.

Alloh taolo bandalari toat-ibodatni ko‘paytirib, yuqori darajalarga erishishlari uchun Qadr kechasini Ramazon oyiining oxirgi o‘nligida yashirdi. Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari o‘rnak bo‘lib, bu dahada oldingilaridan ko‘ra g‘ayratlari oshib, unda yanada ko‘proq ibodat bilan mashg‘ul bo‘lar va sahobalarni shunga chorlar edilar.

Bu sanoqli lahzalar ham yashin tezligida o‘tadi, ketadi. Shuning uchun, bu ulug‘ fursatni qo‘ldan boy bermay, u damlarni g‘animat bilib, ko‘proq ibodat qilaylik. Parvardigori olam hammamizni bu fayzli kechalarning xayru barakavaajru-savoblaridan bahramand bo‘lishimizni nasib etsin. Amin!


Kiritilgan vaqti: 30/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 5291
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/laylatul-qadr-kechasi-va-uning-fazilati
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 22:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing